G‘azo sektori uchun gumanitar yuk ortilgan kema Malta qirg‘oqlari yaqinida dron hujumiga uchradi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, kema xalqaro suvlarda dronlar hujumiga uchragan. Bortda 30 kishi, jumladan, taniqli faollar ham bo‘lgani aytilmoqda. Kema Isroilning G‘azodagi qamalini tugatish uchun kurashayotgan “Ozodlik flotiliyasi koalitsiyasi”ga tegishli bo‘lgan.
Kema teshilgan va u cho‘kmoqda... SOS signali yaqin atrofdagi davlatlarga, jumladan, Maltaga uzatildi. Ayni damda kemamiz Malta sohillaridan 17 kilometr uzoqlikda joylashgan, kema ikki marta dron hujumiga uchradi, dedi “Ozodlik flotiliyasi koalitsiyasi” press-attashesi Yasemin Ajar.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kemaga mahalliy vaqt bilan yarim tundan keyin hujum qilingan, hozirda “Ozodlik flotiliyasi” ular bilan bog‘lana olmayapti. Isroil hukumati mazkur hujumga hali munosabat bildirmagan.
Iqlim faoli Greta Tunberg va AQSH armiyasining iste’fodagi polkovnigi Meri Enn Rayt Maltada kemaga chiqishi kutilgan edi, biroq yong‘in chiqqan vaqtda ular kemada bo‘lmagan.
21 dan ortiq mamlakatdan ko‘ngillilar G‘azodagi missiyaga chiqish uchun Maltaga yo‘l olgan, ular orasida taniqli shaxslar ham bor edi. Isroil elchilari chaqirilishi va xalqaro huquqning buzilishiga, jumladan, xalqaro suvlarda davom etayotgan blokada va fuqarolik kemamizning bombardimon qilinishiga javob berishi kerak, deyiladi “Ozodlik flotiliyasi koalitsiyasi” bayonotida.
Isroil 2-mart kuni G‘azoni to‘liq gumanitar blokadaga olib, bu hududda yashovchi 2 milliondan ortiq falastinliklarga oziq-ovqat, tibbiy buyumlar va boshqa yordamni to‘xtatdi.
Izoh (0)