AQSH prezidenti Donald Tramp 8-may va 11-noyabrni Birinchi va Ikkinchi jahon urushlaridagi G‘alaba kunlari sifatida nishonlanishini e’lon qildi. Bu haqda u o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.

Tramp AQSHning Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaga qo‘shgan hissasini eng katta deb baholagan. Amerika rahbarining fikricha, Vashington Birinchi jahon urushida ham g‘olib chiqqan. Shu munosabat bilan Tramp bu voqealarni nishonlashga da’vat etib, davlat bayramlari sifatida joriy etilishini bildirgan.
“Ko‘pgina ittifoqchilarimiz va do‘stlarimiz 8-mayni G‘alaba kuni sifatida nishonlaydi. Biroq aynan biz Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaga boshqa har qanday mamlakatga qaraganda beqiyos darajada ko‘proq hissa qo‘shganmiz. Bugun men 8-mayni Ikkinchi jahon urushidagi G‘alaba kuni, 11-noyabrni esa Birinchi jahon urushidagi G‘alaba kuni deb e’lon qilaman. Biz ikkala urushda ham g‘alaba qozondik, kuch-qudrat, jasorat yoki harbiy mahoratda hech kim bizga teng kela olmadi, lekin biz hech qachon hech narsani nishonlamaymiz — chunki buni qanday qilishni biladigan rahbarlarimiz endi yo‘q! Biz yana g‘alabalarimizni nishonlashni boshlaymiz!”, deya yozgan AQSH prezidenti.
Tramp o‘zining 2017-yildagi bayonotlaridan birida Birinchi va Ikkinchi jahon urushlaridagi g‘alabani AQSHga tegishli deb e’lon qilgan edi.
Izoh (0)