AQSH ma’muriyati 14-iyun kuni mamlakat qurolli kuchlarining 250 yilligiga bag‘ishlab keng ko‘lamli harbiy parad o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Ichki hujjatlarga asoslanib xabar berilishicha, tadbir sanasi prezident Donald Trampning 79 yoshga to‘lishiga to‘g‘ri keladi. Bu haqda Associated Press (AP) agentligi xabar bermoqda.

Parad Vashingtondagi Milliy xiyobonda o‘tkazilishi kutilmoqda. Unda 6,3 mingga yaqin harbiy xizmatchi, jumladan, tank va piyoda qo‘shinlari bo‘linmalari, harbiy orkestrlar va parashyutchilar ishtirok etishi mumkin. Xarajatlar o‘nlab million dollar miqdorida baholanmoqda. Mablag‘lar texnikani tashish, shaxsiy tarkibni joylashtirish va tadbirni tashkil etishga sarflanadi.
Ta’kidlanishicha, harbiy parad g‘oyasi Tramp tomonidan uning birinchi prezidentlik muddatidayoq ilgari surilgan, biroq o‘shanda yuqori qiymati (92 million dollar) va logistik qiyinchiliklari tufayli rad etilgan. Prezidentning hozirgi rejalari butun mamlakat bo‘ylab harbiy resurslarni keng ko‘lamda ko‘chirishni o‘z ichiga oladi, bu esa xarajatlarning maqsadga muvofiqligi haqida savollar tug‘dirmoqda.
Bundan oldin Tramp AQSHda qurolli kuchlar, harbiy-havo, harbiy-dengiz akademiyalari va qirg‘oq qo‘riqlash akademiyasi kuzatuv kengashlarining barcha a’zolari lavozimidan ozod etilishini e’lon qilgandi. Prezidentning ta’kidlashicha, u bu qarorni Amerika harbiy akademiyalari “so‘nggi to‘rt yil davomida so‘l g‘oyalar ta’siriga tushib qolganligi” sababli qabul qilgan.
Shuningdek, u Qo‘shma Shtatlar “tarixdagi eng kuchli armiyaga ega bo‘lishini” bildirgan.
2-may kuni Tramp Amerikaning Birinchi va Ikkinchi jahon urushlaridagi g‘alabaga qo‘shgan hissasini tengsiz deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kuch, jasorat va harbiy mahorat borasida AQSHga "hech kim yaqinlasholmagan". Shu bilan birga, u yangi bayramlar joriy etdi. Endi amerikaliklar 11-noyabr va 8-mayda mos ravishda Birinchi va Ikkinchi jahon urushlaridagi G‘alaba kunlarini nishonlaydilar.
Izoh (0)