AQSH prezidenti Donald Tramp Ukraina mojarosini hal etishda “ilgari siljish bo‘lmaganda” Rossiya va Ukrainaga nisbatan bosim o‘tkazish ehtimolini rad etmadi. Bu haqda Amerika rahbari Oval kabinetda Germaniya kansleri Fridrix Mers bilan uchrashuvda ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Fox News.

“Agar bu mojaroning tugamasligini anglasam, biz juda qattiq choralar ko‘ramiz. Ochig‘ini aytganda, bu ikkala mamlakatga ham ta’sir qilishi mumkin”, dedi Amerika rahbari.
Tramp tinchlik kelishuvini tuzish muddatini “xayolida” saqlab turganini ta’kidladi va agar mojaroni hal qilish urinishlari muvaffaqiyatsiz bo‘lsa, “Rossiya yoki boshqa biror-bir tomon” bo‘lishidan qat’i nazar, AQSH juda qat’iy pozitsiyada turishini ta’kidlagan.
“Amerika yana bir bor bu urushni to‘xtatish uchun muhim o‘rin egallamoqda. Keling, birgalikda nima qila olishimiz haqida muhokama qilaylik”, deya javob berdi Mers.
Germaniya kansleri Germaniyaning Ukrainani qo‘llab-quvvatlayotgani va shu sababli Rossiyaga kuchli bosim o‘tkazishga intilayotganini ta’kidlagan. Mers bu mavzuni muhokama qilish zarurligini qo‘shimcha qilgan va Tramp bu haqda gaplashishga va’da bergan.
Shuningdek, Tramp so‘nggi kunlarda Ukraina atrofidagi vaziyat keskinlashganidan noroziligini bildirgan. Shu bilan birga, AQSH prezidenti Ukrainadagi vaziyatni tartibga solish masalasida hamon muvaffaqiyatga umid qilayotganini ta’kidlagan.
Bundan avval Axios portali Tramp Ukraina Qurolli kuchlarining Rossiya aerodromlariga hujumi va Rossiyaning ehtimoliy javobi Ukraina mojarosini hal qilish bo‘yicha diplomatik sa’y-harakatlarga to‘sqinlik qilishidan tashvishlanmoqda va xavotirda ekanligi haqida xabar bergandi.
AQSH prezidenti Donald Tramp rossiyalik hamkasbi Vladimir Putin bilan 4-iyun kuni telefon orqali muloqot qildi. Suhbatda tomonlar Ukrainaning “O‘rgimchak to‘ri” nomi ostida Rossiya harbiy aerodromlariga qilgan operatsiyasini ham muhokama qildi.
Muloqot davomida Putin Ukrainada yaqin orada tinchlik bo‘lishini kutmaslik kerakligini bildirgan. Shuningdek, u Moskva aerodromlariga uyushtirilgan hujumga javob qaytarilishini ta’kidlagan.
Izoh (0)