Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 2024-yil yakunlariga ko‘ra davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlik bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholashga qaratilgan Ochiqlik indeksi natijalarini e’lon qildi.
Indeks 84 ta baholash mezonidan tarkib topgan 8 ta indikator asosida shakllantirib kelinmoqda. Bu yilgi baholashda jami 98 ta vazirlik, idora va muassasalar qamrab olingan bo‘lib, ulardan 20 tasi vazirlik, 16 tasi agentlik, 10 tasi qo‘mita, 14 tasi mahalliy davlat hokimiyati organlari, 22 tasi aksiyadorlik jamiyatlari va 9 tasi banklardir.

Baholash toifalari:
- 71 balldan 100 ballgacha — “yashil”
- 55 balldan 71 ballgacha — “sariq”
- 55 balldan past bo‘lganda — “qizil” toifada baholangan.
Baholash natijalariga ko‘ra:
- 50 ta davlat organi “yashil” (2023-yilda 31 ta),
- 35 tasi “sariq” (2023-yilda 43 ta)
- 13 tasi “qizil” (2023-yilda 29 ta) samaradorlik ko‘rsatkichlarini qayd etdi.
Joriy yil baholashda o‘tgan yilga nisbatan “yashil” toifada baholangan davlat idoralari ko‘lami 21 foizga ko‘payib, “qizil” toifadagilar 15 foizga (ijobiy o‘sish ko‘rsatkichlari bo‘yicha) kamaygan. Tahlillar ko‘rsatishicha, bu yil reyting natijalari o‘rtacha 70 ballni tashkil etib, 2023-yilga nisbatan 8 ballga oshgan.
Eng yuqori samaradorlik ko‘rsatkichlari quyidagilarda:
- “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ (91 ball),
- Soliq qo‘mitasi (90 ball),
- “O‘zavtosanoat” AJ (89 ball)
- “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ (89 ball).
Eng yuqori ijobiy o‘sish esa quyidagilarda qayd etilgan:
- Uzbekistan Airways AJ (+42 ball),
- Transport nazorati inspeksiyasi (+46 ball),
- Sport vazirligi (+47 ball),
- Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi (+52 ball).
Respublika darajasida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi (32 ball), Gidrometeorologiya xizmati agentligi (45 ball), Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi (50 ball) va Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi (51 ball) “qizil” toifada baholangan.
Vazirliklar orasidagi ko‘rsatkich
Ochiqlik indeksida vazirliklar orasidagi eng yuqori natijani Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi qo‘lga kiritgan. Eng past ko‘rsatkich Tashqi ishlar vazirligiga to‘g‘ri kelgan. Vazirliklarning hech biri “qizil” toifaga kirmagan.

Hokimliklardagi ko‘rsatkichlar
Ochiqlik indeksi bo‘yicha Xorazm, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Toshkent viloyatlarida yuqori ko‘rsatkich qayd etilgan (yashil toifa), Buxoro, Namangan, Surxondaryo va Toshkent shahar hokimligi sariq toifada, Farg‘ona, Sirdaryo, Jizzax, Andijon hokimligi esa qizil toifada qayd etilgan.

Ochiqlik indeksi haqida
Ochiqlik indeksi davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlik bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholashga qaratilgan. Ularning ochiqlik darajasi quyidagi 8 ta indikator asosida baholab boriladi:
- davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlikni ta’minlashga mas’ul bo‘lgan xodimlar faoliyatining samaradorligi;
- davlat organlari va tashkilotlarining rasmiy veb-saytlarida axborotlarni joylashtirish va elektron davlat xizmatlari ko‘rsatish holati;
- ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlarni qonunchilikda belgilangan axborot resurslarida e’lon qilish va jamoatchilik oldida hisobdorlik tizimining yo‘lga qo‘yilishi;
- byudjet jarayonining ochiqligini ta’minlashga oid ma’lumotlarning rasmiy veb-saytda joylashtirilishi;
- Ochiq ma’lumotlar portalida ma’lumotlar joylashtirilishi;
- ommaviy kommunikatsiya texnologiyalarining joriy qilinishi;
- korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va ularning oldini olishda ochiqlik tamoyillaridan foydalanish holati;
- jamoatchilik kengashi faoliyatining samaradorligi.
Ushbu indeks O‘zbekiston prezidentining 2022-yil 14-iyundagi farmoni bilan mamlakatda joriy etilgan edi. O‘sha yilning avgustida prezident tomonidan imzolangan qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun mansabdor shaxslarga BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha jarima solish belgilandi.
Izoh (0)