Jigar sog‘lig‘iga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan ichimliklar ro‘yxati ko‘p: birinchi navbatda alkogol, undan keyin gazli ichimliklar, qog‘oz paketda sotiladigan meva sharbatlari va sun’iy ta’m beruvchilar qo‘shilgan ichimliklar turadi. Ammo shunday foydali ichimliklar borki, ular nafaqat mazali, balki jigar uchun himoya hamdir.
- Chia urug‘i solingan suv

Chia urug‘i solingan suv so‘nggi vaqtlarda ommalashgan ichimliklardan biri. Shifokorlar fikricha, bu bejiz emas, chunki chia tarkibida magniy va o‘simlik tolalari ko‘p bo‘lib, ular jigar faoliyati uchun foydalidir.
Tayyorlash uchun chorak stakan chia urug‘ini bir stakan suvga solib, 10-15 daqiqaga qoldiring. Istasangiz, bodring va limon qo‘shib, kokteyl tayyorlashingiz mumkin. Bunday ichimlik organizmni C vitamini bilan ta’minlaydi.
- Rezavorlar va qatiqdan smuzi

Diyetologlarning aytishicha, qatiq ichak faoliyatini yaxshilaydigan foydali bakteriyalar bilan boy. Ichak sog‘lom bo‘lsa, jigar ham sog‘lom bo‘ladi. Smuziga rezavor mevalar qo‘shsangiz, u antioksidantlarga boy bo‘ladi, bu esa jigar hujayralarini zararlanishdan himoya qiladi.
- Anor va zanjabilli sharbat

Ko‘p hollarda do‘konda sotiladigan tayyor sharbatlar foydadan ko‘ra zararli bo‘ladi. Ammo anor bundan istisno: unda fruktoza miqdori kam bo‘lib, jigarni zararlovchi yog‘lar bilan kurashishga yordam beruvchi moddalarga ega.
Sharbatga ozroq zanjabil qo‘shsangiz, u organizmdagi yallig‘lanishlarni kamaytirishga yordam beradi.
- Kakao qo‘shilgan qahva

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, qahva jigarni himoya qiladi va og‘ir kasalliklarning oldini oladi. Kakao qo‘shilgan qahva esa qon aylanishini yaxshilaydi va yallig‘lanishga qarshi foyda beradi.
- Tarvuz va zanjabil sharbati

Tarvuz qon tomirlarni kengaytirishga yordam beradigan moddalarni o‘z ichiga oladi. Bu esa yurak va jigar kabi muhim a’zolarga foydali ta’sir ko‘rsatadi. Zanjabil esa qo‘shimcha foyda beradi.
- Asalli ko‘k choy

Ko‘k choy qon bosimini tushiradi, xolesterinni kamaytiradi, aqliy faoliyatni kuchaytiradi, vaznni nazoratda ushlaydi, suyaklarni mustahkamlaydi va jigar uchun ham foydali hisoblanadi.
Choyga ozgina asal solinsa, nafaqat ta’mi yaxshilanadi, balki u tabiiy antioksidantlarga boy bo‘ladi.
- Yalpizli qora choy

Qora choy jigar faoliyatini qo‘llab-quvvatlovchi moddalarni o‘z ichiga oladi. Yalpiz esa organizmni tinchlantiradi va zararli xolesterinni kamaytirishga yordam beradi. Bu ikki mahsulot birga iste’mol qilinganda jigar uchun ayni muddao bo‘ladi.
Izoh (0)