Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida Lacetti gaz balloni portlashidan bir kishi vafot etgani haqida xabar berilgandi. Holat yuzasidan sud ishi yakunlandi.
Voqea 27-iyun kuni soat 11:40 larda yuz bergan. “Markaz” MFY hududidagi dehqon bozori oldida turgan Lacetti avtomashinasi metan gaz balloni portlab ketgan.
Portlash vaqtida avtomobil ichida hech kim bo‘lmagan, birlamchi ma’lumotga ko‘ra, portlash natijasida avtomobil atrofidagi shaxslar turli darajada tan jarohati olgan. Portlash natijasida kelib chiqqan yong‘in zudlik bilan bartaraf etilgan.
Lacetti egasi avtomashinasini dehqon bozori hududiga to‘xtatib, o‘zi savdo qilish uchun bozorga kirib ketgan bo‘lgan.
Portlash oqibatida shu atrofda bo‘lgan fuqaro A.A. tan jarohati olib, ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan vafot etgan.
Holat yuzasidan ochilgan jinoyat ishi Rishton tuman sudida ko‘rib chiqildi. Haydovchi Jinoyat kodeksining 266-moddasi bilan aybli deb topildi va 3 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilingan holatda 3 yilga ozodlikdan ham mahrum qilindi.
Bundan tashqari, haydovchidan jabrlanuvchilar foydasiga 26 mln so‘m moddiy, 58 mln so‘m ma’naviy zararlar undirish belgilandi.
2024-yilning yanvar oyi o‘rtalarida Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanidagi metan zapravkada ham “Jiguli”da yong‘in chiqqandi.
Oktyabr oyida Qarshi tumanidagi avtomobillarga suyultirilgan gaz quyish shoxobchasida yong‘in sodir bo‘lgandi.
20-fevral kuni soat 18:02 da Andijondagi zapravkada havo-gaz aralashmasining chaqnashi sodir bo‘lgan. Fuqarolarga malakali tez tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida shifoxonaga yotqizilgan.
Izoh (0)