Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida dunyoda yuz berayotgan iqtisodiy tebranishlarning mamlakatimiz soha va tarmoqlariga taʼsirini yumshatish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Salqin ichimliklar, maishiy texnika, farmatsevtika, alkogol va tamaki kabi mahsulotlarni markirovkalash tizimi joriy qilingan. Lekin barcha qonun-qoidalarga mos ishlayotgan tadbirkorlarning mahsulotlari bilan bir vaqtda markirovkasiz tovarlar ham bemalol sotilayotgan holatlar kuzatilmoqda. Hamma do‘konlar ham markirovka bilan ishlamagani uchun nazorat zanjiri uzilib qolmoqda.
Soliq va Bojxona qo‘mitalariga markirovkalashning ishlab chiqarish hajmiga salbiy taʼsirini kamaytirish choralarini ishlab chiqish, markirovkalash talabi bajarilishi ustidan nazoratni kuchaytirish topshirildi. Qimmat bozorlarda talab yuqori bo‘lgan ayrim tovarlar eksportiga cheklov qo‘yilgani uchun ko‘plab imkoniyatlar qo‘ldan boy berilayotgani qayd etildi.
Endilikda, 1-iyuldan boshlab birorta tovar eksportiga cheklov bo‘lmasligi eʼlon qilindi. Faqat 86 ta tovar guruhiga kirgan xomashyo va ijtimoiy ahamiyati yuqori mahsulotlarga nisbatan eksport bojlari joriy qilinadi. Bu tadbirkorlar uchun yangi imkoniyat ekani taʼkidlandi.
“Bir narsani aniq tushunish kerak. Agar tadbirkorlar qimmat bozorlarga ishlasa, ularda mahsulotni ko‘paytirish, sifatni yaxshilashga intilish, ishtiyoq ortadi, manfaat bo‘ladi”, dedi prezident.
Hozirda qandolatchilik va salqin ichimliklar tarmog‘i mahalliy sanoatning drayveriga aylanib ulgurgani va ularni qo‘llab-quvvatlash muhimligi taʼkidlandi. Shu bois shakarga aksiz to‘lovi bekor qilinishi belgilandi. Quruq sut importiga qo‘yilgan cheklovlar ham olib tashlanadi.
Buning hisobiga qariyb 40 ming odam ishlaydigan 5,5 ming qandolat va salqin ichimlik ishlab chiqaruvchi korxonalarning yillik aylanmasi kamida 50 trillion so‘mga yetadi. Hozirda 2,5 mingga yaqin restoran va kafe QQS to‘lamoqda. Yil boshidan ularga QQSning 20 foizdan 40 foizgacha qismini “keshbek” sifatida qaytarish tizimi joriy qilingan edi. Lekin hozirgacha bu imtiyozdan bor-yo‘g‘i 69 ta umumiy ovqatlanish korxonasi foydalangani ko‘rsatib o‘tildi.
Masalan, salqin ichimlik, tort, muzqaymoq kabi 200 dan ziyod mahsulot alohida-alohida sotilsa, “keshbek” berilmayapti. Vaholanki, ularga ham QQS to‘langan. Soliq qo‘mitasiga bu boradagi tushunmovchiliklarni tartibga solib, adolatli tizimni yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Prezident tadbirkorlarni o‘ylantirayotgan yana bir masalaga to‘xtaldi. Joylarda yer solig‘i va ijara to‘lovlariga oshiruvchi koeffitsiyent belgilayotganda uning biznesga taʼsirini o‘rganish, tadbirkorlarning imkoniyati va moliyaviy ahvolidan kelib chiqib, qaror qabul qilish muhimligini taʼkidladi.
“Tushumni ko‘paytirish soliq stavkasini oshirish hisobidan bo‘lmasligi kerak. Aksincha, tadbirkorga yordam berib, soliq bazasini kengaytirsak, tushum ko‘payadi, tadbirkorlar ham rozi bo‘ladi”, dedi prezident.
Endilikda tadbirkorlarga ushbu soliqlarni yilda ikkiga bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.
Izoh (0)