Rossiyada eri tashlab ketgan o‘zbekistonlik homilador ayol vatanga qaytarildi. Bu haqda “Dunyo” xabar berdi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Bosh konsulxonasi xodimlari ko‘magida Rossiyaning Yekaterinburg shahrida mushkul ahvolda qolgan vatandoshlar doimiy yashash manziliga qaytarildi.
Ma’lumotga ko‘ra, o‘zbekistonlik S.L. Yekaterinburg shahriga turmush o‘rtog‘i bilan vaqtincha ishlash maqsadida kelgan qizi M.O.ning tug‘ruqxona bilan bog‘liq muammolarini hal qilib berishni so‘rab murojaat qilgan.
Bosh konsulxona huzuridagi Ayollar kengashi raisi mazkur murojaatni har tomonlama o‘rganib chiqdi. Ma’lum bo‘lishicha, M.O. Yekaterinburg shahrida turmush o‘rtog‘i, onasi va voyaga yetmagan farzandi bilan yashab kelgan. Turmush o‘rtog‘i oilaviy kelishmovchilik sabab ularni tashlab ketgan.
Mahalliy shifokorlar bilan olib borilgan maslahatlar natijasida bo‘lg‘usi onaning homilasiga va O‘zbekistonga qaytishi uchun tahdidlar yo‘qligi ma’lum bo‘ldi.
Bosh konsulxona xodimlari va Sverdlovsk viloyatidagi faol vatandoshlar ko‘magida ularning doimiy yashash manziliga yetib olishi uchun Yekaterinburg—Toshkent yo‘nalishidagi samolyotga chipta xarid qilib berildi.
O‘zbekiston diplomatlari mazkur oilani 3-may kuni Yekaterinburg shahridagi Kolsovo xalqaro aeroportidan Toshkent shahriga kuzatib qo‘ydi.
O‘zbekistonga qaytarilayotgan fuqarolar
2025-yilning boshlarida Rossiyaning Tiva Respublikasi Oq Dovurak shahrida vaqtincha ishlayotgan to‘rt nafar O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarildi. Fuqarolarning yashash joyida sodir bo‘lgan kuchli yong‘in natijasida ularning hujjatlari, shu jumladan, pasportlari yo‘qolgan.
27-fevral kuni Makkada og‘ir kasallikka chalingan o‘zbekistonlik vatanga qaytarildi. Fevral oyi oxirida Rossiyada ikki bolasi bilan qiyin vaziyatda qolgan ayol O‘zbekistonga qaytarildi.
2025-yil 5-mart kuni Rossiyaning Vladivostok shahrida og‘ir tan jarohati olgan O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarildi. Mart oyining o‘rtalarida Novosibirskdagi Bosh konsulxonasi ko‘magida Rossiyaning Saxa respublikasi Neryungri shahrida qiyin hayotiy vaziyatga tushib qolgan ona va uning to‘rt nafar farzandi O‘zbekistonga qaytarildi. 17-mart kuni ota-ona qaramog‘isiz qolgan 10 nafar voyaga yetmagan bola Qozog‘istondan O‘zbekistonga qaytarildi. Shuningdek, Rossiyada ota-ona qaramog‘isiz qolgan 30 nafar bola O‘zbekistonga qaytarildi.
- Qozog‘istonda og‘ir ahvolda ham ishlashga majburlangan o‘zbekistonlik vatanga qaytarildi.
- Tailand ikki nafar firibgarlik qurboni bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolarini vatanga qaytarishga yordam berdi.
- Rossiyada qarovsiz qolgan 3 bola O‘zbekistonga qaytarildi.
- Istanbulda yong‘in oqibatida vafot etgan 19 yoshli O‘zbekiston fuqarosining jasadi vatanga qaytarildi.
Izoh (0)