Yevropa Ligasi yarim final bosqichidagi ilk bahslar bo‘lib o‘tdi. Unda “Manchester Yunayted” safarda “Atletik”dan yirik hisobda ustun kelgan bo‘lsa, “Tottenhem” o‘z maydonida “Budyo/Glimt”ni mag‘lub etdi.

Bilbaodagi uchrashuv qizg‘in kurashlar ostida boshlandi. Garnachoning 6-daqiqada kiritgan goli ofsayd sabab bekor qilingan bo‘lsa, 30-daqiqaga kelib, mankunianliklar bari-bir o‘z so‘zini ayta oldi. Kazemiro katta sahnaga chiqib, jamoasining o‘yindagi ilk golini kiritdi. Oradan 5 daqiqa o‘tib, “Atletik” futbolchisi qizil kartochka oldi va maydonda bir kishi kam bo‘lib qoldi. 37-daqiqada esa Fernandesh penaltidan jamoasining 2-golini kiritdi.
Uchrashuvning dastlabki taymi oxirida manchesterliklar yana bir marta ispan jamoasi darvozasini ishg‘ol qildi. Gol muallifi — yana Fernandesh.
Bahsning ikkinchi taymi ham qizg‘in o‘tdi, lekin amalda muxlislar hech qanday gollarga guvoh bo‘lmadi va “Manchester Yunayted” yarim finalning ilk bahsida g‘alaba qozonib, o‘z imkoniyatini yaxshilab oldi.
Yarim finalning ikkinchi uchrashuvi Londonda bo‘lib o‘tdi. Unda “Tottenhem” Norvegiyaning “Budyo/Glimt” jamoasini qabul qilib, 3:1 hisobida g‘alaba qozondi. “Shporlar” o‘yinda tezkor gol kiritdi. 1-daqiqada Brendan Jonson raqib darvozasini ishg‘ol qildi. 34-daqiqaga kelib, londonliklar 2-marta Norvegiya jamoasi posbonini ranjitdi. Uchrashuvning ilk bo‘limi ushbu hisob bilan yakunlandi.
Ikkinchi taymda “Tottenhem” yana bir bor to‘p kiritishni uddaladi. 61-daqiqada Dominik Solanke jamoasining o‘yindagi 3-golini kiritdi.
Uchrashuv yakuni arafasida “Budyo/Glimt” hisobni bittaga qisqartirdi. Gol muallifi — Ulrik Saltnes. O‘yinni qolgan daqiqalari ham qizg‘in kechdi, biroq darvozalar boshqa ishg‘ol qilinmadi. Shu tariqa London klubi yarim finalning birinchi uchrashuvida g‘alaba qozondi.
Mazkur jamoalar o‘rtasidadagi javob bahsi 8-may oqshomida bo‘lib o‘tadi.
Yevropa Ligasi
Yarim final
“Atletik” — “Manchester Yunayted” 0:3
Gollar: 0:1 — Kazemiro (30), 0:2 — Fernandesh (penalti, 37), 0:3 — Fernandesh (45).
“Tottenhem” — “Budyo/Glimt” 3:1
Gollar: 1:0 — Jonson (1), 2:0 — Meddison (34), 3:0 — Solanke (penalti, 61), 3:1 — Saltnes (83)
Izoh (0)