Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti tashkil etiladi. Bu haqda prezidentning 28-apreldagi “Pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilandi.

Farmonga ko‘ra universitet Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti negizida tashkil etiladi. Universitet respublikada pedagog kadrlar tayyorlash bo‘yicha yetakchi oliy ta’lim tashkiloti etib belgilandi.
2025/2026-o‘quv yilidan boshlab bosqichma-bosqich universitetning boshqaruv tizimi “Yangi O‘zbekiston” universiteti tajribasi asosida tubdan takomillashtiriladi. Universitetning mavjud 14 ta fakulteti maqbullashtirilib, 6 ta pedagogika oliy maktablari tashkil etiladi. Universitetning bakalavriat taʼlim yo‘nalishlariga birinchi kursdan xalqaro taʼlim dasturlari joriy etiladi.
2025/26-o‘quv yilidan boshlab:
- pedagog kadrlarni tayyorlash faqat kunduzgi va kechki taʼlim shakli bo‘yicha tashkil etilib, sirtqi taʼlim shakliga qabul amalga oshirilmaydi;
- oliy pedagogik taʼlim yo‘nalishida nodavlat taʼlim xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi xulosasi asosida amalga oshiriladi;
2026/27-o‘quv yilidan boshlab:
- pedagogika oliy taʼlim tashkilotlarida universitetga ravishda boshqaruv tizimi takomillashtiriladi va xalqaro taʼlim dasturlari bosqichma-bosqich joriy etib boriladi;
- Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan davlat va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlarida pedagog kadrlar tayyorlash sifatini tahlil qilish maqsadida talabalarning bilimlarini tashqi diagnostika qilish tizimi joriy etiladi;
- alohida taʼlim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga taʼlim-tarbiya berish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida “Gospital pedagogika” magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
Farmonga ko‘ra, maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti xodimlariga Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutining tegishli xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlari tatbiq etiladi.
Toshkent davlat pedagogika universiteti transformatsiya qilinib, O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti tashkil etilishi haqida Shavkat Mirziyoyevga 21-aprel kuni maktab taʼlimi sifatini oshirish hamda pedagoglar tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid taqdimot o‘tkazilganda e’lon qilingandi. Universitet barcha hududlardagi pedagogika institutlari uchun tayanch oliygoh bo‘ladi.
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti haqida
Oliygoh 1935-yilda tashkil etilgan bo‘lib, 1947-yilda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti deb qayta nomlangan. Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 24 fevraldagi qaroriga muvofiq institutga Nizomiy nomli Toshkent davlat pedagogika universiteti maqomi berilgan.
Ayni paytda universitetda 14 ta fakultet va 54 ta kafedra faoliyat yuritmoqda. Bular Xorijiy tillar, Tarix, Fizika-matematika, Tabiiy fanlar, Kasb ta’limi, Musiqa madaniyati, O‘zbek tili va adabiyoti, Pedagogika va Psixologiya, Chaqiriqqacha yoshlarni tayyorlash, Boshlang‘ich ta’lim va jismoniy tarbiya fakultetlaridir.
Izoh (0)