Turk ijodkorlari tomoshabinlarni yangi va yorqin loyihalar bilan quvontirish uchun kun-u tun ijod bilan band. Ba’zi film va seriallar darhol e’tiborni jalb qiladi, boshqalari esa ular orasida yo‘qolib ketishi mumkin.
“Faqat sen” (2014)
Bosh rollarda: Ibrohim Chelikkol, Belchim Bilgin, Kerem Jan va boshqalar
Bir vaqtlar Ali umidli bokschi edi. Ammo qamoqxonada o‘tirib chiqqach, avtomobil to‘xtash joyida qorovullik qiladi va suv yetkazib berish bilan shug‘ullanadi. Taqdir taqozosi bilan u Hazal ismli yosh, ko‘zi ojiz qizga duch keladi. Fojiadan so‘ng Hazal ko‘rish qobiliyatini deyarli yo‘qotgan, faqat ozgina yorug‘likni ilg‘ay oladi, xolos. Hazal va Ali turli dunyolarga mansub bo‘lsalar-da, aynan bir-birlarida o‘zlariga kerak bo‘lgan qo‘llab-quvvatlashni topadi. Biroq hayotlarining eng baxtli damlarida bosh qahramonlar qizning ko‘rligi tez kuchayib borayotganini va uning hayoti qil ustida turganini bilib qolishadi.
“Eflatun” (2022)
Bosh rollarda: Kerem Bursin, Irem Helvajiolu, Melisa Akman va boshqalar
Oflaz tashqi ko‘rinishdan hayotda hamma narsaga ega bo‘lgan yosh yigit. U oilaviy biznes merosxo‘ri, unashtirilgan qizi bor va yaqin orada oila qurishi kerak. Biroq Oflaz o‘zini yolg‘iz va baxtsiz his qiladi, fotosuratchi bo‘lishni orzu qiladi. Bir kuni u ustaxonaga otasining soatini olib boradi va u yerda Eflatun ismli ko‘zi ojiz qiz bilan tanishib qoladi. Eflatun soat ta’mirlash ustasi bo‘lib ishlaydi. Ikki yolg‘iz qalbning tasodifiy uchrashuvidan so‘ng, ular o‘z hayotlariga boshqacha nazar tashlashadi.
“Qayta birlashish” (2019)
Bosh rollarda: Qodir Dog‘ulu, Devrim O‘zkan, Mehmet O‘zgur va boshqalar.
Solih omadi chopgan antikvar. U noyob buyumlarning sehrli xususiyatlarini ko‘ra oladi va u bunday buyumlarning haqiqiy egasini topishga yordam beradi. Aziz esa g‘ayritabiiy narsalarga ishonmaydigan muvaffaqiyatli, xavfli va sovuqqon biznesmen. Bir kuni Farida Solih bergan soatni Azizga olib kelgach, erkakning hayoti tubdan o‘zgara boshlaydi. Dastlab u atrofida sodir bo‘layotgan g‘alati hodisalarga e’tibor bermaslikka urinadi, biroq vaqt o‘tishi bilan ularni e’tiborsiz qoldira olmaydi. Buning ustiga, Aziz nima uchun xayoli faqat o‘zining g‘alati tasavvurlari emas, balki Farida haqida ham band bo‘lganini tushunolmaydi.
“Men bilan qol” (2018)
Bosh rollarda: Chag‘lar Ertug‘rul, Merich Aral, Murat Aygen va boshqalar.
Amir oddiy tadbirkor emas, balki haqiqiy mehnatsevar. Uning yaxshi ishi, hashamatli uyi va qimmat mashinasi bor-u, ammo shaxsiy hayoti yo‘q. Amir go‘yoki butun dunyodan o‘zini devor bilan to‘sib olgan, hech kimni yaqiniga yo‘latmaydi. Aslida, atrofdagilardan uzoqlashib, butunlay ishga sho‘ng‘ib ketgan bu odam shunchaki otasining vafotidan keyin qolgan og‘riqni yengishga urinmoqda. Zaynab bilan tasodifan tanishuv uni o‘z hayotiga boshqacha nazar tashlashga majbur etadi. Xushchaqchaq, dilkash va quvnoq qiz go‘yo Amirda hayotga ishtiyoq uyg‘otadi, biroq ayni paytda u o‘z sirini har qanday yo‘l bilan yashirishga urinadi.
“Chayon” (2020)
Bosh rollarda: Evrim Alasya, Beril Pozam, Yusuf Chim va boshqalar.
Ko‘p yillar oldin Perixan o‘zining kichkina qizini eri bilan qoldirib, yangi hayot boshlagan. U badavlat odamga turmushga chiqib, yana bir qizaloq — Bernani dunyoga keltiradi va uni mehr-muhabbat bilan tarbiyalaydi. Birinchi farzandining taqdiri bilan hech qachon qiziqmagan, uni shunchaki zolim otasining qaramog‘iga topshirib qo‘ygan edi. Yillar o‘tib, otasiga tashlab ketilgan Ferda Merve ismli qizni dunyoga keltiradi va kichik sartaroshxona ochadi. Biroq ayolni onasiga bo‘lgan ranjish va uning xiyonatidan qolgan alam qiynaydi. Ferda kichik singlisining eri bo‘lgan tadbirkor Fikret bilan uchrasha boshlaydi. 40 yildan so‘ng Perixan yana birinchi qizi bilan uchrashadi, ammo bu uchrashuv dahshatli oqibatlarga olib keladi.
Izoh (0)