O‘zbekistonda zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilar yanada qo‘llab-quvvatlanadi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Keltirilishicha, ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, 2024-yil 1-sentyabrdan 2027-yil 1-sentyabrgacha “Hunarmand” uyushmasining a’zolari uchun belgilangan soliq imtiyozlarining zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan va “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasining a’zolari bo‘lgan YATTlarga nisbatan ham tatbiq etilishi belgilandi.
Shuningdek, mazkur yakka tartibdagi tadbirkorlarning ishlab chiqarishda foydalaniladigan ko‘chmas mulk obyektlari hamda yer uchastkalari mol-mulk solig‘i va yer solig‘idan ozod etiladi. “Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, affinaj korxonalari qo‘shimcha ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tmay quyidagi huquqlarga ham ega bo‘lishi ko‘zda tutildi:
- zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarga qimmatbaho metallarni qulay shakllar va hajmlarga keltirgan holda realizatsiya qilish;
- qimmatbaho metallardan suvenir tangalarni ishlab chiqarish va realizatsiya qilish.
Bundan tashqari, zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilar o‘zlari qimmatbaho metallardan yasagan zargarlik buyumlarining yarim tayyor mahsulotlarini boshqa zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarga realizatsiya qilish huquqiga egaligi belgilandi.
Bunda yarim tayyor mahsulotlarni realizatsiya qilish qiymati zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilar tomonidan London qimmatbaho metallar bozori uyushmasining ertalabki fiksingi bahosidan va Markaziy bankning hisob-kitob amalga oshirilayotgan kundagi kursidan kam bo‘lmagan miqdorda mustaqil ravishda belgilanishi ko‘rsatib o‘tildi.
O‘zbekistonda zargarlik sohasi

Shavkat Mirziyoyev 2024-yil iyunida zargarlik sanoatini yanada rivojlantirish, zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish va sotish faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, tayyor mahsulotlar eksportini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar taqdimotida O‘zbekistonda qazib olinayotgan oltinning atigi 6 foizi qayta ishlanib, bor-yo‘g‘i 78 million dollarlik eksport bo‘layotganini qayd etib, tadbirkorlar uchun alohida sharoitlarga ega zargarlik zonalari tashkil qilinishi, sohaga xomashyo yetkazish, mutaxassis tayyorlash, ishlab chiqarish zanjiri va sotish tizimini butunlay qayta ko‘rib chiqish muhimligini taʼkidlagan edi.
Sohadagi ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Hunarmand” uyushmasi aʼzolari uchun berilgan imtiyozlar “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasiga aʼzo bo‘lgan zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarga ham tatbiq etish taklif etilgandi.
2024-yil iyulida “Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish sohasini yanada rivojlantirish va ularning raqobatbardoshligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi. Unga ko‘ra, 2024-yil 1-noyabrdan chet elda ishlab chiqarilgan zargarlik buyumlarini, basharti ular bo‘yicha bojxona to‘lovlari amalga oshirilganligini tasdiqlovchi hujjatlar bo‘lmasa, sotuvga qo‘yish va chakana savdoda realizatsiya qilish man etildi. 2027-yil 1-yanvargacha O‘zbekistonga olib kiriladigan tayyor zargarlik buyumlariga nisbatan import bojxona bojlari 20 foizdan 10 foizgacha kamaytiriladi.
Izoh (0)