Shavkat Mirziyoyev Eron portidagi portlash yuzasidan mamlakat prezidentiga ta’ziya bildirdi.

Prezident matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, davlat rahbari Eronning Bandar Abbos shahridagi Shahid-Rajoiy porti hududida ro‘y bergan portlash oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani va jiddiy jarohat olgani, katta talafotlar ko‘rilgani munosabati bilan Mas’ud Pezeshkiyonga ta’ziya maktubi yo‘lladi.
Davlat rahbari vafot etganlarning yaqinlariga sabr-toqat va bardamlik, jarohat olganlar tez fursatda shifo topishini tiladi.
Eronning Shahid-Rajai portida kuchli portlash 26-aprel kuni sodir bo‘lgandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, raketa yonilg‘isi komponentlari bo‘lgan konteynerlar portlagan. Buning oqibatida vafot etganlar 25 nafarga yetdi, jarohatlanganlar soni 1139 kishini tashkil qilmoqda, yana 6 kishi bedarak yo‘qolgan.
Port joylashgan Hormozgan viloyatida uch kunlik motam e’lon qilindi.
Shahid-Rajoiy porti — Eronning eng yirik va Markaziy Osiyoga kirishdagi muhim dengiz portlaridan biridir. Markaziy Osiyo davlatlarining ko‘pchiligi dengizga chiqish yo‘llariga ega emasligi sabab ular o‘z tashqi savdosi uchun Eron portlaridan, jumladan Shahid-Rajoiy portidan foydalanadi. Ushbu portda mamlakatdagi konteynerli yuk tashishlarning deyarli 80 foizi amalga oshiriladi.
Izoh (0)