Prezident Shavkat Mirziyoyev 29-aprel kuni Butunjahon suzish federatsiyasi rahbari, Osiyo Olimpiya kengashi bosh direktori Husayn al-Musallam va Milliy olimpiya qo‘mitalari assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Shayx Javʼan bin Hamad Ol Soniyni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Sport sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yana-da kengaytirish, olimpiya harakatini qo‘llab-quvvatlash, mamlakatda professional va ommaviy sportni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv avvalida Shayx Javʼan bin Hamad Ol Soniy O‘zbekiston yetakchisiga Qatar amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Ushbu xalqaro sport tashkilotlari bilan amaliy hamkorlik yuksak darajaga ko‘tarilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Butunjahon suzish federatsiyasi bilan sheriklikni mustahkamlash, mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha dasturlarni amalga oshirish, shuningdek, O‘zbekistonda suv sporti turlari uchun zamonaviy va hammabop infratuzilma yaratishga alohida eʼtibor qaratildi.

Mamlakatda yirik xalqaro musobaqalar, Osiyo Olimpiya kengashi Assambleyasi yig‘ilishi va Olimpiya qo‘mitalari assotsiatsiyasining yirik tadbirlarini o‘tkazish masalalari ham muhokama qilindi.
Izoh (0)