O‘zbekistonda 2030-yilga qadar davlat ishtirokida korxona tashkil etishga moratoriy joriy qilindi. Bu haqda “2025-yil uchun xususiylashtirish dasturi to‘g‘risida”gi prezident farmonida belgilandi.

Hujjatda qayd etilishicha, “O‘zbekiston-2030” strategiyasiga muvofiq, 2030-yilgacha nodavlat sektor ulushini 85 foizga yetkazish va davlat ishtirokidagi korxonalarni 6 baravarga qisqartirish bo‘yicha vazifalar ijrosini ta’minlash, davlat ishtirokidagi yirik korxonalar va tijorat banklarini transformatsiya qilish, ular tarkibidagi raqobat muhiti shakllangan sohalardagi korxonalar sonini kamaytirish hamda xususiylashtirish jarayonlarini yanada jadallashtirish maqsad qilingan.
Endilikda vazirlarning xususiylashtirish va davlat-xususiy sherikchiligiga mas’ul o‘rinbosari bo‘ladi. Vazirlar Mahkamasi 2025-yil 1-mayga qadar bunday o‘rinbosarlar ro‘yxatini tasdiqlashi lozim.
Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiy sektor ulushini oshirish maqsadida 2030-yil 1-yanvarga qadar davlat ishtirokidagi korxonalarni (mudofaa va xavfsizlik bilan bog‘liq korxonalar hamda prezident qarorlari asosida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno) tashkil etishga moratoriy joriy qilinadi.
Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan ko‘chmas mulk sotib olish, davlat funksiyasi va davlat mulkiga egalik qilish mezonlariga mos bo‘lmagan korxonalarni tashkil etish tashabbusi bilan chiqishga yo‘l qo‘yilmaydi. Bozorlar va savdo majmualari ustav kapitalida mahalliy davlat hokimiyati organlarining majburiy ishtirok etishi to‘g‘risidagi talab bekor qilinadi.
Farmonga ko‘ra, 2025-yilda:
- 30 trillion so‘mlik davlat aktivlari va yer uchastkalarini sotish va kamida 10 trillion tushumni ta’minlash;
- davlat va davlat ishtirokidagi korxonalarga tegishli 115 ta jamiyat ustav kapitalidagi ulushlarni, 659 ta ko‘chmas mulk obyektini va 6,1 ming gektar yer uchastkalarini savdoga chiqarish;
- dastlabki bosqichda kamida 30 ta foydali qazilma kon va uchastkalaridan foydalanish huquqini savdoga chiqarish belgilandi.
Maydoni 10 ming metr kvadratgacha bo‘lgan davlat mulki obyektlari yuqori texnologiyali mahsulot ishlab chiqaradigan tadbirkorlarga 5 yilga to‘g‘ridan to‘g‘ri tekin foydalanishga beriladi hamda shartnoma shartlari bajarilgan taqdirda ushbu tadbirkorlarga baholangan qiymatda to‘g‘ridan to‘g‘ri sotiladi.
Boshlang‘ich narxini bosqichma-bosqich pasaytirish mexanizmi qo‘llangandan keyin ham 1 yildan ortiq muddatda sotilmagan va xaridorlar uchun jozibador bo‘lmagan ko‘chmas mulk obyektlari boshqa yuridik shaxslarning ustav kapitaliga ulush sifatida kiritiladi.
Toshkent va Nukus shaharlari, viloyatlar, tuman va shahar markazlaridagi davlat tashkilotlari va davlat ishtirokidagi korxonalar ma’muriy binolarining birinchi qavati bo‘shatilib, elektron onlayn auksion orqali tadbirkorlik subyektlariga savdo va servis obyektlarini tashkil etish uchun ijaraga beriladi. Bundan to‘liq sotiladigan va alohida ahamiyatga ega bo‘lgan ma’muriy binolar mustasno.
Davlat mulkini xususiylashtirish dasturi qabul qilingan kundan e’tiboran xususiylashtiriladigan davlat mulkini boshqa shaxsga o‘tkazish, hisobdan chiqarish, garovga qo‘yish yoki boshqa tarzda tasarruf etish, ularni xatlash va majburiy realizatsiya qilish taqiqlanadi.
Shavkat Mirziyoyev 27-mart kuni davlat mulkini xususiylashtirish bo‘yicha joriy yilgi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazganida tadbirkorlikni rivojlantirish, yer va inshootlardan samarali foydalanish maqsadida xususiylashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar qilinayotganini aytgandi. 2021-2024-yillarda 47 trillion so‘mlik davlat aktivlari sotilgan. Bu oldingi o‘n yillikdagi ko‘rsatkichdan 30 karra ko‘p.
Bular hisobiga davlat ishtirokidagi korxonalar soni 2 karra qisqardi, iqtisodiyotda davlat ulushi 13 foizga kamaydi. Xususiylashgan mulk samaradorligi ham bir necha barobar oshdi.
Majlisda xususiylashtirish sohasidagi 2025-yilgi maqsadlar belgilab olingandi.
Izoh (0)