Rossiyaning Sankt Peterburg shahrida politsiyachilar niqobi ostida kuryerdan pul undirgan ikki o‘zbekistonlik qo‘lga olindi. Bu haqda 78.ru xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, jabrlanuvchi ham O‘zbekiston fuqarosi hisoblanadi. Kuryer bo‘lib ishlovchi o‘zbekistonlik 21-aprel kuni politsiyaga murojaat qilgan. U 11-aprel kuni kechqurun ikki noma’lum shaxs o‘zlarini politsiya xodimlari deb tanishtirib, unga to‘pponcha o‘qtalganini aytgan. Shundan so‘ng kuryerga giyohvand moddalarni saqlash bo‘yicha jinoiy ish ochish bilan tahdid qilishgan. O‘zbekistonlik kuryer ularga 100 ming rubl (taxminan 15,5 million so‘m) bergan.
Holat yuzasidan “bosqinchilik” moddasi (Rossiya Jinoyat kodeksi 162-moddasi 2-qismi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchilar 21-aprel kuni qo‘lga olingan. Ular ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lib chiqqan.
Mart oyida Peterburgda elektrovelosipeddagi kuryerlarga qarshi ommaviy reydlar boshlangandi. Ichki ishlar vazirligi bunday tekshiruvlar muntazam ravishda o‘tkazilishini ma’lum qilgan. Reyning ilk kunida13 nafar noqonuniy kuryer qo‘lga olingandi, shuningdek, 160 dan ortiq moped musodara qilingan edi.
Izoh (0)