Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer va Germaniya Federal kansleri Fridrix Mers Ikkinchi jahon urushi tugaganidan beri Buyuk Britaniya va Germaniya o‘rtasidagi eng yirik ikki tomonlama shartnomani imzoladi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.

Kensington shartnomasi deb nomlangan hujjat mudofaa, migratsiya va strategik hamkorlik kabi asosiy sohalarni qamrab oladi.
Shartnoma Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya kelishuvlari doirasida ikki tomonlama savdoni mustahkamlashni, erkin va ochiq bozorlarga sodiqlikni ta’minlashni, shuningdek, iqtisodiy o‘sish orqali bandlikni oshirish va yuqori sifatli ish o‘rinlari sonini ko‘paytirishni nazarda tutadi. Shuningdek, hujjat bilan iqlim bo‘yicha Parij kelishuvida ko‘zda tutilganidek, global isishni sanoatdan oldingi darajadan 1,5°C gacha cheklash majburiyatini tasdiqlangan.
Buyuk Britaniya bosh vaziri Kensington shartnomasini “o‘z turida birinchi kelishuv” deb atagan va u “hozirgi sharoitda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning yaqinligini” hamda yanada yaqinroq hamkorlik qilish intilishlarini aks ettirishini ta’kidlagan. Xususan, yangi kelishuv birgalikda ishlab chiqarilgan harbiy texnikalarni eksport qilishni osonlashtiradi
“Kelishuv shunchaki deklaratsiya emas, balki mamlakatlarimiz qanchalik yaqinligi va kelajakdagi qo‘shma rejalarimiz qandayligini ko‘rsatuvchi tarixiy hujjatdir. Men ushbu beqarorlik davrida mamlakatlarimiz va hukumatlarimiz o‘rtasidagi yaqin munosabatlar ayniqsa muhim ekanidan juda mamnunman”, deydi Starmer.
Germaniya kansler Mers Kensington shartnomasi imzolanishi chog‘ida bu Ikkinchi jahon urushidan beri Buyuk Britaniya va Germaniya o‘rtasidagi birinchi shartnoma ekanligini bilgach “hayratga tushganini” aytgan.
“Siz Yevropa Ittifoqida edingiz va biz bu yetarli deb o‘ylardik. Lekin endi biz buning yetarli emasligini tushunib yetdik, shuning uchun biz bu yo‘nalishda ko‘proq ish qilishimiz kerak”, dedi u.
Izoh (0)