Nemis jurnalisti Xayo Zeppelt rossiyalik biznesmen Alisher Usmonov tomonidan Xalqaro qilichbozlik federatsiyasida (XQF) “sudyalarni sotib olish” tizimi yaratilgani haqidagi gaplari ishonchsizligini tan oldi.
“Zeppelt Usmonovga nisbatan noqonuniy xatti-harakatlarni to‘xtatish to‘g‘risida shaxsiy arizaga imzo chekdi. U o‘z majburiyatlari buzilgan taqdirda javobgarlikka tortilishiga tayyorligini bildirdi”, deyiladi xabarda.
2024-yilning avgust oyida Germaniyaning ARD milliy telekanali Parij Olimpiadasidagi qilichbozlik haqida bir nechta maqola va videoreportajni e’lon qilgan. Ularda Zeppelt Usmonovni ushbu sport turida “sudyalarga pora berish” tizimini yaratishda ayblagan.
Misol tariqasida u gruziyalik qilichboz Sandro Bazadzening 1/8 finaldagi mag‘lubiyatini keltirgan va uning mag‘lubiyatida hakamlikni ayblagan. Keyinroq Gruziya qilichbozlik federatsiyasi prezidenti Merab Bazadze bu bayonotini qaytarib olgan va XQFdan uzr so‘ragan. ARD’ning da’volarini XQF rahbari Emmanuel Katsiadakis ham rad etgan.
ARD materiallarini qayta chop etgan Germaniyaning bir qator nashri Usmonovning advokatlari talabiga ko‘ra o‘z nashrlarini tuzatgan.
Oktyabr oyi boshida Gamburg viloyat sudi Zeppeltga qarshi ishda Usmonov tarafini olgan va “shubhaga asoslangan nomaqbul xabarlar” tarqatilishiga qarshi qaror chiqargan edi. Shundan so‘ng ARD telekanali jurnalist rossiyalik tadbirkorga qarshi ayblovlar qo‘ygan xabarni o‘chirib tashlagan.
13,4 milliard dollar boyligi bilan rossiyalik eng boylar ro‘yxatida to‘qqizinchi o‘rinda turuvchi, USM asoschisi Alisher Usmonov Kyoln prokuraturasiga ARD jurnalisti Xans-Yoaxim Zeppeltga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilishini so‘rab ariza bergan.
“Zeppelt va ARD-Sportschau asosiy jurnalistika standartlari va matbuot kodeksini buzgan. Qonunda bunday qabih g‘arazli gaplar uchun javobgarlik belgilangan. Zeppelt Usmonovning obro‘siga putur yetkazishga urindi. Ammo uning hech qanday faktlari bo‘lmagan. Bu jurnalistika emas, bu sharmandalik”, deydi Shtaynxofel.
Izoh (0)