Turkiyaning Istanbul shahrida 23-aprel kuni 6,2 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Yer silkinishlari 10 soniya davom etdi. Bu haqda Yeni Şafak agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, zilzila o‘chog‘i 10 kilometr chuqurlikda joylashgan. Yer silkinishlari soat 12:49 da qayd etilgan. Bundan 36 daqiqa oldin esa Marmara dengizi akvatoriyasida 3,9 magnitudali zilzila kuzatilgan.
Istanbuldagi kuchli yer silkinishlaridan so‘ng takroriy 4,4 magnitudali zilzila qayd etilgan. Hodisa yuz bergan payt yangiliklar boshlovchisining reaksiyasi jonli efirga uzatilgan:
Rasmiylar Istanbul aholisini zilziladan zarar ko‘rgan uylarga kirmaslikka chaqirdi. O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi esa barcha o‘zbekistonliklarni osoyishta bo‘lishga, rasmiy manbalar orqali tarqatilayotgan ma’lumotlarni kuzatib borishga hamda xavfsizlik choralariga rioya qilishga chaqirmoqda.
Turkiyada 2023-yil 6-fevral kuni Qahramonmarash viloyatida 7,7 va 7,6 magnitudali zilzilalar to‘qqiz soat farq bilan sodir bo‘lgandi. Turkiya hukumati zilzilalarni “asr falokati” deb atagan. Zilzila oqibatida 53 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan, 107 mingdan ortiq kishi jarohat olgan. Turkiyalik yetakchi seysmolog Naji Geryur Istanbulda 7 va undan yuqori magnitudali zilzila ehtimoli 60 foizdan oshishini aytgandi.
Izoh (0)