Hammaning ko‘rganda quvonch bag‘ishlaydigan sevimli multfilmi bor. Ba’zilarini so‘zma-so‘z bilamiz, boshqalarini esa qayta-qayta tomosha qilishni xohlaymiz. Ammo sevimli multfilmlaringizdagi xatolar va nomuvofiqliklarni payqaganmisiz? Ushbu maqolada ko‘pchilikning e’tiboridan chetda qolgan eng qiziqarli xatolarni to‘pladik.
“Bremenlik mashshoqlar”
Multfilm kadrlariga qarab, podsho o‘naqaymi yoki chapaqaymi, chalkashib ketish mumkin. Bir kadrda u qoshiqni chap qo‘lida ushlaydi, boshqa kadrda esa o‘ng qo‘lida.
“Uch bahodir dengiz ortida”
Knyaz Vladimir va Yuliy o‘rtasidagi suhbat paytida orqa fonda kontrfors (binolarda devorni mustahkamlab, uning og‘ib ketishiga yo‘l qo‘ymaydigan tirgak) aniq ko‘rinadi. Bir necha soniyadan so‘ng, Po‘stdumba arava bilan zalga kiradi va rasmlar orasidagi devor tekis bo‘lib qoladi.
Alyosha Popovichning ko‘ylagi yoqasida uchburchaklarning joylashishi ham birdan o‘zgaradi. Avvaliga qizil rang paydo bo‘ladi va bir necha soniyadan keyin — to‘q sariq. Bu vaqt ichida qahramon kiyim almashtirishga ulgurolmasdi axir.
“Umka”
“Umka” multfilmida bolaning kiyimida doimo pastki qismida ikkita chiziq bo‘ladi. Biroq u yiqilayotgan paytda, multiplikatorlar e’tiborsizlik qilib, kiyimning pastki qismidagi ingichka chiziq chizishni unutib qo‘yishgan.
“Quvnoq do‘mboqchalar”
Ushbu animatsion serialning turli epizodlarida ko‘plab xatolar va kutilmagan burilishlar mavjud. Masalan, “Skameyka” qismida Quyonvoy skameykadan uzoqlashishi bilanoq “Bo‘yalgan” yozuvi yo‘qoladi.
Olov ustidagi qoraygan choynak qanchalik tez toza bo‘lib qolganini payqadingizmi? Ushbu kadrda Qarg‘avoyning bir soniya ichida paypog‘ini almashtirishga ulgurganini ham ko‘rish mumkin. Paypoqdagi chiziqlar qizildan to‘q sariqqa aylanadi, paypoqning rangi esa yashil emas, balki sarg‘ayib ketadi.
Gav laqabli mushukcha
Multfilmning birinchi qismi 1976-yilda ekranlarga chiqqan. “Faqatgina ko‘ngilsizliklar” seriyasida qahramonlar soyalarida o‘zgarishlar bo‘layotganini kuzatish mumkin. Dastlab Gav mushukchasining soyasi qora mushuk va suv quvurining soyasidan farqlanadi, bir necha kadrdan keyin esa soyalar butunlay g‘oyib bo‘ladi.
“Karlson qaytdi”
“Oybola va uning do‘stlari”
Multfilmda Oybola hovuz tubida baliq bilan to‘p o‘ynaydi. Ammo bunday o‘yinchoqlarning odatda ichi bo‘sh bo‘lishiga qaramay, negadir to‘p suv yuzasiga chiqmaydi.
“Dobrinya Nikitich va Zmey Gorinich”
Qirol qo‘shiq aytayotgan qizlarga butalar orasidan mo‘ralab qarayotganda, uning qo‘lidagi hassasi goh paydo bo‘ladi, goh g‘oyib bo‘ladi.
Xuddi shu narsa Uch boshli ajdarning uyida sodir bo‘ladi. Ular kelgan mehmonlar oldiga dasturxon yozadi, har xil taomlarni qo‘yadi. Sabzini qo‘ymoqchi bo‘lgan Uch boshli ajdar stolga o‘girilganda negadir idish bo‘shab qoladi.
“Shahzoda Ivan va bo‘z bo‘ri”
Vasilisa Ivanning oldiga kelganda, qahramonlar orasidagi bo‘shliqda eshikning bir tabaqali ekani aniq ko‘rinadi. Keyingi kadrda ularning bir-birini quchoqlagani aks etgan, shu payt fondagi eshik sirli tarzda qo‘sh tabaqali eshikka aylanadi.
“Prostokvashino”
Yangi “Prostokvashino”ning ikkinchi epizodida pochtachi Pechkinning velosipedida g‘alati holat yuz beradi. U muzqaymoq yetkazib berishni boshlaydi. Ammo velosipedning egari goh aravachaga yaqinlashadi, goh undan uzoqlashadi — velosiped ramasida ham xuddi shunday holat kuzatiladi.
“Qizaloq va maymoq”
“Birinchi uchrashuv” epizodida Ayiq Mashani uydan haydab chiqarganda, yopilgan eshikda og‘ir lo‘kidon va katta mixlar turibdi. Ammo bir necha soniyadan keyin eshik ichkariga ochilganda, yuzasi butunlay silliq bo‘lib qoladi.
Izoh (0)