Rossiyaning Tomsk viloyatida og‘ir kasallikka chalingan O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarildi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Tomsk viloyatiga ishlash uchun kelgan fuqaro B.X. tanasining bir qismi ishlamay qolgani va mustaqil harakat qilish imkoniyatidan mahrum bo‘lganligi sababli ushbu viloyatdagi 2-sonli klinik shifoxonaga yotqizilgan.
Rossiyalik shifokorlar fuqaroga barcha zarur tibbiy muolajalarni amalga oshirdi.
Bemorning ahvoli og‘irligi inobatga olinib, Bosh konsulxona va Migratsiya agentligi tomonidan uning O‘zbekistonga qaytishi uchun zarur ko‘mak ko‘rsatildi hamda samolyotda vatanga kuzatib qo‘yildi.
2024-yil avgust-sentyabr oylarida xorijda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan 34 nafar bola O‘zbekistonga qaytarilgandi. Oktyabr oyida Rossiyada qarovsiz qolgan 8 oylik chaqaloq O‘zbekistonga, ota-onasi bag‘riga qaytarildi. Moskvadagi voyaga yetmagan huquqbuzarlarni vaqtincha saqlash markazidan 4 nafar bola O‘zbekistonga olib kelindi.
O‘sha oyda Turkiyada ota-onasining qarovisiz qolib ketgan uch nafar voyaga yetmagan bola O‘zbekistonga qaytarildi. Noyabrda Dubayni tark etish taqiqlangan o‘zbekistonlik bolaga vatanga qaytishiga yordam berildi. Dekabrda Rossiyada ota-ona qaramog‘isiz qolgan 15 nafar bola O‘zbekistonga qaytarildi.
Shuningdek, Rossiyaning Tiva Respublikasi Oq Dovurak shahrida vaqtincha ishlayotgan va hujjatlarini yo‘qotgan to‘rt nafar O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarilgandi.
2025-yilning fevral oyi oxirida Rossiyada ikki bolasi bilan qiyin vaziyatda qolgan ayol O‘zbekistonga qaytarilgandi.
Avvalroq Rossiyaning Vladivostok shahrida og‘ir tan jarohati olgan O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarilgani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)