Kino olamida aktyorlar turli xarakterlarni gavdalantiradi: ba’zilari qalbimizni zabt etsa, boshqalari esa g‘azabimizni qo‘zg‘atadi. Ayniqsa, yovuz qahramonlarni shu qadar ishonarli ijro etishadiki, tomoshabinlar ularni haqiqatda ham shunday deb o‘ylab qoladi. Bu esa aktyorlar uchun chinakam sinovga aylanadi: sahnadagi rol uchun real hayotda nafrat, tahdid va salbiy munosabatlar vujudga keladi. Quyida kinodagi obrazlari sababli hayotda ko‘plab negativga uchragan aktyorlar haqida hikoya qilamiz.
Jek Glison

Irlandiyalik aktyor Jek Glison “Taxtlar o‘yini” serialida Joffri Barateon rolini ijro etgan. U bu yovuz qirol obraziga 17 yoshida tasdiqlangan va 2012-yilda IGN Summer Movie Awards mukofotida “Televideniyedagi eng yaxshi yovuz qahramon” deb topilgan.
Ammo bu mashhurlik yaxshi oqibatlarga olib kelmadi. 2014-yilda Glison kino sanoatini tark etishini e’lon qildi. Sababi esa Joffrining serialdagi nafratga to‘la xarakteri tufayli tomoshabinlar tomonidan boshlangan haqorat va tazyiqlar edi. Joffri obrazi chinakamiga jirkanch bo‘lgan: u onasining erkatoy o‘g‘li bo‘lgan, atrofdagilarga zulm qiladigan va hatto ko‘ngilxushlik uchun odam o‘ldirgan.
“Ko‘chada odamlar yonimga kelib, mendan qanchalik nafratlanishlarini aytishardi. Bu aktyor uchun eng katta maqtov”, degan Glison. Ba’zilar undan hatto: “Nega Eddard Starkni o‘ldirding?”, deb so‘rashgan.
Lena Hidi

Aktrisa “Taxtlar o‘yini”da Joffrining onasi — Sersiya Lannister obrazini yaratgan va u ham kuchli nafrat to‘lqini ostida qolgan. Bu onalik tandemi ko‘pchilik tomoshabinga yoqmagan, biroq Hidi rolni a’lo darajada ijro etganini inkor etib bo‘lmaydi.
Tomoshabinlar uning obrazini ayyorlik va shafqatsizlikda ayblagan va bu norozilik uning kundalik hayotiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Hidi aytishicha, ko‘chada odamlar unga salom bermay qo‘ygan, ba’zilar esa ochiqchasiga qo‘pol so‘zlar bilan haqorat qilgan. 2012-yilda bo‘lib o‘tgan Comic-Con tadbirida esa deyarli hech kim undan dastxat olmagan.
Hoakin Feniks

“Gladiator” filmidagi yovuz imperator Kommod obrazini gavdalantirgan aktyor shunday degan:
Odamlar meni chin dildan yomon ko‘rishar edi. O‘sha payt: “Qoyil, demak, men rostdan ham rolimni ishonarli tarzda ijro etganman”, deb o‘ylaganman.
O‘shanda Feniks atigi 25 yoshda bo‘lgan. Rolini yanada chuqurroq his qilish uchun u suratga olish maydonchasida ataylab odamlar bilan janjallashgan, shu tariqa u o‘zida agressiya uyg‘otmoqchi bo‘lgan. Hattoki Maksimus rolidagi hamkasbi Rassell Krouga uni urishni taklif qilgan.
Anna Gann

Amerikalik aktrisa Anna Gann “Mashaqqatlar sari” serialidagi Skayler Uayt obrazi bilan tanilgan. U The New York Times’ga bergan intervyusida, tomoshabinlar tomonidan o‘lim tahdidlari olganini, internetda nafaqat obraz, balki shaxsiyati ham tanqid va nafratga duchor bo‘lganini aytgan.
Skaylerning xatti-harakatlari uchun meni haqiqiy hayotda o‘limga loyiq deb o‘ylashgan. Odamlar xayoliy personaj bilan haqiqat orasidagi farqni unutib qo‘yishgandi, deya eslaydi aktrisa.
Serial oxiriga borib Skayler bosh qahramon Uolterga qarshi chiqqani uchun tomoshabinlar uni “xiyonatkor” deb hisoblashgan.
Alan Rikman

Garri Potter filmlaridagi Severus Sneyp roli bilan mashhur bo‘lgan Alan Rikman ham dastlabki qismlarda tomoshabinlarning nafratiga uchragan. Ularning fikricha, Sneyp sovuq, shafqatsiz va yovuz bo‘lgan. Ammo vaqt o‘tib, film yakuniga yetgach, tomoshabinlar bu obraz ortidagi sabablarni tushungan.
Qiziqarli tomoni, Garri roli ijrochisi Deniel Redkliff hayotda ham Sneyp rolidagi Rikmandan chin dildan qo‘rqqan. Yosh Deniel suratga olish ishlarining ilk kunlarda Rikman uni chinakamiga yomon ko‘radi, deb o‘ylagan.
Ien MakDiarmid

Shotlandiyalik aktyor “Yulduzlar jangi” serialidagi imperator Palpatin obrazini ijro etgan. Uning qahramoni Dars Sidius Jedi ordenini yo‘q qilgan, Dars Veyderni tarbiyalagan va butun galaktikani urushga safarbar qilgan.
Qahramonining ushbu yovuz ishlari uchun MakDiarmidni real hayotda ham yomon ko‘rishgan. Aktyorning so‘zlariga ko‘ra, ba’zida bolalar uni ko‘rib yig‘lab yuborishgan.
Rozamund Payk

Britaniyalik aktrisa, “Oltin globus” va “Emmi” sovrindori, “Oskar” nominanti Rozamund Payk “Yo‘qotilgan” filmida Eymi Dann rolini o‘ynagan.
Uning ayyor, qasoskor obrazi tomoshabinlarda kuchli taassurot qoldirgan, hattoki ba’zilar aktrisadan haqiqatda ham qo‘rqa boshlagan. Erkaklar u bilan yonma-yon o‘tirishni istamagan holatlar bo‘lgan.
Izoh (0)