Farg‘ona viloyatining Farg‘ona shahrida joylashgan xususiy klinikaga burun operatsiyasi uchun kirgan 33 yoshli bemor shifoxonadan o‘lik holda chiqdi. Bu haqda “Daryo”ga marhumning turmush o‘rtog‘i xabar berdi.

Xonzodabegim Husainovaning maʼlumot berishicha, turmush o‘rtog‘i Muhammadjon 10-aprel kuni kechki soat 18:00 da operatsiyaga kirgan va 22:30 da esa uning vafot etgani maʼlum bo‘lgan.
Operatsiyadan oldin yonboshidan ikkita ukol oldi. Rentgen qilishdi, hammasi yaxshi, sog‘lomsiz deyishgandi. O‘z oyog‘i bilan operatsiyaga kirib ketgandi, deydi marhumning turmush o‘rtog‘i.
Murojaatchining aytishicha, u o‘sha kuni klinikaga olib borgan farzandlarini uyiga tashlash uchun ketganida klinikadan qo‘ng‘iroq qilib, soat 20:00 da turmush o‘rtog‘ini palataga olishmoqchiligini xabar berishgan.

Kechki payt soat 20:20 larda klinikaga bordim. Borsam na shifokor bor, na hamshiralar. Hamma yoq tinch, kutib turdik. Soat 22:00 dan keyin yana so‘radim. Jonlantirish bo‘limini yopib, qulflab qo‘yishgan ekan. Erkaklarni chaqiring deyishdi. Talab qilib, ichkariga kirsak, erim o‘lib bo‘lgan va o‘rab qo‘yishgan ekan, deydi marhumning bevasi.
Marhumning yaqinlariga ko‘ra, bemor vafot etgach, shifokorlar voqea joyidan qochib ketgan.
-nFU-kfMd.avif)
Bahodir Qo‘chqorov degan shifokor operatsiya qilgandi. U viloyat shifoxonasida ishlar ekan. Biz avvaliga davlat shifoxonasiga borgandik. Shifokor men davlat shifoxonasida operatsiya qilmayman degani uchun keyin xususiyga bordik. Erim o‘lib qolganidan so‘ng shifokor klinikaning yer to‘lasiga yashiringan ekan. Men va qaynotam ularni izlab topolmay qoldik. Shifoxonadagi liftlarni ham o‘chirib qo‘yishgandi, deydi marhumning turmush o‘rtog‘i.
“Daryo” jurnalisti bilan suhbatda bo‘lgan shifokor Bahodir Qo‘chqorov operatsiyadan so‘ng qochib ketganini inkor qildi. Shuningdek, bemorni viloyat Bolalar ko‘p tarmoqli markaziy shifoxonasida faqatgina 18 yoshgacha bo‘lgan bemorlarga xizmat ko‘rsatilishi sababli davlat shifoxonasida operatsiya qilmaganini aytdi.

Bemordagi burun to‘sig‘i qiyshig‘ini to‘g‘irlash operatsiyasi ko‘ngildagidek o‘tgandi. Men shundan so‘ng bemorni anesteziolog ixtiyoriga topshirib, u yerdan ketganman. Qochib ketmaganman. O‘lim holati men operatsiyani tugatib, chiqib ketganimdan so‘ng taxminan 15-20 daqiqadan keyin sodir bo‘lgan. Jarrohlik amaliyoti hech qanday muammosiz o‘tdi, qon ham ketmadi, deydi viloyat bolalar shifoxonasida bo‘lim mudiri sifatida faoliyat yurituvchi shifokor.
Shifokorning aytishicha, odatda bunday operatsiya bir soatga cho‘ziladi.
Odatda biz operatsiyani cho‘zmaymiz. Qachonki, operatsiya yaxshi o‘tib, tugasa shunda biz ishni tugatamiz. Masalan 15 daqiqaga mo‘ljallangan amaliyot bir soatga cho‘zilishi mumkin. Bir soatga mo‘ljal qilingan operatsiya esa 15 daqiqada tugashi ham mumkin, deydi u.
Maʼlum bo‘lishicha, viloyat shifoxonasining “Lor” bo‘limi mudiri Doktor-A xususiy klinikasida ikki-uch oydan beri faoliyat yuritmoqda. Klinika faoliyat boshlaganiga ham taxminan shuncha vaqt bo‘lgan.
Yiliga shunaqa operatsiyalardan 500 tasini o‘tkazaman. O‘n yildan beri shunaqa operatsiyalarni qilaman. Shuncha vaqt davomida taxminan besh-olti mingta aynan shunday operatsiyalarni bajarganman. Men o‘z ishimni to‘liq va xatosiz bajardim. Operatsiya yakunlangach, bemorni anesteziologga topshirganman, deydi shifokor.
“Daryo” jurnalisti xususiy klinika shuningdek, mazkur operatsiyada qatnashgan anesteziolog bilan ham suhbatlashishga urindi. Biroq klinikaning ommaga eʼlon qilingan telefon raqamlariga javob bergan xodim savolni eshitgach, telefonni o‘chirib qo‘ydi. Shuningdek, klinika ayni kunda faoliyat yuritayotgan yoki faoliyati to‘xtatilganini ham bilmasligini qo‘shimcha qildi.

Bosh prokuratura axborot xizmati 2025-yilning 10-aprel kuni operatsiya natijasida vafot etgan bemor Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining viloyat boshqarmasi xodimi ekanini tasdiqladi.
Holat yuzasidan ayni kunda Farg‘ona viloyati prokuraturasi tomonidan tergovga kadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda. Tekshirish natijasi bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinadi, deydi idora axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov.
“Mitti vayn” taxallusi bilan tanilgan 27 yoshli vayner Farhod Mannopov 2023-yilning 5-mart kuni Toshkentning Chilonzor tumanida joylashgan xususiy klinikalardan birida vafot etgandi. U basseynda suzayotgan paytida boshi va burnidan jarohat olgan. Shu sabab burnini operatsiya qildirish maqsadida klinikaga borgan. Bloger Otabek Jo‘rayevning aytishicha, uning o‘limiga narkozni ko‘p berib yuborish sabab bo‘lgan. Farhod Mannopov vafoti ortidan “Star Med” klinikasi litsenziyasi to‘xtatildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi bloger vafoti yuzasidan “Omad plyus” MCHJga qarashli “StarMedSentr” klinikasida tekshiruvlar olib borilayotganini, shu sababli muassasa faoliyati vaqtincha to‘xtatilganini maʼlum qilgan. 2024-yilning 29-noyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudida “Star Med Centr” xususiy klinikasi otolaringologi A.X. hamda anesteziolog-reanimatologi J.Q.ga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, hukm e’lon qilingandi. E’lon qilingan sud hukmiga muvofiq A.X. va J.Q. Jinoyat kodeksining 117-moddasi (xavf ostida qoldirish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybsiz deb topilib, oqlandi. A.X. va J.Q. Jinoyat kodeksining 116-moddasi (kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, ularning har biriga Jinoyat kodeksining 45-moddasini (muayyan huquqdan mahrum qilish) qo‘llagan holda 2 yil tibbiyot sohasida tegishliligi bo‘yicha otolaringolog va anesteziolog-reanimatolog vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilib, 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. J.Q.ga Jinoyat kodeksining 62-moddasi (ushlab turish, qamoqqa olish yoki uy qamog‘i vaqtini hisobga olish qoidalari) tartibida o‘tash uchun 2 yil tibbiyot sohasida anesteziolog-reanimatolog shifokor vazifasida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 3 yil 6 oy 27 kun muddatga ozodlikni cheklash jazosi qoldirilishi belgilangan.
Izoh (0)