O‘zbekiston matbuot erkinligi indeksida dunyoning 180 ta davlati ichida 148-o‘rinni egalladi. Respublika 2024-yilgi reytingda ham shunday o‘rinni qayd etgandi.
Reyting har yili “Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti tomonidan jahon matbuot erkinligi kuni arafasida e’lon qilinadi. Ilk bor xalqaro ommaviy axborot vositalari erkinligi holati “og‘ir” deb tasniflanmoqda. Bu avval e’lon qilingan “muammoli” maqomga nisbatan pasayishdir.
Reytingda milliy matbuot erkinligi beshta ko‘rsatkichga ko‘ra baholanadi. Har bir mamlakatdagi iqtisodiy, siyosiy, huquqiy va ijtimoiy-madaniy kontekstlar, shuningdek, ularning xavfsizlik holati inobatga olinadi.
2025-yilda ushbu ko‘rsatkichlar (jami 100 balldan) 180 ta davlatda o‘rtacha 54,7 ballni qayd etgan. Xalqaro o‘rtacha iqtisodiy ko‘rsatkich 44,1 ballni tashkil etgan. Bu ham rekord darajadagi eng past ko‘rsatkich bo‘lib, o‘tgan yilgi 46,4 ball edi.
Markaziy Osiyo davlatlarida so‘z erkinligi
- Qozog‘iston — 141-o‘rin (142-o‘rin edi)
- Qirg‘iziston — 144-o‘rin (120-o‘rin edi)
- O‘zbekiston — 148-o‘rin (o‘zgarishsiz qoldi)
- Tojikiston — 153-o‘rin (155-o‘rin edi)
- Turkmaniston — 174-o‘rin (175-o‘rin edi)
“Chegara bilmas muxbirlar” ta’kidlashicha, Yevropada matbuot erkinligi borasida “borgan sari ko‘proq bo‘linish” kuzatilmoqda. Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi esa “butun dunyo bo‘yicha eng keskin pasayishni” boshdan kechirmoqda.
Yevropa Ittifoqi va Bolqon mintaqalari global miqyosda eng yuqori reytingni saqlab qolayotgan bo‘lsa-da, ushbu guruhga kiruvchi 40 mamlakatning 28 tasida iqtisodiy vaziyat o‘tgan yilga nisbatan yomonlashgan.
Dunyo bo‘ylab 180 ta davlatdan 112 tasida matbuot erkinligi indeksi pasaygan. Qo‘shma Shtatlar ikki pog‘ona pastlab, 57-o‘rinni egallagan. Isroil 11 pog‘onaga tushib, 112-o‘rinni qayd etgan. Rossiya 9 pog‘onaga pasayib, 171-o‘rinni qayd etgan. Ukrainada 1 pog‘ona pasayish, 61-o‘rin, Xitoyda esa 6 pog‘ona pasayish, 178-o‘rin berilgan.
Izoh (0)