Isroil harbiy-havo kuchlari Yaman poytaxti Sanadagi xalqaro aeroportni butunlay vayron qildi. Bu haqda Al Yemen telekanali xabar berdi.

“Husiylarga yaqin ikki manba Sanadagi aeroportning butunlay vayron etilganini ma’lum qildi”, deya ta’kidlanadi xabarda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil aviatsiyasi asosiy yo‘lovchi terminalini va barcha texnik binolarni vayron qilgan. Bombardimon natijasida havo bandargohi hududida turgan barcha fuqarolik samolyotlari ham yo‘q qilingan. Aytilishicha, aeroport atrofidagi bir nechta turar-joy binolari ham shikastlangan. Qurbonlar haqida hozircha ma’lumot berilmagan.
Aeraportga berilgan zarbalar oqibatida Yemenia Airways aviakompaniyasining kamida uchta samolyoti shikastlangan.
Saudiyaning Al Arabiya telekanali korpusi va qanotlari deyarli to‘liq yonayotgan samolyotlardan birining suratini e’lon qildi. Boshqa ikki samolyotning shikastlanish darajasi haqida ma’lumot berilmagan.
Bundan oldin Isroil mudofaa kuchlari (SAHAL) barcha fuqarolarni Yaman poytaxti Sanadagi xalqaro aeroportni va unga tutash hududlarni darhol tark etishga chaqirgan edi.
5-may kuni kechqurun Al Masirah telekanalining ma’lum qilishicha, Qo‘shma Shtatlar va Isroil birgalikda husiylar nazoratidagi Xodeyda shahriga, shuningdek, Yaman g‘arbidagi Al-Xodeyda viloyatida joylashgan Badjel sement zavodiga zarbalar bergan. Mazkur zavod Qizil dengiz sohilidagi Xodeyda portidan taxminan 50 kilometr shimoli-sharqda joylashgan.
Izoh (0)