1987-yilda Ukrainada sud 62 yoshli odamni o‘lim jazosiga hukm qiladi. Bu xabar hammani hayron qoldiradi. Oradan ikki yil o‘tgach, mustabid sovet tuzumi parchalanib ketadi. Shundan so‘ng Ukraina matbuotida qariya KGB tomonidan tayyorlangan soxta hujjatlar tufayli aybdorga chiqarilgani va nohaq qatl etilgani yozib chiqiladi. Xo‘sh, KGB keksa yoshdagi odamni nega sud zaligacha olib kelgan va unga o‘lim jazosi berilgandi?
Ikkinchi jahon urushi paytida ham boshqa urushlarda bo‘lgani kabi o‘z vatanini sotib, dushman bilan hamkorlik qilgan, ular safida turib yurtiga qarshi qurol o‘qtalgan insonlar yetarlicha bo‘lgan.
Ayniqsa, nemislar SSSRga bostirib kirgandan so‘ng ruslar orasidan sotqinlar ko‘p chiqqan. Masalan, birgina general Vlasovning o‘zi qo‘l ostidagi yirik armiya bilan nemislarga jangsiz asir tushadi.
Biroq Moskva va asosan ruslar rahbarlik qilgan SSSRda Vlasovning sotqinligi uncha ham eslanmasdi. Chunki sovet tuzumi bunga ruxsat bermasdi. Ya’ni katta bir mamlakat egasi bo‘lib turganlar o‘z millatdoshining isnodli ishini eslashni xohlamasdi.
Sovetlar odamlarni Vlasov va unga o‘xshaganlarning sotqinligidan chalg‘itish uchun 1943 va 1944-yillarda bir qancha millatlarni sotqinlikda ayblab, o‘z vatanidan surgun qiladi.
Jumladan, qorachoylar, qalmiqlar, chechenlar, ingushlar, bolqorlar, qrimtatarlar, mesxeti turklar va Volgabo‘yi nemislari shular jumlasidan edi.
Eng yomoni yuqorida nomlari keltirilgan millatlar nohaq ayblangani yetmaganday SSSR parchalanib ketgancha “sotqin” degan tavqi la’natni ko‘tarib yurishga majbur ham bo‘lishadi.

Sovetlarning boshqa millatlarga nisbatan bunday noxolis siyosati va nohaq ayblovlari Ikkinchi jahon urushidan keyin ham SSSR parchalanib ketgancha davom etdi.
Uzoqqa bormaylik, 1980-yillarda SSSRning barcha hududlarda turli sohalarda qo‘shib yozish va poraxo‘rlik avj olganda Moskva faqat o‘zbeklarni jazolagandi. Bunday ishlar sovet tarixida juda ko‘p marta bo‘lgan.
Sovetlarning nohaq ayblovlaridan biri 1987-yilda, “qizil imperiya” parchalanib ketishidan to‘rt yil oldin sodir bo‘ladi. O‘shanda KGB 62 yoshli millati ukrain bo‘lgan Ivan Goncharukni Ikkinchi jahon urushi paytida sotqin bo‘lgan va sovetlarga qarshi jang qilgan deb topadi va sud uni o‘lim jazosiga hukm qiladi.
Aslida Goncharuk sotqin bo‘lmagan va nemislarga xizmat qilmagandi. Aksincha nemislar SSSRga hujum qilganda fashistlarga qarshi jang qilgandi. Biroq shu bilan birga, u qisqa vaqt Ukrainani ozod qilish maqsadida bo‘lgan Ukraina isyonchilar armiyasi safida bo‘lgandi. KGB uning bir paytlar sovet tuzumiga qarshi bo‘lganini unutmagandi.
Eng qizig‘i, Goncharuk sovetlarga qarshi bo‘lgani uchun urushdan so‘ng uzoq yillar qamoqda o‘tirgan, yetarlicha jazosini olgandi. Shunchaki KGB bu ishi bilan 1980-yillar oxirida Boltiqbo‘yi xalqlaridan o‘rnak olib endi-endi uyg‘onayotgan va Ukrainaning mustaqil bo‘lishi xohlayotgan ukrainaliklarning ko‘zini qo‘rqitib qo‘yishni xohlagandi.

Ammo keksa yoshdagi birgina odamning qatl etilishi mustaqillik uchun kechayotgan jarayonlarni to‘xtatib qololmasdi va shunday ham bo‘ldi.
Oradan ikki yil o‘tmasdan mustabid tuzum parchalanib ketdi va nafaqat Ukraina, balki 69 yil sovetlar zug‘umi ostida yashagan barcha respublikalar mustaqil bo‘ldi. Xo‘sh, KGB ssenariysi bilan qatl etilgan Goncharuk kim bo‘lgandi?
Polshada tug‘ilgan ukrain
Ivan Goncharuk 1925-yilda G‘arbiy Ukrainada tug‘iladi. Biroq o‘sha paytda u yashaydigan hudud Polsha tarkibida edi. 1939-yilda kuzda Germaniya hamda SSSR Polshani bosib oladi va Ivan Goncharuklar yashab turgan qishloq Ukraina SSRga qo‘shib beriladi.
O‘sha paytda sovetlar darhol o‘zlari egallagan hududlarda boylarning yer-mulklarini tortib olib, u yerda kolxozlar tuzishga kirishishadi. Bu ish azaldan erkin bozor tamoyillariga asoslangan jamiyatda yashab kelgan odamlarga yoqmaydi va sovet hukumatiga qarshi partizanlik urushi boshlanadi.
Oradan ikki yil o‘tgach, 1941-yil 22-iyun kuni nemislar SSSRga bostirib kiradi va sovetlar chekinishadi. Shunda sovetlarga qarshi kurashayotgan ukrain partizanlari endi nemislarga qarshi jang boshlab yuborishadi. Biroq kuchlar teng emasdi. Partizanlar qalin o‘rmonlarda yashirishgani uchun nemislar ularni tuta olmaydi.
Nemislar SSSRga bostirib kirganda 16 yoshda bo‘lgan Ivan onasi bilan dalada ishlab yuraveradi. 1943-yilda nemislar chekina boshlashadi va o‘sha yili sovetlar Ivanni harbiy xizmatga chaqirishadi, biroq u sovet armiyasi safida xizmat qilishni xohlamaydi. Ivan o‘rmonga, har ikki tomonga qarshi jang qilayotgan ukrain partizanlari oldiga qochib boradi va ular safiga qo‘shiladi.
Nemislar chekingach, hudud batamom sovetlar ixtiyoriga o‘tadi. Shundan so‘ng Ukraina isyonchilar armiyasi deb nomlangan tashkilot atrofida birlashgan ukrain partizanlari yana sovet armiyasiga qarshi jang qilishadi.
Biroq kuchlar teng emasligi uchun ular mag‘lub bo‘lib, urushning oxirida turli tomonga tarqab ketishadi. Shu jumladan, Goncharuk ham yashirinadi.
1945-yilda NKVD Ivan Goncharukni yashirinib yurgan joyidan topadi va hibsga oladi. So‘ng uni sud qilishadi. Sudya Ivanni Bandera to‘dasida bo‘lgan va sovet hukumatiga qarshi jang qilgan deb topadi hamda 20 yil qamoq jazosi tayinlaydi. O‘shanda u 20 yoshda edi.
1953-yilda Stalin vafot etadi. Shundan so‘ng SSSRda qatag‘onlar to‘xtaydi va nohaq qamalganlar ozod qilina boshlaydi. 1956-yilda Goncharuk ham afv etiladi va qamoqdan ozod qilinadi. O‘shangacha u 11 yil qamoqda o‘tirgandi.
1939-1940-yillarda SSSR tarkibiga qo‘shilgan va avvaliga sovet tuzumiga qarshi chiqqan insonlar 1950-1960-yillarga kelib sharoitga ko‘nikishadi. Ularning barchasi tinch hayot yo‘liga o‘tishadi.
Ivan Goncharuk bilan ham shunday bo‘ladi. U qamoqdan ozod qilingach, Murmanskka ko‘chib boradi va korxonalarning birida ishlay boshlaydi. Ko‘p o‘tmay Ivan uylanadi, farzandlar ko‘radi.
Keyinchalik rahbarlik kursida ham o‘qiydi va uni tugatib oshxonalardan biriga direktor bo‘ladi. Umuman olganda, tinch hayot kechiradi. Keyinroq vatani Ukrainaga qaytib keladi va mehnat faoliyatini shu yerda davom ettiradi.
KGB ayblovi
1985-yilda SSSRga Mixail Gorbachyov rahbar bo‘ladi. Ungacha davlatni qisqa muddat Konstantin Chernenko, undan avval esa sobiq KGB boshlig‘i Yuriy Andropov boshqargandi.
Katta yoshdagilar yaxshi eslashadi, Yuriy Andropov KGB rahbari bo‘lgan yillarda o‘zini davlat rahbariga yaxshi ko‘rsatish va “mana, ishlayapmiz” deyish uchun juda ko‘p shubhali amaliyotlar o‘tkazilgan. Shuningdek, tom ma’noda sovet tuzumini ichdan yemirgan Afg‘on urushi ham aynan Andropov tashabbusi bilan boshlangan.
KGB boshlig‘i 1975-yillarga kelib hatto davlat rahbari Leonid Brejnevga ham o‘z gapini o‘tkazadigan bo‘lib qolgandi. Ya’ni de-fakto SSSRni Andropov boshqarayotgandi. Brejnevning o‘limidan so‘ng u rasmiy ravishda SSSR rahbariga aylanadi va o‘zbeklar uchun fojiali kechgan “Paxta ishi” aynan shundan keyin boshlangandi.
1980-yillar o‘rtalarida SSSRda AQSH va Britaniya maxsus xizmatlari bilan hamkorlik qilgan bir guruh harbiylar va KGB xodimlari fosh bo‘ladi. Shundan so‘ng KGBning obro‘si tushib ketadi. O‘sha paytda tashkilotni Andropovning shogirdlari, undan “ta’lim olgan” shaxslar boshqarardi. Ular nima bo‘lsa ham KGBning obro‘sini ko‘tarishni o‘ylay boshlaydi.
Ana shunday kunlarning birida tashkilotga Ukrainada yashovchi Nikolay Naydich ism-sharifli shaxsdan ariza kelib tushadi. U arizasida urush paytida Ukraina isyonchilar armiyasi safida xizmat qilgan va sovet fuqarolarini azoblagan shaxs mas’ul lavozimda ishlab yurganini ma’lum qilgandi.
Naydich KGBga Ivan Goncharuk haqida ma’lumot bergandi. O‘shanda u arizasida “Goncharuk urush ketayotgan paytda onamni do‘pposlagan edi” deb yozgandi.

Vaziyatdan foydalanishni maqsad qilgan KGB darhol Ivan Goncharukni hibsga oladi. Bu paytda Goncharuk 62 yoshga kirgan, hech narsani o‘ylamasdan tinchgina yashab kelayotgandi.
Goncharukni xotirjam ekaniga sabab, u urush paytida sovet tuzumga qarshi chiqqani uchun jazolangan va 11 yil qamoqda o‘tirgandi. Shu sababli u bir jinoyat uchun ikki marta sudlanishi mumkinligini xayoliga ham keltirmasdi. Biroq mustabid tuzumda bu ish bo‘lishi mumkin edi va amalda shunday ham bo‘ldi.
Goncharukni hibsga olishgach, tergovni KGB olib boradi. So‘roqlarda qariya bir paytlar sodir etgan jinoyati uchun jazo olganini aytadi. Biroq KGB buni inobatga olmaydi va ishga yangi “dalillar” va soxta guvohlarni qo‘shadi. Hatto Goncharuk umuman tanimaydigan “sheriklarini” ham topib kelishadi. Shu tariqa Goncharuk bir jinoyati uchun ikkinchi marta ayblanadi.
Bir muddat davom etgan tergovdan so‘ng ish sudga o‘tkaziladi. O‘sha paytda KGB ta’sir ostida bo‘lgan sudya haqiqatga ko‘z yumadi va Goncharukni o‘lim jazosiga hukm qiladi. Hukm oradan ikki yil o‘tgach, 1989-yilda Kiyev shahridagi qamoqxonada ijro etiladi.
Sudda Goncharuk shunday deydi: “Biz nemislar bostirib kelgach, ularga qo‘shilmadik va harbiy harakatlarda ishtirok etmadik. Shunchaki qalin o‘rmonlarda yashirinib, nemislar va sovetlar bir-birini qirib tugatishini kutdik. Maqsadimiz mustaqil Ukraina davlatini tuzish bo‘lgan”.
Shu tariqa urush davrida sodir etgan jinoyati uchun 11 yil qamoqda o‘tirgan va afv etilgan 65 yoshli Goncharuk o‘sha ish uchun qayta sudlanadi va bu safar o‘limga mahkum etiladi.
Bu ishda eng qizig‘i shundaki, 1989-yilda qatl ijro etilgach Goncharukning jasadi oila a’zolariga berilmaydi. KGB buyrug‘i bilan yashirincha ko‘mib yuboriladi. Bugun uning oila a’zolari Goncharukning qabri qayerda ekanini bilishmaydi.

So‘ngi mojaro
SSSR parchalanib ketgach, mustaqil Ukrainada sovet davrida nohaq qatag‘on qilinganlar va qamalganlarni oqlash harakati boshlanadi. O‘sha jarayonda Ivan Goncharuk ham oqlanadi.
Biroq 2021-yilda Ukraina matbuoti Goncharukni yana eslab qoladi. Bu safar 1987-yilda uni o‘lim jazosiga hukm qilgan sudya tufayli Goncharuk omma e’tiboriga tushadi.
Gap shundaki sinchkov jurnalistlar 1987-yilda KGB uyushtirgan jinoyat ishi bo‘yicha Goncharukka o‘lim jazosi bergan sudya Boris Plaxtiy qariyb 203 ming grivna pensiya olayotganini aniqlashadi. 2021-yilda Ukrainada 1 dollar 25-27 grivna bo‘lgan va Plaxtiy olayotgan pensiya 8000 dollar atrofida bo‘lgan.
Ukraina OAV Plaxtiy olishi lozim bo‘lgan pensiya aslida ancha kam bo‘lishi lozimligi, biroq u sud orqali pensiya fondidan ham pul undirishga erishganini yozib chiqishadi.
Shundan so‘ng Ukraina OAVlari bir paytlar mustabid sovet tuzumiga sadoqat bilan xizmat qilgan va KGB uyushtirgan jinoyat ishlarida vijdonsizlarcha hukm chiqargan sudyaning juda katta miqdorda pensiya olayotganiga e’tibor qaratilgan materiallar e’lon qilishadi.
O‘sha paytda garchi OAVlarida sudya haqida shov-shuv ko‘tarilgan bo‘lsa-da, uning pensiyasi qisqartirilgani haqida ma’lumotlar yo‘q. Faqat 2023-yilda Plaxtiyning sudya lavozimida ishlovchi qizi Ukraina sudyalar kengashi a’zosi bo‘lgani haqida xabarlar chiqqan.
Xulosa o‘rnida. Bugun Ivan Goncharuk Ukrainada jinoyatchi hisoblanmaydi. Goh-gohida turli saytlarda uning achchiq kechgan taqdiri haqida maqolalar e’lon qilinadi. U Ukraina tarixida nohaq o‘lim jazosi berilgan so‘nggi ukrain qahramoni sifatida qolgan.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi
Izoh (0)