Prezident Shavkat Mirziyoyev 24-fevral kuni bojxona faoliyatini takomillashtirish va raqamlashtirishga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Mintaqaviy va xalqaro iqtisodiy aloqalarni yaxshilash maqsadida bu sohada ko‘p ishlar qilindi. O‘nga yaqin davlatlar bilan oldindan axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yildi, bojxona rasmiylashtiruvi va maʼlumotlarni qayta ishlash markazlari tashkil etildi. 4 ta yirik bojxona postida terminallar qurildi, 20 dan ziyodi yangi uskunalar bilan taʼminlandi. Tadbirkorlar uchun 35 ta axborot tizimi joriy qilinib, eksport jarayonlari 9 bosqichdan 3 bosqichga tushdi.
Bularning natijasida chegara orqali transportlar harakati 8 barobar ko‘payib, qariyb 5 milliontaga yetdi. Byudjetga tushumlar 9 barobar o‘sib, o‘tgan yili 63 trillion so‘mdan oshdi. Yuklarni rasmiylashtirish vaqti importda 3 soat, eksportda 20 daqiqagacha qisqardi.
Umuman, tizim soddalashtirilishi orqali 6 mingga yaqin eksportyor hamda 20 mingga yaqin importyorning sarf-xarajati va vaqti tejalgan. Xalqaro logistika reytingida bojxona ko‘rsatkichi bo‘yicha O‘zbekiston 140-o‘rindan 74-o‘ringa ko‘tarilgan.

Lekin hali raqamlashtirish, jarayonni tezlashtirish va qulaylashtirish bo‘yicha vazifalar ko‘p. Taqdimotda shu boradagi chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi.
So‘nggi yillarda bojxona hududida qayta ishlash turlari kengaytirilgani samarasida bu tarzda eksport qilingan tovarlar ulushi o‘tgan yili 1 milliard dollardan oshgan. Bu tizimni yanada soddalashtirib, shu yilning o‘zida eksportni 1,5 milliard dollarga yetkazish mumkin.
Qo‘shni davlatlar bilan savdo va turizm aloqalari kengayib borayotgani tufayli chegaradagi yo‘lovchilar va avtotransport oqimi kamida 2 karra oshishi kutilmoqda. Bu qo‘shimcha infratuzilma yaratib, postlarda o‘tkazuvchanlikni oshirishni talab qiladi.

Jumladan, xalqaro qatnovlarni ko‘paytirish maqsadida avtobuslarda ham, aviareyslardagidek, yo‘lovchilar haqidagi maʼlumotlarni oldindan olish tizimi ko‘zda tutilmoqda. Natijada avtobuslar chegaradan soddalashgan tartibda o‘tkazilib, rasmiylashtirish vaqti 2 barobar qisqaradi. Shuningdek, eng yirik bojxona postlarida yengil avtomobil va avtobuslar uchun qizil va yashil yo‘laklar joriy qilish taklif etilmoqda.
Bojxona kuzatuvida sunʼiy intellektni keng qo‘llash masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Shu maqsadda Jahon banki mutaxassislari ko‘magida “xavf tizimi” takomillashtiriladi. Bu tizim moliyaviy barqarorlik, savdo tarixi kabi 122 ta mezon bo‘yicha tadbirkorlarning ishonchlilik darajasini baholaydi. Shuningdek, rentgen tasvirlari sunʼiy intellekt asosida tahlil qilinib, xavfli tovarlar avtomatik aniqlanadi.
Davlat rahbari bu takliflarni maʼqullab, sohada xalq uchun yengilliklar yaratish, tadbirkorlar va turistlarga tezkor xizmat ko‘rsatish zarurligini taʼkidladi. Jahon savdo tashkilotiga aʼzo bo‘lish jarayonida bunga bojxona qonunchiligini to‘liq muvofiqlashtirish vazifasi qo‘yildi.

Bojxona instituti salohiyatini oshirish, sunʼiy intellekt, raqamli texnologiyalar, tahlika-tahlil bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlash, dual taʼlimni kengaytirib, amaliyotni yaxshilash muhimligi qayd etildi.
Izoh (0)