Xitoydagi restoranda 29-aprel kuni yuz bergan yong‘in oqibatida 22 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda ABC News xabar berdi.

Hodisa Liaoning provinsiyasining Lyaoyang shahridagi turar joy hududida joylashgan restoranda yuz bergan. Yong‘in oqibatida uch kishi jiddiy jarohat olgan. Yong‘in binoni qamrab olgan, hodisa aks etgan videoda quyuq qora tutun bino ustidan ko‘tarilganini ko‘rish mumkin. Hozirda yong‘in sabablari noma’lum.
Prezident Si Szinpin yong‘in “katta yo‘qotishlarga” olib kelganini va undan olingan saboqlar “juda jiddiy” bo‘lganini aytgan. U mahalliy rasmiylarga hodisa sababini tezda aniqlash, qurbonlarning oilasiga yordam berish, jabrlanganlarga tibbiy yordam ko‘rsatish va aybdorlarni javobgarlikka tortishni buyurgan.
Xitoyda bunday fojialar ko‘pincha yong‘in xavfsizligi qoidalarining buzilishi tufayli yuz beradi. Jumladan, aprel oyi boshida shu sabab bilan mamlakatdagi qariyalar uyida 20 kishi halok bo‘lgandi.
2024-yil Xitoyda gaz sizib chiqishi sababli bir nechta jiddiy portlashlar yuz bergandi. Masalan, mart oyida Xebey provinsiyasidagi restoranda ro‘y bergan portlashda 2 kishi halok bo‘lgan, 26 kishi jarohat olgan. Sentyabrda esa janubdagi Shenchjen shahridagi ko‘p qavatli binoda portlash oqibatida 1 kishi halok bo‘lgan.
Izoh (0)