
Barcha materiallar nafaqat Argentinaga qochib ketgan natsistlar faoliyatini, balki 1976—1983-yillardagi Argentina diktaturasi davridagi harbiy harakatlarni ham qamrab olgan alohida hujjatlar to‘plamiga jamlangan. Hujjatlarni maxfiylikdan chiqarishni Argentinaning amaldagi prezidenti Xavyer Miley buyurgan edi.
Ikkinchi jahon urushidan keyin Argentina va Janubiy Amerikaning boshqa mamlakatlariga 10 mingga yaqin natsist qochib ketgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Vatikanning vakillari ularga soxta hujjatlarni rasmiylashtirish orqali yordam bergan.
Ma’lum bo‘lishicha, urushdan keyin Janubiy Amerikada Osvensim konslageri mahbuslari ustidan tibbiy tajribalar o‘tkazgan natsist Yozef Mengele yashiringan.
Shuningdek, arxivlarda Isroil razvedkasi operatsiyasi natijasida Argentinadan olib chiqib ketilgan va qatl etilgan “Xolokost me’mori” Adolf Eyxman, SS ofitserlari Erix Pribka va Klaus Barbi (“Lion qassobi”), Xorvatiya millatchilik harakatining yetakchisi Ustacha Ante Pavelich haqida so‘z boradi. Bundan tashqari, Janubiy Amerikada Qarshilik harakati a’zolarini o‘ldirish va boshqa jinoyatlar uchun javobgar bo‘lgan Klaus Barbi yashiringan.
Argentina hukumati gestapochi Erix Pribka haqidagi ma’lumotlarni ham e’lon qildi. U 1944-yilda Rimdagi ommaviy qatllar uchun javobgar bo‘lgan. Arxivda Argentinaga qochib ketgan va ismini Pedro Rikardo Olmoga o‘zgartirgan gestapo xodimi Valter Kuchmanga oid hujjatlar mavjud. Uni 1975-yilda topishga muvaffaq bo‘lishgan, ammo o‘shanda u qamoqqa olinish va ekstraditsiyadan qutulgan. 1986-yilda esa Interpol agentlari tomonidan qamoqqa olinganidan so‘ng Buenos Ayresdagi shifoxonada yurak xurujidan vafot etgan.
Arxivlarda tilga olingan shaxslarning ayrimlari Argentinada uzoq yillar yashab, o‘sha yerda vafot etgan, boshqalari, masalan, Pribke, urush paytidagi jinoyatlari uchun ekstraditsiya qilinib, sudlangan. Shuningdek, ayrimlari Argentinadan boshqa mamlakatlarga qochib ketgan.
Natsistlar rejimining eng nomdor shaxslari — Osvensim asirlari ustida tajriba o‘tkazgan doktor Yozef Mengele hamda Xolokost tashkilotchisi, yahudiylarni o‘lim lageriga yuborish operatsiyasini boshqargan Adolf Eyxman ham aynan Argentinadan boshpana topgandi. Nyurenberg jarayonidan keyin Isroil hukumati tomonidan qidiruvga berilgan shaxslar orasida ular mos ravishda ikkinchi va birinchi o‘rinni egallardi.
Izoh (0)