“Inter Mayami” hujumchisi Lionel Messi “Barselona”ga qaytishni xohlamayapti. Bu haqda Sport.es xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, Messi Kataloniya klubi rahbariyati bilan yomon munosabatlar sababli “Barselona” bilan har qanaqa aloqa o‘rnatishni istamayapti. Hatto argentinalik futbolchi “ko‘k-anorranglilar” safida o‘z sharafiga o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan xayrlashuv uchrashuvida ham ishtirok etishni rejalashtirmayotgani aytilmoqda.
Ma’lumot uchun, argentinalik yuluz 2004-yildan 2021-yilga qadar kataloniyaliklar sharafini himoya qilgan. U klub safida 778 ta uchrashuvda maydonga tushib, 672 ta gol hamda 269 assist muallifiga aylangan.
Messi 2023-yilning yozidan beri “Inter Mayami” safida to‘p surmoqda. Futbolchi shu vaqtga qadar 49 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga 42 ta gol va 21 ta golli uzatma yozdirib qo‘ygan. Uning klub bilan amaldagi shartnomasi 2025-yil oxiriga qadar mo‘ljallangan. Transfermarkt portali Messining hozirgi qiymatini 20 million yevroga baholamoqda.
Izoh (0)