AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) taniqli amerikaliklar qotilligi haqidagi hukumat yozuvlarini oshkor etishni boshladi. Dastlab senator Robert Kennedining qotilligi bilan bog‘liq fayllar to‘plami e’lon qilindi. Bu haqda MRB direktori Tulsi Gabbardning rasmiy veb-saytida ma’lum qilindi.

“Bugundan boshlab, ilgari Milliy arxiv omborxonasida saqlangan RFK fayllarining birinchi qismi endi onlayn tarzda mavjud...”, deyiladi idora bayonotida.
Ta’kidlanishicha, ushbu e’lon taxminan 10 000 sahifadan iborat bo‘lib, ilgari maxfiy bo‘lgan yozuvlarni o‘z ichiga olgan. Ular maxfiylik nuqtayi nazaridan minimal tahrir bilan, jumladan, ijtimoiy ta’minot raqamlari va soliq identifikatsiya raqamlari o‘chirilgan holda e’lon qilinadi.
Bundan tashqari, ilgari Milliy arxivga topshirilmagan yozuvlarni qidirish jarayonida FQB va MRB omborlarida Robert Kennedining qotilligi haqidagi qo‘shimcha 50 ming sahifali hujjatlar topilgan.
Idoralar ushbu yozuvlarni oshkor qilish ustida ishlamoqda va davlat muassasalarida qo‘shimcha fayllarni izlashni davom ettirmoqda.
19-mart kuni Oq uy rahbari o‘zining saylovoldi va’dasini bajarib, AQSHning 35-prezidenti Jon Kennedi o‘ldirilganidan 62 yil o‘tgach, Milliy arxiv bu ish bo‘yicha hujjatlarning yangi qismini oshkor qildi. Jami 63 ming sahifadan ortiq 2182 ta hujjat e’lon qilindi. Eng qiziqarli qismi - qotillik ortida Amerika maxsus xizmatlari turganini ta’kidlagan MRB axborotchisi haqidagi ma’lumotlardir.
Yanvar oyida AQSH prezidenti Donald Tramp mamlakatning 35-prezidenti Jon Kennedi, uning ukasi, sobiq bosh prokuror Robert Kennedi va ruhoniy Martin Lyuter Kingning o‘ldirilishi bilan bog‘liq hujjatlarni ochiqlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Izoh (0)