Polsha chegarachilari 56 ta buyrakni noqonuniy sotishda ayblangan ukrainalik ayolni hibsga oldi. E’tiborlisi, u Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari tomonidan 12 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi. Bu haqda seshanba kuni Polsha prokuraturasi ma’lum qildi.
Polyak rasmiylari 35 yoshli ayolning ismini Ksenia P. deb ochiqlamoqda. U Interpolning qizil xabarnomasiga binoan Polsha va Ukraina chegarasidagi temir yo‘l o‘tish punktida qo‘lga olingan. Bu haqda Przemysl shahar prokuraturasi vakili Marta Petkovskaning bayonotida so‘z boradi.
Rasmiylar uning nega Qozog‘istonda emasligi haqida tushuntirish bermadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, u 2020-yil noyabrdan buyon Interpol qidiruvida bo‘lgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Ksenia P. 2017-2019-yillarda xalqaro jinoiy guruh tarkibida bo‘lib, inson a’zolarini noqonuniy ravishda olish va qora bozorda sotish bilan shug‘ullangan.
Uning Qozog‘iston, Armaniston, Ozarbayjon, Ukraina, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston va Tailand fuqarolaridan noqonuniy ravishda 56 ta buyrak olgani va bu ishni daromad manbaiga aylantirgani aniqlangan.
Prokuratura ayolni Qozog‘istonga ekstraditsiya qilish uchun bir haftalik qamoq ehtiyot chorasi qo‘llash bo‘yicha sudga iltimosnoma kiritdi.
Izoh (0)