“Andijon turmasi” nomi bilan tanilgan 3-son tergov hibsxonasi shahar chekkasiga ko‘chiriladi. Bu haqda 16-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev raisligidagi yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Prezident matbuot xizmatining bildirishicha, shahar markazida joylashgan ushbu tergov hibsxonasi o‘rnida zamonaviy ko‘ngilochar savdo va servis markazi barpo etilishi belgilandi.
Kundan kunga shahar ko‘rkiga ko‘rk qo‘shilib turgan vaqtda 100 yil oldin qurilgan bunday “sovuq” binoning markazda bo‘lishi noto‘g‘ri ekani qayd etildi, deyiladi xabarda.
“Andijon turmasi” — Andijon shahri markazida joylashgan 3-son tergov hibsxonasi 1917-yilda qurilgan. Hibsxonada sport maydonchasi, oshxona, 1 ta fuqarolarni qabul qilish xonasi, 3 ta advokatlar xonasi, 2 ta tergovchilar xonasi mavjud.
Yig‘ilishda prezident Andijon viloyatiga qo‘shimcha 1 trillion so‘m yo‘naltirilishini ham aytdi. Viloyat hokimligi, viloyat tashkilotlari rahbarlari, 16 ta shahar va tuman hokimlari aholi va tadbirkorlarni har kuni eshitib, hozirgi sur’atni saqlab qolishi shartligini ko‘rsatib o‘tdi. Andijonda bo‘sh yotgan barcha yer va binolar auksionga chiqariladi. Bosh prokuratura bu borada qat’iy nazorat o‘rnatadi.
Izoh (0)