Telegram turli sabablarga ko‘ra o‘chirib tashlangan kanallar soni bo‘yicha yangi rekord o‘rnatdi. 2025-yilning boshidan messenjer 20,9 milliondan ortiq kanalni blokladi. Bu platforma tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Bu haqda Telegram’ning rasmiy saytida ma’lum qilindi.

Aniq sabablari ochiqlanmagan bo‘lsa-da, odatda keng ko‘lamli bloklash messenjer qoidalarini buzgan kanal va guruhlarga nisbatan qo‘llaniladi. Bunga spam tarqatish, firibgarlik va taqiqlangan materiallarni kiritish kabilar kiradi. Masalan, bir necha kun avval Telegram asoschisi Pavel Durov platformani tovlamachilik va “doksing” bilan shug‘ullanuvchi kanallardan tozalash jarayoni boshlanganini e’lon qilgan edi.
2025-yilda Telegram qoidabuzarlarga qarshi keng ko‘lamli ish olib bordi. Xususan, joriy yil 27-iyul kuni messenjer bir sutkada 402 mingdan ortiq kanal va guruhni o‘chirib tashladi. Shuningdek, 3-iyul kuni ham 314 mingdan ortiq kanal bloklandi, bu ham platformada qoidabuzarlarga qarshi kurashning jiddiyligini ko‘rsatadi.
Avvalroq Telegram messenjeri foydalanuvchilarga navbatdagi yangilanishini taqdim etdi. Unga ko‘ra, premium foydalanuvchilar uchun ochiq kanallardagi postlarni izlash bo‘limi paydo bo‘ldi, stories’lar mavzular bo‘yicha guruhlanib, albomlarda saqlanish funksiyasi paydo bo‘ldi, virtual sovg‘alar va foydalanuvchi reyting belgisi joriy etildi. Shuningdek, BotFather interfeysi yangilanib, bot yaratish jarayoni maxsus mini-ilova orqali yanada qulaylashtirildi.
Izoh (0)