Prezident Shavkat Mirziyoyev elektr va gaz bo‘yicha yangi tariflarning kuchga kirish muddatini bejizga bir oyga uzaytirmagani oydinlashdi.
Shu vaqt oralig‘ida ikki hujjat tayyorlandi va unga ko‘ra aholi uchun qator imtiyozlar joriy qilindi. Shunday bo‘lyaptiki, 1 maydan elektr uchun oshiriladigan narxlar iste’molchilarning katta qismi uchun deyarli sezilmaydi. Qanday qilib deysizmi? Unda maqolaning davomini o‘qing.
Narxlardagi o‘zgarish
Avvalroq 1 apreldan 200 kVt/soatgacha bo‘lgan oylik iste’mol uchun tarif 450 so‘mdan 600 so‘mga, 200 kVt/soatdan 1000 kVt/soatgacha bo‘lgan tarif 900 so‘mdan 1000 so‘mga oshishi e’lon qilingandi.
Biroq keyinroq elektr energiyasi va gaz bo‘yicha yangi tariflarning kuchga kirish muddati uzaytirildi. Yangi tariflar avval rejalashtirilgani kabi 1 apreldan emas, 1 maydan kuchga kiradigan bo‘ldi.
Davlat rahbarining topshirig‘i asosida Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 16 apreldagi qarori bilan tasdiqlangan grafikka o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritildi.
Ro‘yxatga yangi band kiritildi
Jadvaldagi o‘zgartirishlarga e’tibor qilgan bo‘lsangiz, tariflar grafigida yangi band paydo bo‘lgan.
Endi ijtimoiy norma hisoblangan 200 kVt/soatgacha bo‘lgan oylik iste’moldan keyingi norma avvalgidek 1000 kVt/soatgacha emas. O‘rtaliqda 500 kVt/soatgacha bo‘lgan norma kiritilgan.
Demak, endi oylik iste’molingiz 200 kVt/soatdan oshsa va 500 kVt/soatgacha yetsa, bazaviy me’yordan ziyod qismi uchun 1000 so‘mdan emas, 800 so‘mdan to‘laysiz! Shunda bazaviy me’yordan oshgan 500 kVt/soatgacha elektrning narxi avvalgidan ham arzon (avval 900 so‘m edi, endi 800 so‘m) bo‘ladi.
Elektr narxi oshgani kimlarga sezilmaydi?
Energetika vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda 7 mln 629 ming nafar abonent mavjud. Shundan oyiga 500 kVt/soatgacha elektr ishlatadigan abonentlar soni 6 mln 705 mingtani, ya’ni jami iste’molchilarning 88 foizini tashkil etadi.
Yuqorida kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, shuncha aholi bazaviy me’yordan (200 kVt/soatdan 500 kVt/soatgacha) oshgan elektr uchun avvalgidek 900 so‘mdan emas, 800 so‘mdan to‘laydi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, oyiga 500 kVt/soatgacha elektr ishlatadiganlarga 1 maydan narxlarning oshishi sezilmaydi.
1 mayga qadar:
• Ijtimoiy norma hisoblangan 200 kVt/soatgacha bo‘lgan tarif — 450 so‘mdan, ya’ni oyiga 90 ming so‘m edi.
• 200 kVt/soatdan 500 kVt/soatgacha bo‘lgan qismi uchun tarif — 900 so‘mdan, ya’ni oyiga 270 ming so‘m hisoblanardi.
• Jami summa: 90 000 + 270 000 = 360 ming so‘m.
1 maydan keyin:
• Ijtimoiy norma hisoblangan 200 kVt/soatgacha bo‘lgan yangi tarif — 600 so‘mdan, ya’ni oyiga 120 ming so‘m bo‘ladi.
• 200 kVt/soatdan 500 kVt/soatgacha bo‘lgan qismi uchun yangi tarif — 800 so‘mdan, ya’ni oyiga 240 ming so‘m hisoblanadi.
• Jami summa: 120 000 + 240 000 = 360 ming so‘m.
Demak, oyiga 500 kVt/soatgacha elektr ishlatadiganlar uchun umumiy xarajat o‘zgarmagan: oylik sarf 360 ming so‘m bo‘lib qolaveradi.
Byudjetga katta yuk tushmasligi kerak
O‘zbekistonda energiya resurslari tariflari 2019 yil avgustdan 2024 yil 1 mayigacha bo‘lgan qariyb 5 yil davomida oshirilmagandi. Tariflar oradan yana bir yil o‘tib, 1 maydan o‘zgarmoqda. Hukumat qarori bilan o‘rnatilgan yangi tartibga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan boshlab elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlari har yili 1 maydan bir yilda bir marotaba inflyasiya darajasidan kelib chiqqan holda 10 foizdan yuqori bo‘lmagan holda indeksatsiya qilib boriladi.
Energiya narxlari davlat tomonidan subsidiyalanganda, byudjetga katta yuk tushadi. Narxlarning me’yor darajasiga keltirilishi subsidiyalarga bog‘liqlikni kamaytiradi va mablag‘larni ko‘proq ta’lim, tibbiyot va infratuzilma rivojiga yo‘naltirish imkonini beradi.
Narxlar o‘zgarishi boshqalarga qaraganda kam daromadli oilalarga ko‘proq ta’sir qilishi tabiiy. Shundan kelib chiqib, Prezidentning “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishda ehtiyojmand aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ham qabul qilindi va ushbu qatlam davlat himoyasiga olindi.
1 milliondan ortiq oilaga 1 million so‘mdan moddiy yordam
Prezidentning qarori bilan 2025/2026 yilgi isitish mavsumi oldidan Reyestrlarga kiritilgan oilalarga, “mahalla yettiligi” xulosasi asosida Reyestrlarga kiritilmagan, biroq yordamga muhtoj oilalarga 1 million so‘mdan bir martalik moddiy yordam ajratiladi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu norma orqali 1,3 mln oila qamrab olinadi va buning uchun 1,3 trln so‘m sarflanadi.
Shuningdek, 2025 yil 1 maydan 2027 yil 1 aprelga qadar “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali bolalar nafaqasi va moddiy yordam oluvchi oilalarga, Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarga, shuningdek, ikkala Reyestrga ham kirmagan, ammo mol-mulki kam va oylik daromadi har bir oila a’zosiga 1 mln so‘mdan oz bo‘lgan oilalarga gaz va elektr to‘lovi uchun kompensatsiya ajratiladi.
Shunda elektr uchun – oyiga bazaviy me’yordan (ya’ni, 200kVt soatdan) ortiq foydalanilgan 150 kVt soatgacha, gaz uchun – noyabr-fevral oylarida bazaviy me’yordan (ya’ni, 500 kub metrdan) ko‘p foydalanilgan 250 kub metrgacha, boshqa davrlarda esa 150 kub metrgacha ortiq foydalanilgan qismi to‘lab beriladi. Bunda bazaviy me’yordan oshgan narxlar o‘rtasidagi farq qoplanadi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu norma orqali 280 mingga yaqin oila qamrab olinishi va buning uchun yiliga 220 mlrd so‘m ajratilishi kutilmoqda.
Bir tomonda — energetika sohasidagi bozor islohotlari. Ikkinchi tarafda — aholining manfaatlari. Yangi tarif siyosati shu ikki oraliq muvozanatini topa oldi. Narx oshadi, lekin xalqning katta qismiga bu qattiq sezilmaydi. Chunki davlat faqat narxni emas, mexanizmlarni ham o‘zgartirmoqda. Bu esa, islohotni og‘riqsiz o‘tkazishga imkon beradi.
M.Jo‘rayev, ekspert
Izoh (0)