Tailand Qirolligi Myanmadagi firibgarlik qurboni bo‘lgan to‘qqiz nafar MDH mamlakatlari fuqarosiga o‘z vataniga qaytishda ko‘maklashdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi haftalik brifingida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda TASS agentligi.

“MDHga tegishli quyidagi mamlakatlar fuqarolari allaqachon vataniga qaytarildi: O‘zbekiston – 2 nafar, Qirg‘iziston - 2 nafar, Qozog‘iston - 4 nafar, Rossiya - 1 nafar”, dedi vazirlik vakili.
Tailand TIV axborot departamenti bosh direktori va matbuot kotibi Nikondet Palangkun ma’lum qilishicha, 29-aprel holatiga ko‘ra, Tailand tomoni Myanmadan kamida 9237 nafar qutqarilgan chet el fuqarosini qabul qilgan, ulardan 7520 nafari allaqachon vataniga qaytarilgan.
“Eng katta guruh - 5,4 mingdan ortiq kishi Xitoy fuqarolaridan iborat. Odam savdosi qurbonlari orasida Indoneziya, Hindiston, Vetnam, Malayziya, Laos, Filippin, Ruanda, Uganda, Jazoir, Malavi va Zimbabve fuqarolari ham bor”, deydi Palangkun.
Matbuot kotibining so‘zlariga ko‘ra, yaqin kelajakda yana taxminan 20 mamlakat vakillari bo‘lgan 1,7 ming kishi Myanmadan Tailandga kelishi kutilmoqda.
“Tashqi ishlar vazirligi repatriatsiya jarayonini osonlashtirish uchun tegishli elchixonalar va konsulliklar bilan hamkorlikni davom ettirmoqda”, deya qo‘shimcha qildi u.
Tailand fevral oyida Myanmaning firibgarlik qo‘ng‘iroq markazlari joylashgan beshta chegara hududida elektr ta’minotini to‘xtatdi. Qirollik hukumati vakillari ta’kidlashicha, telefon va internet firibgarligi muammosi mamlakatga jiddiy zarar yetkazgan - 2022-2024-yillarda 500 mingdan ortiq tailandlik jinoyatchilar qurboniga aylangan. Zarar 60 milliard batdan ortiq (1,8 milliard dollar) deb baholanmoqda.
Internet firibgarligi bilan shug‘ullanuvchi Myanma qo‘ng‘iroq markazlarida, odatda, chet elliklar ishlaydi. Ular firibgarlar tomonidan aldanib, ishlashga majbur qilinganliklarini ta’kidlashadi. Myanmaning Karen shtati chegara qo‘shinlari avvalroq Tailand bilan chegara yaqinida joylashgan firibgarlik qo‘ng‘iroq markazlari bilan bog‘liq 10 mingga yaqin kishini Tailandga deportatsiya qilishga tayyorlanayotganini ma’lum qilgan edi.
O‘zbekistonning Bangkok shahridagi Bosh konsulxonasi Myanmada odam savdosi qurboni bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolarini o‘z oilasi bag‘riga qaytishida amaliy yordam ko‘rsatgani xabar qilingandi.
Shuningdek, Tailandning Pattaya shahrida og‘ir kasallikka chalingan o‘zbekistonlik fuqaro vatanga qaytarilgandi.
Izoh (0)