O‘zbekistondagi 2025-yilgi haj mavsumi 13-maydan boshlanadi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, 28-mayga qadar har kuni O‘zbekistondan Saudiya Arabistoniga aviaqatnovlar amalga oshiriladi. Ziyoratchilar Toshkent, Buxoro, Namangan, Samarqand, Qarshi, Termiz, Urganch, Navoiy va Nukus shaharlaridagi aeroportlar orqali Madina shahriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri uchadi.
Aviaparvozlar Uzbekistan Airways bilan birga FlyNas va FlyAdeal aviakompaniyalari tomonidan amalga oshiriladi. Haj tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari jadal davom etmoqda:
- Ziyoratchilar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi;
- Emlash ishlari olib borildi;
- Guruh rahbarlari va shifokorlar biriktirildi;
- Safar oldidan amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi;
- Hujjatlar rasmiylashtirildi.
Shuningdek, har bir ziyoratchiga “Haj – buyuk ibodatdir” qo‘llanmasi, sumka, nimcha, termos, soyabon, SIM-karta va quvvatlagich taqdim etilmoqda.
Ayni paytda guruh rahbarlari ziyoratchilar bilan haj amallari bo‘yicha suhbatlar olib bormoqda.
O‘zbekistonda haj kvotasi so‘nggi yillarda 3 barobarga oshirilgan
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov o‘zbekistonliklar uchun haj kvotasi so‘nggi yillarda 3 barobarga oshirilib, har yili 15 ming nafar o‘zbekistonliklar hoji bo‘lgani, umra ziyoratchilari soni bir necha yuz mingni tashkil etayotgani, ularga bo‘lgan hurmat-e’tibor, shart-sharoitlar borgan sari yaxshilanib borayotganini ma’lum qilgandi. 2024-yilgi haj mavsumida O‘zbekistonda 15 150 nafar ziyoratchi haj amalini bajargan.
Saudiya Arabistoni qirolligi Sog‘liqni saqlash vazirligi chiqargan me’yoriy hujjatga ko‘ra, hajga boruvchilar meningitga qarshi emlanishi zarur. Sanepidqo‘mita ham O‘zbekistonga yuqumli kasalliklarning chetdan kirib kelishini oldini olish va epidemiologik barqarorlikni saqlab qolish maqsadida ziyoratchilarni meningitga qarshi emlash tavsiya etgan.
Narxlar qanday o‘zgaryapti?
2019-yilda O‘zbekistonda bir kishining hajga borib kelishi 33,3 mln so‘mni (o‘sha paytdagi kurs bo‘yicha 3879 dollar) tashkil etgan. Pandemiyadan so‘ng 2022-yilga kelib haj ziyorati narxi keskin (deyarli ikki baravar) oshgan va bir kishilik to‘lov 62 million 900 ming so‘m etib belgilandi. O‘shanda Musulmonlar idorasi narx qimmatlashishiga Saudiya hukumati haj safariga doir qo‘shimcha soliq va majburiy to‘lovlar joriy etgani, transport hamda boshqa qator xizmatlar qiymati keskin oshganini sabab qilib ko‘rsatgan edi. Shundan so‘ng ham narxlar oshishda davom etdi — 2023-yilda 68 million 760 ming so‘m, 2024-yilda esa 73 million 970 ming so‘mni tashkil etgan. O‘zbekistonlik ziyoratchilar 2025-yilgi haj mavsumi uchun 78 million 670 ming to‘laydi.
Haj uchun to‘langan mablag‘ ichiga nimalar kiradi?
- Haj vizasi;
- Aviabilet (Madinayi munavvaraga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareys);
- “Zam-zam Pullman”, “Kraun Plaza” (Madina shahrida) hamda “Abroj al-Hidoya” (Makka shahrida) mehmonxonalarida yashash;
- Shaharlararo (Madina—Makka—Jidda) transport xizmati;
- Hojilarning tibbiy sug‘urtasi;
- 3 mahal issiq ovqat: nonushta, tushlik va kechki ovqat;
- Madinadagi Uhud tog‘i, Qubo va ikki qiblali masjidlarga ziyorat;
- Makkadagi Mino, Arofat va Muzdalifa vodiylaridagi barcha xizmatlar;
- 24/7 rejimidagi tibbiy xizmat;
- 24/7 rejimidagi transport xizmati;
- Qurbonlik;
- Zamzam suvi (5 litr);
- Respublikaning 7 ta hududidan kuzatish va kutib olish;
- Davlat ramzlari tushirilgan nimcha va sumka;
- Haj qo‘llanmasi.
Bu borada firibgarliklar
Toshkentda to‘rt kishini hajga jo‘natish uchun 23,6 ming dollar olgan shaxs ushlangan edi. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita O‘zbekistonda so‘nggi ikki oyda o‘tkazilgan tekshiruvlarga ko‘ra, umra litsenziyasiga ega bo‘lmasdan ushbu xizmatni ko‘rsatayotgan 31 ta sayyohlik firmasi mas’ullariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qilgandi. Ushbu qo‘mita ham noqonuniy turfirma yoki turagentlardan ogoh bo‘lishga chaqirgandi.
O‘zbekistonda umra tadbirlarini tashkil etish
2024-yil iyulida O‘zbekistonda umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish litsenziyalanadigan faoliyatning alohida turi sifatida belgilandi. Hukumat qarori bilan quyidagi litsenziya talab va shartlari joriy etilgan. Litsenziyaga ega bo‘lmagan tadbirkorlik subyektlari tomonidan umra xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun yuridik shaxslarga solinadigan jarimalar miqdorlari BHMning 200 baravari (75 million so‘m) etib belgilangan.
Izoh (0)