Amadeo Jannini butun umr halovatga intildi va hech qachon boy bo‘lishni istamadi. Ayrim zamondoshlari uni “italiyalik jo‘jaxo‘roz” deb atagan bo‘lsa-da, aynan u dunyodagi eng yirik moliyaviy imperiyalardan biri — Bank of America’ning asoschisiga aylandi. “100 buyuk inson” loyihasi doirasida dunyo banklarini zabt etgan italiyalik bankir haqida hikoya qilamiz.
Amadeo Petro Janninining 1870-yilda San-Xoseda dunyoga kelishi Kaliforniya shtati uchun ulkan yutuq edi. Bir tomondan genuyalik immigrantning o‘g‘li ulkan imkoniyatlar o‘lkasida tug‘ilgan bo‘lsa, boshqa tomondan mazkur shtatning iqtisodiy barqarorligini aynan Janninining xizmatlariga bog‘lashadi — u eng badavlat va ta’sir doirasi kuchli bankirga aylanganida, shtatdagi biznes hamda infratuzilmani rivojlantirish uchun pul ayamadi.
31 yoshida nafaqa
Amadeoning ota-onasi — Virjiniya va Luiji Janninilar AQSHga barcha kabi ishlash va pul topish maqsadida keladi. Avvaliga ular to‘plagan puliga shaxsiy mehmonxona ochadi, keyinroq ferma sotib oladi. Ammo o‘g‘lining tug‘ilganidan sakkiz yil o‘tib, Luiji janjalda o‘ldirib ketiladi. Ona esa italiyalik boshqa bir immigrantga — Luka Skatenga turmushga chiqadi va oila San-Fransiskoga ko‘chib o‘tadi.
O‘gay ota u yerda oziq-ovqat mahsulotlarini sotishga ixtisoslashgan firma ochadi va Amadeo 14 yoshga to‘lmasidan ishlarda yordamchiga aylanadi. 20 yoshga to‘lganida Amadeo Scatena & Co firmasining teng huquqli sherigi va yarmiga egalik qiluvchi yigit edi. 1892-yilda Amadeo Jannini o‘ziga to‘q oilaning qiziga uylanadi. Rafiqasining otasi Jozef Kuneo San-Fransiskodagi Nort-Bich dahasida ko‘chmas mulk savdosi ortidan boyib ketgandi.
Oradan to‘qqiz yil o‘tgach savdodan zerikkan Jannini biznesi bilan xayrlashadi. Kompaniyani sotish va ko‘chmas mulklarga tikkan foydali investitsiyalaridan qo‘lga kiritilgan 100 ming dollar Amadeoga 31 yoshidayoq “nafaqaga chiqish” imkoniyatini beradi — bu mablag‘ o‘sha vaqtda oilani uzoq yillar ta’minlashga bemalol yetardi.
Ammo dam olish uzoqqa cho‘zilmaydi, bir yildan keyin Amadeoning qaynotasi biror bir vasiyat qoldirmay vafot etadi. Ayolining qarindoshlari Amadeodan Jozef Kuneodan qolgan meroslarni boshqarishni iltimos qiladi. Marhumning mulklari orasida Columbus Saving and Loan mahalliy bankida ulushi ham bor edi. Amadeo ushbu bank boshqaruvchisi lavozimiga o‘tiradi va uning bankirlik faoliyati boshlanadi. Bank badavlat insonlar va ishonchli mijozlar uchun zayom berish bilan shug‘ullanardi.
Hamma uchun mo‘ljallangan bank
O‘sha vaqtda umumiy amaliyot shunday edi: XX asr boshlarigacha Amerika banklari pulni katta biznes va o‘ziga to‘q mijozlarga ajratardi. Banklar elita qatlamga oidlikni bildirar, House of Morgan’da kimdir hisob ochish, yoki kredit olish oddiy inson uchun Bukingem saroyida tunab qolishdan ham qiyin edi. Va bu “ibodatxona”ga Amadeo Jannini o‘z qoidalari bilan kirib keldi. U San-Fransiskodagi nufuzli oilalar bilan cheklanish ortidan bank o‘sish va potensial foydadan mahrum bo‘layotganini bildiradi.
Jannini G‘arbga yaqinda ko‘chib kelgan o‘rta qatlamga oid yangi mijozlarga kichik miqdorda zayom berishni taklif qiladi. Ammo boshqaruvning boshqa a’zolari bunga mutlaq qarshi chiqadi, Jannini esa o‘z qarori to‘g‘riligiga ishonar va konservativ hamkasblarini ishontirishga umid qilolmasdi.
1904-yilda u Columbus Saving and Loan’ni tark etadi. Jannini boshqa biznesmenlar bilan 300 ming dollar to‘plab, Bank of Italy bankiga asos soladi. Nort-Bichdagi italiyaliklarning sobiq qovoqxonasida joylashgan bank boshqalarnikiga o‘xshamasdi. U “umrida bankdan foydalanmagan insonlar uchun bank” edi. Ipoteka, avtomobil xaridi uchun keditlar, iste’mol zayomlari, ssudalar, bo‘lib to‘lash sharti bilan qarzlar va boshqa bank xizmat turlari oddiy ishchilar uchun haqiqatga aylandi. Bank of Italy ish boshlaganining dastlabki kunlaridayoq kelib chiqishi italiyalik bo‘lgan savdogarlar, baqqollar va boshqa kichik tadbirkorlar u yerga omonat qo‘yishni boshlagani bejizga emasdi.
Bank of Italy jismoniy shaxslarga 25 dollardan 375 dollargacha ipoteka krediti ajrata boshlaydi. Bunda ssuda mijozning mavjud kapitalidan kelib chiqib emas, balki uning ishonchli ekanini belgilovchi psixologik baholashga asoslanib ajratilardi. Janninining banki San-Fransiskoga yaqindagina ishlash niyatida kelgan immigrat ayolining tug‘urug‘i uchun ham osongina pul ajratar, shu bilan birga odamlarda “halol inson” sifatida taassurot qoldirardi.
Boshqa bankirlardan farqli o‘laroq Jannini o‘rta qatlamdan tashrif buyuruvchilarga tepadan qaramasdi, aksincha, yangi mijozlarga har tomonlama ko‘maklashishga urinardi. U xodimlardan ham notanish insonlarga bank jarayonlarida ko‘mak berishga va ingliz tilini yaxshi bilmaydigan insonlarga hujjatlarni to‘ldirishga tayyor turishni so‘rardi.
U gazetalar va jamoat joylariga “Pul bor bo‘lsa, qarz beramiz” uslubidagi reklama e’lonlarini joylashtiradi, o‘zi ham ko‘chada o‘tgan-ketganlarga banki haqida ma’lumot tarqatishdan uyalmas edi. Natijada Bank of Italy’ga nafaqat italyanlar, balki Meksika, Xitoy, Gretsiya, Portugaliya va Rossiyadan kelgan migrantlar ham omonat qo‘ya boshlaydi. O‘z davri uchun nostandart bo‘lgan ishlash uslubi va Amadeo Janninining shaxsiy reputatsiyasi tez orada meva bera boshlaydi: bir yildan keyin Bank of Italy’ga qo‘yilgan omonatlar miqdori 700 ming dollardan oshadi.
Oltin yombilar va Gollivud
1906-yili, bank ochilganidan ikki yil o‘tib kuchli zilzila San-Fransiskodagi ko‘plab uylarni, jumladan, shahar markazidagi ulkan binolarni vayron qiladi va yong‘inlar yuz beradi. Amadeo shu kuni harakatsiz o‘tirmaydi, naqd ko‘rinishda bo‘lgan 80 ming dollarini apelsinlar uchun mo‘ljallangan qutidan olib, tumanning xavfsiz joyiga ko‘chiradi. Bank of Italy tabiiy ofatdan to‘qqiz kun o‘tib, yana faoliyatini yo‘lga qo‘yadi — boshqa banklar ishi esa uzoq vaqtga to‘xtab qoladi.
Jannini ofatdan shaxsiy biznesi uchun manfaatli foydalanish mumkinligini tushunib yetadi. U vaqtincha ofis ochib, San-Fransisko aholisiga yangi qurilishlar uchun kredit bera boshlaydi. Mubolag‘asiz aytish mumkinki, bu pullar shaharni qayta tiklashda muhim o‘rin tutadi. Bank of Italy’ga bo‘lgan ishonch sabab yangi mizojlar oqib kela boshaydi. Zilziladan 1,5 oy o‘tgach esa qo‘yilayotgan omonlar hajmi ajratilayotgan kreditdan oshib ketadi.
Amadeo 1907-yilda, AQSHda bank vasvasasi boshlanganida ham o‘zini tutib qoladi. U birinchilardan bo‘lib moliyaviy beqarorlik yaqinlashayotganini xis qiladi va bankning oltin zaxirasini oshirishga kirishadi. Bundan tashqari, u depozitlar jalb qilishni boshlaydi va kredit ajratishni cheklaydi. Oqibatda kutilgan voqea sodir bo‘lganida bank hatto raqobatchilari kabi hisobraqamlardagi pullarni yechib olish jarayonini qiyinlashtirmaydi ham. Oltin yombilarni esa namoyishkorona tarzda kassalar derzasi ostiga joylashtiradi.
Oradan bir yil o‘tgach Jannini filiallarini ochish g‘oyasiga qiziqib qoladi. Bank inqirozidan keyin bu g‘oyani amalga oshirish to‘xtab qolgandi va 1909-yilga kelibgina bunga imkoniyat paydo bo‘ladi. Shu yili Kaliforniya shtatida California Bank Act hujjati qabul qilinadi va banklarga filial ochishga ruxsat beriladi. Jannini shu yilning o‘zidayoq birinchi filialini San-Xoseda ochadi, 1918-yilga kelib Bank of Italy’ning Kaliforniya bo‘ylab filiallari 24 taga yetgandi. 1920-yillar o‘rtasida esa Janninining banki AQSHdagi eng yirik bankka aylandi.
Amadeo kino sanoatini moliyalashtirish bilan faol shug‘ullandi. Xususan, ukasi Attilio unga Charli Chaplin ismli yosh komikni tanishtiradi — bu vaqtda Chaplin yangi loyihasi uchun investor topa olmay yurgandi. Jannini Chaplinning “Kichkintoy” filmiga 50 ming dollar tikadi. 1923-yilda kino arborlari uchun 6 foizli kredit ajratishni boshlaydi, Nyu-York banklari bo‘lsa 20 foiz olardi. Umuman olganda Amadeo faqat tijoriy muvaffaqiyatni o‘ylamasdi, u ma’lum iqtidorga ega kinematograflarga ham pul berib yuboraverardi.
Chaplin bilan tanishuvdan yetti yil o‘tib, Jannini Uolt Disney bilan do‘stlashib qoladi va uning birinchi rangli to‘liq metrajli multfilmi — “Oppog‘oy va yetti gnom”ni moliyalashtiradi. 1930-yillar boshi va 1940-yillar oxiriga qadar Jannini 500 ga yaqin turli filmarga yarim milliard dollardan ortiq pul tikadi.
“Boy bo‘lishni istamayman”
Shuncha loyihalarga qaramay, Amadeo parallel ravishda biznesini kengaytirishda davom etadi. Nyu-Yorkdagi italyan jamiyati rahbarlari unga depozit bankini tashkil etishda yordam so‘rab murojaat qilganlarida, u East River National Bank’ni, keyin esa Italiyadagi Banca Meridionale tarmoqlarini sotib oladi — bu xalqaro bank tizimi yo‘lga qo‘yilayotganini bildirardi. 1928-yilda Amadeo Jannini banklarini TransAmerica Corporation nomi ostida birlashtiradi.
1920-yillar oxirida Jannini Bank of Amerika asoschisi va prezidenti Orra Monettaga birlashish taklifini bildiradi. Bitim 1929-yil boshida yakunlanadi, 1930-yilda esa qayta tashkil etish yo‘li bilan Jannini mavjud Bank of America brendi ostida yangi kompaniyaga asos soladi. 1939-yilga kelib bankning aktivlari 6 milliard dollarga yetadi, 1945-yilda esa u aktivlari qiymati bo‘yicha dunyodagi eng katta bankka aylanadi.
Jannini barchasini to‘g‘ri qilganiga Buyuk depressiya vaqtida Bank of Amerika AQSH sanoati va qishloq xo‘jaligini moliyalashtirishni davom ettirgani ham misol bo‘la oladi. San-Fransiskodagi “Oltin darvozi” ko‘prigi esa Amadeosiz qurilmagan bo‘lardi. 1929-yilgi birja inqirozidan keyin Kaliforniya shtati bunday loyihaga qo‘l ura olmas edi va uni moliyalashtirish uchun 38 million dollarlik obligatsiyalar chiqariladi. Bu qog‘ozlarga esa talab yo‘q edi. Shunda Jannini va uning banki vaziyatga yechim topib, butun emissiyani sotib oladi.
1931-yilda Amadeo hayotida ikkinchi marta halovatga ketishga qaror qiladi — u ishlarni Uoll-stritdan kelgan bankir Elis Uokerga topshirib, Yevropaga yo‘l oladi. Ammo nafaqa davri uzoq davom etmaydi: kompaniyaning yangi prezidenti bank tarmog‘ini Uoll-stritdagi do‘stlariga sotib yuborgan reyder bo‘lib chiqadi. Jannini AQSHga qaytib keladi va uzoq mojarodan keyin bankni qaytarib oladi. U shundan keyin nafaqaga ketish haqida boshqa o‘ylamaydi va umrining oxiriga qadar bank direktori lavozimida qoladi.
Bank of America’ning aktivlari yarim milliard dollardan oshsa-da, Amadeo Janninining o‘z mablag‘i 500 ming dollarni tashkil etardi va u boshqa pulga muhtoj emasdi. U boylikka nisbatan munosabatini quyidagicha ifodalagan: “Men boy bo‘lishni istamayman. Boylikka haqiqatda egalik qiladigan inson yo‘q, boylik insonga egalik qiladi”.
Izoh (0)