Gaagadagi Xalqaro sud sudyasi sifatida 2015-yildan beri faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Rossiya vakili Kirill Gevorgyan ikkinchi muddatga qayta saylanmadi. BMT Bosh assambleyasida bo‘lib o‘tgan ovoz berish chog‘ida u assambleyaning 117 nafar a’zosi qo‘llab-quvvatlagan Ruminiya vakili Bogdan-Luchian Aureskuga yutqazdi, deb xabar beradi DW.
Sovet ittifoqi va Rossiya sudyalari 1946-yildan beri BMT sud organi tarkibida bo‘lib kelayotgan edi. Shu tariqa, birinchi marta BMT Xalqaro sudida Rossiya vakili bo‘lmaydi.
Aureskudan tashqari yana uch yangi sudya —Sara Xall Klivlend (AQSh), Xuan Verdusko (Meksika) va Dire Tladi (Janubiy Afrika) BMT Xalqaro sudiga saylandi, amaldagi sudya, Avstraliya vakili Xilari Charlzuort esa qayta saylandi.
BMT Xalqaro sudi 15 sudyadan iborat bo‘lib, ularning vakolat muddati — to‘qqiz yil. Shu bilan birga, bo‘sh qolgan besh o‘rin uchun har uch yilda bir marta saylovlar o‘tkaziladi. Ketma-ket bir necha muddat ishlash uchun hech qanday taqiq yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, oktyabr oyida Armaniston parlamenti Gaagadagi Xalqaro jinoiy sudning Rim statutini ratifikatsiya qilish uchun ovoz bergandi. Rossiya Armanistonda Rim statuti ratifikatsiya qilinishiga faol qarshi chiqdi — ular XJS Vladimir Putin va Mariya Lvova-Belovani hibsga olishga order bergan bir paytda Yerevanning bunday qarori nomaqbul deb ataldi.
Izoh (0)