AQSH prezidenti Donald Tramp Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) va boshqa maxsus xizmatlardan keng miqyosda xodimlarni qisqartirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Oq uydagi manbalarga asoslanib, The Washington Post gazetasi xabar bermoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Tramp ma’muriyati MRBning 22 ming xodimidan kamida 1,2 ming nafarini ishdan bo‘shatishni mo‘ljallamoqda. Aslida MRB xodimlarining aniq soni maxfiy saqlanadi va ushbu raqam ochiq manbalardan olingan ma’lumotlarga asoslangan holda taxmin qilinmoqda.
Qisqartirishlar AQSHning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) xodimlarining yaqinda ommaviy ravishda ishdan bo‘shatilishidan farqli o‘laroq, bir vaqtning o‘zida emas, balki bir necha yil davomida bosqichma-bosqich amalga oshirilishi kutilmoqda.
WPning xabar berishicha, kadrlarni qisqartirish bo‘yicha takliflar allaqachon Kongressga taqdim etilgan. MRBdan tashqari, bu chora-tadbirlar Milliy xavfsizlik agentligi (MXA), Mudofaa vazirligi razvedka boshqarmasi, Milliy geofazoviy razvedka agentligi va Milliy harbiy-kosmik razvedka boshqarmasiga ham ta’sir ko‘rsatadi.
AQSHda davlat apparatini qisqartirish
Donald Trampning saylovoldi va’dalaridan biri AQSH davlat apparati xodimlari sonini sezilarli darajada qisqartirish va buning natijasida unga sarflanadigan mablag‘larni tejash edi. Respublikachi prezident bo‘lgach, shu maqsadda Hukumat samaradorligi departamentini (DOGE) tuzdi, unga milliarder Ilon Maskni rahbar etib tayinladi.
AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) ning davlat xarajatlarini qisqartirish eng shov-shuvli hodisalardan biri bo‘ldi. Ushbu agentlik 40 milliard dollardan ortiq byudjetga va 10 mingdan ziyod xodimga ega bo‘lib, ularning minglabi xorijdagi vakolatxonalarda ishlaydi.
Trampning byurokratik apparatni qisqartirish kampaniyasi ta’sir qilgan birinchi milliy xavfsizlik idorasi AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi bo‘ldi. Fevral oyi boshida u barcha xodimlariga ishdan bo‘shashni va sakkiz oylik maosh miqdorida nafaqa olishni taklif qildi.
Mart oyi oxirlarida AQSH Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar vazirligi rahbari kichik Robert Kennedi sog‘liqni saqlash tizimini umumiy qayta qurish doirasida 10 ming xodimni qisqartirish rejalashtirilayotganini e’lon qildi.
Amerikaning Challenger, Gray&Christmas ishga joylash kompaniyasining hisob-kitoblariga ko‘ra, so‘nggi fevral-mart oyi ichida AQSH hukumatining samaradorlik departamenti (DOGE) faoliyati natijasida mamlakatdagi 27 ta idorada 280 mingdan ortiq federal xodim va pudratchilari ishdan bo‘shatilgan.
Izoh (0)