2025-yil iyun oyida amerikalik tadbirkor, Amazon kompaniyasining asoschisi Jeff Bezos va jurnalist Loren Sanches Venetsiyada turmush quradi. To‘y dabdabaliligi bilan hozirdanoq dunyoning eng qimmat to‘ylaridan biri deb atalmoqda. Forbes Life milliarderlar qanday qilib turmush qurishi va bu ularga qanchaga tushishi haqida ma’lumotlar keltirdi.

Tadbirkor Jeff Bezos 2023-yilning may oyida teleboshlovchi Loren Sanchesga turmush qurish taklifini bildirgan edi. Ularning munosabatlari haqida gap-so‘zlar 2019-yil boshida tarqala boshlagan. Shunda Bezos 25 yil birga yashagan rafiqasi Makkenzi bilan ajrashganini e’lon qilgan edi.
Jeff Bezos va Loren Sanches dunyodagi eng dabdabali to‘ylardan birini o‘tkazadi. To‘y Venetsiyada, Bezosga tegishli bo‘lgan 500 million dollarlik megayaxtada bo‘lib o‘tadi. Mehmonlar orasida Gollivud yulduzlari Leonardo Di Kaprio, Tobi Maguayr, Endryu Garfild, Kim Kardashyan, Kris Jenner va hattoki qirollik oilasi vakillari ham bo‘lishi kutilmoqda.

Umar Kamani va Nado Adil
To‘y narxi: 26 million dollar
Britaniyalik tadbirkor Umar Kamani 2021-yil avgust oyida marokashlik model Nado Adilga turmush qurish taklifini bergan. U Monte Karlodagi mashhur Opera teatrini ijaraga olib, u yerda “Sohibjamol va maxluq” multfilmidan ilhomlangan sahnani yaratgan. 10 000 dona atirgul va o‘nlab shamlar bilan bezatilgan zalda 25 nafar musiqachi jonli ijro qilgan.
Ularning to‘yi 2024-yilda Fransiyaning mashhur Rivyerasida, Du Kap mehmonxonasida bo‘lib o‘tgan. Mehmonlar uchun ajratilgan xonalar narxi bir kechaga 4000 AQSH dollarini tashkil qilgan. Uch kun davom etgan marosimda dunyo yulduzlari ishtirok etgan — Naomi Kempbell, aktrisa Tessa Tompson, komik Rassel Piters, xonanda Kristina Milian va Vogue Arabia bosh muharriri Manuel Arno shular jumlasidan.
Birinchi kuni juftlik hovuz bo‘yida norasmiy ziyofat uyushtirgan, ikkinchi kuni “g‘arbona” nikoh marosimi o‘tkazilgan, uchinchi kuni esa “hindcha nikoh” marosimi bo‘lib o‘tgan.
Nadoning birinchi kundagi libosi mashhur livanlik dizayner Zuhair Murad tomonidan tayyorlangan bo‘lib, u qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan. Umar Kamani esa Tom Ford brendidan kostyum kiygan, uning Patek Philippe soati narxi esa 971 ming dollarni tashkil qilgan. “G‘arbona” marosimdagi nafis libosni esa Dior uyi dizayneri Mariya Gratsiya Kuri yaratgan.

Andrey Melnichenko va Aleksandra Nikolik
To‘y narxi: 30 million dollar
2005-yil 3-sentyabr kuni rossiyalik tadbirkor Andrey Melnichenko va serbiyalik model Aleksandra Nikolik Fransiyaning Antib shahrida turmush qurishdi. Nikoh marosimi uchun Moskva yaqinidagi qadimiy pravoslav cherkovining nusxasi qurilib, to‘y tugagach, yana buzib tashlandi.
Uch kun davom etgan to‘y marosimi Antibdagi “Altair” villasida bo‘lib o‘tdi. 300 nafar mehmon uchun xususiy samolyotlar va Kanndagi besh yulduzli mehmonxona tayyorlandi. Mehmonlar uchun Armani brendidan klassik kostyum va kechki liboslar taqdim etildi.
To‘yda Kristina Agilera, Uitni Hyuston, Hulio va Enrike Iglesis kabi yulduzlar chiqish qilishdi. Ularning har biri 3,6 million dollar gonorar oldi.
Nikoh marosimi uchun Aleksandra Nikolik dizayner Vera Vang tomonidan tikilgan libosni kiygan. Mehmonlarga taniqli fransuz oshpazi Alen Dyukas tomonidan tayyorlangan taomlar tortildi. To‘y fotosuratchisining xizmati 500 ming dollarni tashkil etdi.

Kardashyan va Kris Hamfris
To‘y narxi: 10 million dollar
2011-yil 20-avgust kuni realiti-shou yulduzi va tadbirkor Kim Kardashyan New Jersey Nets klubi o‘yinchisi Kris Hamfris bilan turmush qurdi. Ularning to‘yi Kaliforniyaning Montekito shahridagi hashamatli binoda bo‘lib o‘tdi. 500 nafar mehmon uchun maxsus chodir o‘rnatildi. Chodirning bezaklari 2 million dollarga tushdi.
Kimning 20,5 karatli brilliant uzugi 2 million dollarga baholandi. Uning Vera Vang tomonidan tikilgan to‘y libosi 20 ming dollar, diademasi 2,5 million dollar, sirg‘alari esa 5 million dollarga tushdi. Mehmonlar uchun yuborilgan taklifnomalarga esa 10 ming dollar sarflandi.
To‘y taomlarini mashhur avstriyalik oshpaz Volfgang Pak tayyorladi, bu xizmat 750 ming dollarga baholandi. 1,8 metr balandlikdagi 10 qavatli to‘y torti esa 15 ming dollarga tushdi.
Marosimda Kristina Agilera, Jastin Biber, Kelli Osborn, Serena va Vinas Uilyams singari mashhurlar ishtirok etdi. E! portal tadbirni translyatsiya qilish uchun 18 million dollar, People jurnali suratga olish huquqi uchun 2,5 million dollar va to‘y haqidagi e’lonni chop etish uchun 300 ming dollar to‘lagan.
Ammo bu dabdabali nikoh faqat 72 kun davom etdi. Kim Kardashyan 2011-yil 31-oktyabrda ajrashish uchun ariza berdi. Kris Hamfris esa nikohni bekor qilishni talab qildi. Ular 2013-yil iyun oyida rasman ajrashdi. Kris Hamfris uzukni qaytarib olib, uni 200 ming dollarga auksionda sotdi. Juftlik teleko‘rsatuvlar, intervyu va fotosessiyalardan umumiy hisobda taxminan 18 million dollar daromad qilgan.

Isha Ambani va Anand Piramal
To‘y narxi: 100 million dollar
2018-yil dekabr oyida Isha Ambani va Anand Piramalning nikoh marosimi global miqyosdagi ijtimoiy voqea sifatida e’tirof etildi. Ular Hindistonning eng boy oilalaridan hisoblanadi. To‘y marosimlari bir necha kun davom etdi. Udaypur shahrida boshlangan tadbirlar Mumbay shahridagi 27 qavatli Antilia saroyida yakunlandi.
Udaypurdagi to‘y marosimlariga 10 000 nafar mehmon yig‘ildi. Ular orasida Hindiston prezidenti Pranab Muherji, AQSH sobiq davlat kotibi Hillari Klinton, Google bosh direktori Sundar Pichai kabi mashhur shaxslar bor edi. Mehmonlar uchun 100 dan ortiq charter reyslari tashkil etildi va 5 ta besh yulduzli mehmonxona band qilindi.
To‘y marosimida Beyonse chiqish qildi, uning gonorari 6 million dollarni tashkil etdi.
Har bir mehmon uchun Dolce & Gabbana brendidan ziraklar tarqatildi. 100 ta maxsus samolyotda mehmonlarni olib kelish va Mumbayning besh yulduzli eng yaxshi mehmonxonalariga joylashtirish ishlari amalga oshirildi.
To‘y xarajatlari 100 million dollar atrofida baholandi, bu uni dunyodagi eng qimmat to‘ylardan biriga aylantirdi.
To‘y marosimlari davomida Ambani oilasi Udaypur shahriga hurmat ifodasi sifatida 5 100 kishiga to‘rt kun davomida uch mahal ovqat taqdim etdi. Hamda mahalliy hunarmandchilik mahsulotlarini namoyish etish uchun bozor tashkil etdi.

Anant Ambani va Radhika Merchant
To‘y narxi: 600 million dollar
2024-yil Mumbay shahrida Isha Ambanining to‘yidan 6 yil o‘tib, uning egizak akasi Anantning to‘yi yanada katta miqyosda bo‘ldi. 12—14-iyul kunlari Anant Ambani va farmatsevtika kompaniyasi egasi Viren Merchantning qizi Radhika Merchant o‘rtasidagi to‘y marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirga 600 million dollar sarflandi.
Bundan oldin, 2024-yil mart oyida juftlik Hindistonning g‘arbiy qismida joylashgan Jamnagar shahrida oldingi to‘y marosimlarini tashkil etdi. Unda Ivanka Tramp oilasi, Mark Sukerberg va xotini, Bill Geyts, Hillari Klinton kabi mashhurlar ishtirok etdi. Tadbirda 1200 mehmon uchun Rianna qo‘shiq kuyladi. May oyida esa juftlik ikkinchi to‘y tadbirini Italiyadagi kruiz kemasida tashkil etdi.
2-iyul kuni Ambanilar oilasi kam ta’minlangan oilalardan bo‘lgan 50 dan ortiq juftlik uchun ommaviy to‘y uyushtirdi. To‘ydan bir hafta oldin, Mumbaydagi Nita Mukesh Ambani madaniy markazida bo‘lib o‘tgan sangeet marosimida, mehmonlar uchun Jastin Biber chiqish qildi. Buning uchun 10 mln dollar pul oldi.
Anant Ambani va Radhika Merchantning to‘yi milliarderlar oilasiga tegishli bo‘lgan Jio World konferensiya markazida va 27 qavatli oilaviy qarorgohda bo‘lib o‘tdi.

Shon Parker va Aleksandra Lenas
To‘y narxi: 9 million dollar
Facebook, Plaxo va Napster hammuassisi, milliarder Shon Parker va Aleksandra Lenas 2013-yil yozida turmush qurdi. Dastlab juftlik “Taxtlar o‘yini” seriali uslubida to‘y o‘tkazishni rejalashtirgan edi, ammo keyin ular boshqa mashhur Gollivud seriyalaridan ham elementlar qo‘shishdi.
Kaliforniyaning Big Sur hududidagi tabiat bog‘ida sahnalar qurildi. Landshaft dizaynerlari va quruvchilar jamoasi Ventana Inn mehmonxonasining hududida haftalar davomida ishlab, fonlar, hovuzlar, tosh darvozalar yaratishdi. Bu ishlarning umumiy qiymati 600 ming dollar bo‘ldi. Vaqtinchalik raqs maydoni 350 ming dollarga baholandi, gullar va o‘simliklar uchun hisob esa 1 million dollarni tashkil etdi. Mehmonlar uchun kiyimlarni “Oskar” mukofoti sohibi N’gila Diksan tikkan. Taklifnomalar esa eski xat kabi yuborildi. Umumiy xarajatlar 9 million dollarni tashkil etdi.
Tadbir nafaqat jamiyat jurnalistlari, balki Kaliforniya shtati rasmiylari tomonidan ham e’tiborga olindi. Natijada Parkerga o‘rmon hududida noqonuniy to‘y o‘tkazgani uchun 2,5 million miqdorida jarima to‘lashga to‘g‘ri keldi.

Donald va Melaniya Tramp
To‘y narxi: 1 million dollar
AQSH prezidenti Donald Tramp va model Melaniya Knaussning 2005-yilda o‘tkazgan to‘yi Trampning uchinchi turmush qurishi edi. Zal 10 ming dona gullar bilan bezatilgan, ammo an’anaviy buket yo‘q edi. Uning o‘rniga Melaniya oq atirgul ushlab turgan edi.
Mehmonlarga qora ikra va Grand Marnier likyori hamda Kristal shampan vinosi bilan tort taqdim etildi. To‘y marosimi Mayami shahridagi cherkovda o‘tkazildi. To‘ydan so‘ng yangi turmush qurganlar Palm Bichga yo‘l oldi. U yerda ularni Trampning villasida 400 ga yaqin mehmonlar kutayotgan edi. Ularning orasida Elton Jon, Arnold Shvarsenegger, Haydi Klum, Klintonlar va Vogue jurnalining bosh muharriri Anna Vintur bo‘lgan.
2005-yil fevralida Vogue jurnalida Melaniya Christian Dior tomonidan tikilgan 100 ming dollar qiymatidagi to‘y libosida suratga tushgan edi. Libosning og‘irligi 22 kilogramm edi va u 1500 dona Swarovski toshlari va 1500 dona marjonlar bilan bezatilgan edi.
Izoh (0)