Uch yildan ortiq vaqtdan beri Ukrainada jang qilayotgan Rossiya armiyasining yo‘qotishlari 950 ming kishiga yetdi. Bu halok bo‘lganlar va yaradorlarni o‘z ichiga oladi. Bu haqda Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi harbiy razvedkasi xabar berdi.

Vazirlik hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025-yilning dastlabki to‘rt oyida Rossiya armiyasining umumiy yo‘qotishlari, taxminan, 160 000 kishini tashkil etgan.
Agar bunday sur’at yil oxirigacha saqlanib qolsa, bu Rossiya uchun shaxsiy tarkibdagi yo‘qotishlar bo‘yicha urushning eng qimmat yili bo‘ladi, deya ta’kidladi qirollik Mudofaa vazirligi.
Ta’kidlanishicha, 2025-yilda kunlik yo‘qotishlarning yuqori darajasiga qaramay, Rossiya Ukraina hududining sezilarli qismini nazorat qila olmagan. Aprel oyida Rossiya Qurolli kuchlari kuniga o‘rtacha 1200 dan ortiq odamni yo‘qotgan. Mart oyida bu ko‘rsatkich 1300 nafarni tashkil etgan.
Avvalroq Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti urush boshlanganidan beri Rossiya armiyasining yo‘qotishlarini yaradorlar bilan hisoblaganda deyarli 800 ming kishiga baholagandi. Shu bilan birga, Rossiya armiyasiga har oyda 30-40 ming kishi yollanayotgani aytilmoqda. Ularga taklif etilayotgan yirik bonuslar va kuchaytirilgan harbiy targ‘ibot bu ko‘rsatkich oshishiga ta‘sir qilgan.
Forbes hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlariga hujum va yo‘qotishlarning hozirgi sur’atini saqlab qolgan holda Ukrainaning hali bosib olinmagan hududlarini egallash uchun taxminan 230 yil kerak bo‘ladi. Bu deyarli 490 ming kv/km yoki Ukrainaning 81 foiziga teng. Shu bilan birga, taxminan 101 million rossiyalik harbiy halok bo‘ladi.
Ukrainaga qarshi urushda mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarosi jang qilmoqda
Kamida 1110 nafar O‘zbekiston fuqarosi Rossiya Qurolli kuchlari bilan shartnoma tuzgan. Bu ro‘yxat to‘liq emas: Rossiya yoki boshqa davlat fuqaroligiga ega bo‘lgan etnik o‘zbeklar hisobga olinsa, ularning umumiy soni bir necha mingga yetishi mumkin. Bu haqda Ukrainaning “Xochu jit” (“Yashashni istayman”) loyihasi ma’lum qildi.
Rossiya Qurolli kuchlari bilan shartnoma tuzganlar orasida kamida 109 kishi halok bo‘lgan. Ular orasida eng yoshi 21 yoshga to‘lmagan, eng kattasi 62 yoshda. Halok bo‘lganlardan biri shartnoma imzolaganidan keyin 8 kun ham yashamagan.
Zo‘rlik bilan urushga olib ketilgan, Donetskdagi janglarda qatnashayotgan o‘zbekistonlik yigit bilan suhbatni havolaga bosib o‘qishingiz mumkin.
O‘zbekiston fuqarolariga chet davlatlarining harbiy xizmatiga yollanish qonunan taqiqlanadi!
O‘zbekiston fuqarolari chet davlatlarning (shu jumladan, Rossiyaning) harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirish, yollangani uchun O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154,1-moddasiga ko‘ra 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Izoh (0)