Apple kompaniyasi AQSHda sotiladigan aksariyat iPhone va boshqa qurilmalarni endi Xitoy ishlab chiqarmasligini ma’lum qildi. Buning sababi prezident Donald Trampning Xitoyga qaratilgan yuqori tarifli bojlaridir. Bu haqda BBC nashri xabar qildi.

“Yaqin oylarda AQSH bozoriga yo‘l oladigan iPhone’larning aksariyati Hindistonda ishlab chiqariladi. Vetnam esa iPad va Apple Watch kabi mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha yirik markaz bo‘lib qoladi,” deydi kompaniya rahbari Tim Kuk.
Kompaniyaning taxmin qilishicha, AQSH import soliqlari joriy chorakda Apple xarajatlariga yana taxminan 900 million dollar qo‘shishi mumkin. Lekin Tramp asosiy elektronikalarni yangi tariflardan ozod qilish haqida avvalroq qaror bergan edi.
Tramp ma’muriyati shu paytgacha Apple ishlab chiqarishni Amerikaga ko‘chirmoqchi ekanini bir necha bor ta’kidlab kelgan.
1-aprel kuni kompaniyaning moliyaviy ko‘rsatkichlarini muhokama qilish uchun investorlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Apple rahbari urg‘uni o‘zining AQSHga kiritgan sarmoyalariga qaratdi.
Janob Kukning ta’kidlashicha, kompaniya keyingi to‘rt yil ichida AQSHning bir qancha shtatlariga 500 milliard dollar sarmoya kiritishni rejalayapti.
“Xitoy AQSHdan tashqarida sotiladigan umumiy mahsulotlarning aksariyat qismi uchun ta’minot o‘chog‘i bo‘lib qoladi,” deya qo‘shimcha qildi kompaniya direktori.
Tramp ma’muriyati kompaniyalarni AQSHda ko‘proq ishlab chiqarishga undash maqsadida Qo‘shma Shtatlarga import qilinadigan mahsulotlarga bojlar joriy etgan edi. Shu boisdan Apple aksiyalari keskin tushib ketdi.
Ammo mamlakat tariflar kuchga kirganidan ko‘p o‘tmay, ayrim elektronika, jumladan, telefon va kompyuterlarni bu bojlardan ozod etishga majbur bo‘ldi.
Izoh (0)