Osoyishta Tehron oqshomi qo‘rqinchli tunga aylandi. Isroil havo kuchlari mamlakat poytaxti, shuningdek, provinsiyalarning qator hududlarini nishonga oldi. Bir kechada inqilobiy gvardiya, armiya hamda yadroviy dastur boshsiz qoldi.
Mamlakatning turli qismlarida yadroviy obyektlar, havo mudofaa tizimlari hamda boshqa qimmatli nishonlar yo‘q qilindi. Dunyoning ko‘plab davlatlari, jumladan O‘zbekiston tomonlarni vazminlikka chaqirib, deeskalatsiyaga undadi. Biroq Qo‘shma Shtatlarning ko‘plab siyosatchilari, jumladan senatorlar ilk daqiqalardan boshlab Isroilga chuqur qo‘llovini izhor qildi.
Vakillar Palatasiga Kaliforniya shtatidan saylangan demokrat senator Adam Shiff shular jumlasidan. U vaziyatga birinchilardan bo‘lib o‘z munosabatini bildirib, voqealarni kuzatib borayotganini aytdi. Siyosatchi Eronni “zararli faoliyat yurituvchi davlat va terrorizmni qo‘llab-quvvatlovchi homiy” deya ta‘riflab, u hech qachon yadroviy qurolga ega bo‘lmasligi kerakligini ta’kidladi. Shuningdek, “har tomondan yuzma-yuz xavf ostida qolgan Isroil xalqiga yuragi achishi”ni aytib, Oq uyning eng muhim vazifasi yahudiy davlatining himoyasi hamda mojaro kengayishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘lishi kerakligini ma’lum qildi.
“Men Isroilning o‘zini mudofaa qilish, ayniqsa, Erondan kelayotgan bevosita tahdidga qarshi kurashish huquqini qo‘llab-quvvatlayman. Hozirgi vaziyatda ma’muriyatning eng muhim vazifasi Isroilni himoya qilish, xavfsizlik istayotgan amerikaliklarni asrash va mojaro kengayishining oldini olib, diplomatiya yo‘lini qayta ochishdan iborat bo‘lishi kerak”, degan Adam Shiff.
Amerika-Isroil Jamoatchilik bilan aloqalar qo'mitasi (AIPAC) tomonidan siyosatchilarga berilgan homiylik mablag‘larini kuzatib boradigan AIPAC Tracker sahifasi senatorning X tarmog‘idagi posti ostida izoh qoldirdi. Ma’lum bo‘lishicha, Adam Shiff o‘z faoliyati davomida yahudiy lobbisidan 6 million 234 ming AQSH dollari miqdorida donorlik mablag‘lari qabul qilib olgan.

Isroilning hujumlarini oqlash kompaniyasiga Arkanzasdan senator Tom Kotton ham qo‘shildi. Eron va uning ittifoqchilariga qarshi keskin ritorikasi bilan tanilgan siyosatchi Tehronni terrorizmga xomiylik qilishda aybladi. Shu bilan birga, minglab amerikaliklarning qoni uchun ular javobgarligini da’vo qildi.
“Eron – terrorizm homiysi bo‘lgan dunyodagi eng yomon davlat bo‘lib, minglab amerikaliklarning o‘limida aybdor. U nafaqat yadroviy qurol, balki AQSHni nishonga olishi mumkin bo‘lgan raketalarni ham ishlab chiqishga urinmoqda. Biz Isroilni to‘liq va so‘zsiz qo‘llab-quvvatlaymiz — oxirigacha”, degan u.
AIPAC Tracker sahifasiga ko‘ra, senator Isroil manfaatlarini ilgari surish uchun yahudiy donorlardan bir million dollardan ortiq mablag‘ olgan.
Mojaro yangi fazaga chiqishidan bir necha kun oldin Eron rasmiylari uranni boyitish bo‘yicha sentrifugalar zamonaviysiga almashtirilishini aytgan edi. AQSH Senatiga Texasdan saylangan Ted Kruz buni eslatib, bu Trampning murosa siyosatiga teskari harakat bo‘lganini, Isroilning zarbalari esa mana shuning oqibati bo‘lganini ta’kidladi. U bu haqda yangiliklar telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi. Shu orqali senator Eroning yadroviy obyektlariga hujumlarni qo‘llab-quvvatladi. Biroq bu AIPAC Tracker sahifasi e’tiboridan chetda qolmadi. Siyosatchiga u Isroilga aloqador siyosiy donorlardan qariyb 2 million dollar olgani eslatib qo‘yildi.
Vakillar palatasi a’zosi demokrat senator Bred Shnayder Eron uzoq yillardan buyon “Isroilni xaritadan o‘chirish uchun harakat qilayotgani, bu yo‘lda HAMAS, “Hizbulloh” va Husiylarni qo‘llab-quvvatlayotganini aytdi. Siyosatchi ayni shu sabab Isroilning birinchi bo‘lib zarba berganiga tushunish bilan qarashini ma’lum qildi. U, shuningdek yadroviy qurolga ega Eron nafaqat Isroil, balki butun dunyo uchun ham jiddiy tahdid tug‘dirishini ta’kidladi. AIPAC Tracker sahifasiga ishonilsa, Isroil lobbisi uning saylov kompaniyalarini qo‘llab-quvvatlash uchun 1 million, 300 ming AQSH dollaridan ko‘proq mablag‘ sarflagan.
“Xudo Isroilni yorlaqasin”
O‘z saylov kompaniyalarini AIPAC kabi lobbi tashkilotlar yordamida moliyalashtirgan senatorlarning aksariyati Isroilning harakatlarini Eron tinchlik uchun tahdid solishi, Qo‘shma Shtatlar bilan murosaga borishni istamagani hamda yadroviy qurol yaratishga intilayotgani kabi vajlar bilan oqlashga harakat qildi. Biroq Respublikachilar partiyasidan Keti Britt hamda yana bir respublikachi Jon Buzman Isroil uchun duo qilishlarini aytdi. Ular yahudiy davlatiga qo‘llovini shu orqali bildirishdi. AIPAC Tracker sahifasi ularning X tarmog‘idagi postlari ostida izoh qoldirib, Isroil manfaatlarini pul evaziga ilgari surishda aybladi.

Isroilning Eronga zarbalari
AQSH prezidenti Donald Tramp Eron bilan yadroviy dastur bo‘yicha muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirganini aytganidan bir necha kun o‘tib, Isroil Eron yadroviy obyektlari, raketa ishlab chiqarish korxonalari, omborlar hamda havo mudofaa tizimlari nishonga olingan amaliyot o‘tkazdi. Yahudiy davlati, bundan tashqari, Eron harbiy establishmenti hamda yadro-fiziklariga zarba berib, muhim figuralarni o‘ldirdi. Natijada Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Bosh qo‘mondoni general Husayn Salamiy va Eron qurolli kuchlari Bosh shtabi rahbari general-polkovnik Muhammad Bagheriy qurbon bo‘lgan.
AQSH prezidenti Donald Tramp voqea yuzasidan bayonot berib, kelishuv uchun Eronga ko‘p imkoniyatlar berganini ta’kidladi. Shuningdek, Tehronni oqibatlar haqida jiddiy ogohlantirganini aytdi.
“Qo‘shma Shtatlar dunyodagi eng kuchli va eng halokatli qurollarni ishlab chiqaradi — Isroilda ularning ko‘pi bor va yana ko‘pi yo‘lda. Ba’zi eronlik qattiqqo‘l mulozimlar o‘zlarini qo‘rqmas qilib ko‘rsatdi — endi ularning bari O‘LDIRILDI”, degan Oq uy rahbari.
Birinchi bayonotdan ko‘p o‘tmay, Donald Tramp mojaroni to‘xtatish uchun hali ham kech emasligini aytib, navbatdagi bayonotini e’lon qildi. U Eronni muzokaralarga chaqirgan.
Izoh (0)