Bundan bir necha kun oldin Britaniya shahzodasi Uilyamsning do‘sti, milliarder Sanjay Kapur ari chaqishi tufayli halok bo‘ldi. Bu ish avtomobillar uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqaruvchi kompaniya egasi bo‘lgan Sanjay polo o‘yinini o‘ynayotganda sodir bo‘lgan. Milliarder ari chaqqandan so‘ng hushini yo‘qotgan va qayta o‘ziga kelmagan. Quyida g‘ayrioddiy va shubhali tarzda o‘lim topgan mashhurlar haqida hikoya qilamiz.

2025-yil 13-iyun kuni taniqli tadbirkor, asosan avtomobillar uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqaruvchi Sona Comstar kompaniyasi egasi milliarder Sanjay Kapur ari chaqishi tufayli halok bo‘ldi.
Britaniya pasportiga ega bo‘lgan bu shaxs mashhur hind aktrisasi Karishma Kapurning sobiq turmush o‘rtog‘i, shuningdek, Britaniya shahzodasi shahzoda Uilyamsning yaqin do‘sti hisoblanadi.
53 yoshda bo‘lgan Sanjay Kapur polo o‘yinini o‘ynayotganda ari uning og‘ziga kirib ketgan va chaqib olgan. Shunda milliarder yurak xurujiga uchragan va hushini yo‘qotgan. So‘ng o‘ziga kelmasdan vafot etgan.
Tarixda bunday g‘ayrioddiy, ahmoqona va ta’bir joiz bo‘lsa kulgili o‘lim topgan insonlar juda ko‘p. Qo‘yida ularning ayrimlari qanday o‘lim topgani haqida hikoya qilamiz.
Sharfga o‘ralib o‘lgan raqqosa

Raqqosa Aysedora Dunkan yilning to‘rt faslida ham bo‘yniga uzun sharf tashlab yurishni juda yoqtirar edi. Oxir-oqibat ana shu sharflardan biri uning o‘limiga sabab bo‘ladi.
1927-yil 14-sentyabr kuni raqqosa Fransiyaning Nissa shahrida do‘sti bilan kabrioletda sayr qilishni xohlab qoladi. O‘shanda ham uning bo‘ynida chiroyli ipak sharfi bor edi.
Avtomobil harakatlanishni boshlaganda Aysedoraning uzun sharfi mashina g‘ildiragiga o‘ralib qoladi. Raqqosa bir muddat bo‘yniga o‘ralib qolgan sharfdan qutilishga urinadi, biroq buning iloji bo‘lmaydi.
Hodisa to‘satdan ro‘y bergani uchun haydovchi ham hech narsa qila olmaydi. Oqibatda mashhur raqqosa avvaliga bo‘g‘iladi, so‘ng bo‘yni sinib ayanchli tarzda halok bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, Yevropada ancha mashhur bo‘lgan Aysedora Dunkanni Rossiyada ham yaxshi tanishadi. Ayol mashhur shoir Sergey Yeseninning ma’shuqasi bo‘lgan va 1922-yilda u bilan oila qurgandi.
Dorilar tufayli nobud bo‘lgan aktrisa
Kino ixlosmandlariga amerikalik taniqli aktrisa Merilin Monroni tanishtirishning hojati yo‘q. 1950-yillarda Monro Gollivudning eng taniqli aktrisasi edi.
60-yillar boshlarida aktrisa tushkunlikka tushib qoladi va u rol ijro etgan bir nechta film muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. Bundan tushkunlikka tushgan aktrisa tinchlantiruvchi tabletkalar ichishga zo‘r beradi.
1962-yil 4-avgust kuni Merilin Monroning xizmatkori uni Los Anjelesdagi uyidan jonsiz holda topadi. O‘shanda bor yo‘g‘i 36 yoshda bo‘lgan aktrisa to‘shakda, qo‘lida telefonni ushlagancha jonsiz holda yotardi. Atrofda tinchlantiruvchi dorilar qutisi ham bor edi.
Sud-tibbiн ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, aktrisa vafot etishida sal avval bir nechta turdagi tinchlantiruvchi tabletkalarni qabul qilgan va ularning organizmga aks ta’siri tufayli halok bo‘lgan.
Keyinchalik, o‘sha paytlarda tushkunlikka tushib yurgan aktrisa tinchlantiruvchi tabletkalarni ko‘p miqdorda qabul qilib, shu yo‘l bilan o‘z joniga qasd qilgani aytiladi.
Ma’lumot uchun, bir necha marta turmushga qurgan Merilin Monro AQSHning 35-prezidenti Jon Kennedi e’tiboriga tushgan. Ayrim manbalarga ko‘ra, aktrisa prezident bilan ishqiy munosabatlarga kirishgan va undan homilador bo‘lgach abort qildirgan.
Dom daraksiz yo‘qolgan bosh vazir
1967-yil dekabr oyining ikkinchi yarmida Avstraliya gazetalari mamlakat bosh vaziri Garold Xolt bedarak yo‘qolgani haqida xabar tarqata boshlaydi. Ma’lumot uchun, Avstraliyani bosh vazir boshqaradi.
Katta bir davlatni boshqarib turgan shaxsning bedarak yo‘qolishi ajabtovur, aytish joiz bo‘lsa g‘alati hodisa edi.
Tafsilotlarga ko‘ra 17-dekabr kuni Garold Viktoriya shtatida joylashgan Portsi shahri yaqinidagi plyajga cho‘milishga borgan. Taxminlarga ko‘ra unga ma’shuqasi va boshqa bir nechta yaqinlari hamrohlik qilgan.
O‘sha kuni dengizda kuchli to‘lqinlar bo‘lib turganiga qaramasdan bosh vazir cho‘milishga uringan va qirg‘oqqa qaytib chiqmagan.
Bosh vazirning cho‘milayotib yo‘qolgani haqida xabar tarqagach mamlakat harbiy-havo kuchlari vertolyotlari, harbiylar, qutqaruvchilar va ko‘ngillilar uni qidirishga tushishadi. Biroq bosh vazir topilmaydi.
Shundan so‘ng Garold Xolt halok bo‘lgan deb e’lon qilinadi va 19-dekabr kuni uning o‘rnini Jon Makyuen egallaydi. Keyinchalik, ayrimlar Garold Xolt o‘z joniga qasd qilganini aytib chiqadi. Biroq bu taxmin tasdiqlanmagan.
Kosmonavtning sirli o‘limi
1961-yil 12-aprel kuni fazoga parvoz qilgach Yuriy Gagarin jahonshumul mashhurlikka erishadi. Parvozdan so‘ng u sobiq ittifoqdagi barcha respublikalarga, shuningdek, dunyoning juda ko‘p davlatlariga tashrif buyuradi.
Hamma joyda uni afsonaviy qahramon sifatida qarshilashadi. Chexoslovakiya, Finlandiya, Buyuk Britaniya, Bolgariya, Misr, Kuba, Braziliya, Kanada, Hindiston, Afg‘oniston va yana bir qator davlatlarda uni hatto mamlakat rahbari darajasida qabul qilishadi. Masalan, Britaniyaga borganida uni qirolicha Yelizaveta II va bosh vazir Harold Makmillan qabul qiladi.
1968-yil 27-mart kuni sovet OAVi afsonaviy kosmonavt Yuriy Gagarin yangi samolyotlardan birida sinov parvozini amalga oshirayotganda fojiali tarzda halok bo‘lgani haqida xabar tarqatadi.
O‘sha kuni Gagarin tajribali instruktor Vladimir Seryogin bilan yangi MiG-15 qiruvchi samolyotini sinovdan o‘tkazish uchun parvoz qilgandi. Parvoz davomida samolyot yerga urilib, parchalanib ketadi.
Halokatdan so‘ng o‘tkazilgan surishtiruvlarda samolyot asboblarining pand berishi yoki ishdan chiqqani haqida hech qanday dalil topilmagan. Rasmiy ma’lumotlarda halokatga Gagarin samolyotni boshqara turib o‘ta xavfli manyovr qilgani sabab bo‘lgan deb aytiladi.
Halokat joyidan kosmonavtning jasadi topilmagan. Sovetlar Gagarinning jasadi maydalanib, yonib ketganini aytishgan. Biroq kosmonavtning jasad bo‘laklari chiqmagani omma orasida turli shubha va gumonlarni keltirib chiqargan.
Gagarinning o‘limi bilan bog‘liq hujjatlar maxfiylashtirilgan va shu sababli oxirigacha ommaga oshkor qilinmagan. Bu esa uning o‘limi bilan bog‘liq shubhalarni battar kuchaytirgan.
Malika Dianani MI-6 xodimlari o‘ldirganmi?
Malika Diana bugun Britaniya qiroli hisoblanadigan Karl III ning sobiq rafiqasi hisoblanadi. 1997-yil 31-avgust kuni jahon OAVi malika Diana Parijda avtohalokat oqibatida halokatga uchragani haqida xabar tarqatadi.
Tafsilotlarga ko‘ra o‘shanda malika kelib chiqishi misrlik bo‘lgan milliarder Muhammad al Fayodning o‘g‘li Dodi al Fayod bilan birga ketayotgan bo‘lgan.
Ular o‘tirgan Mersedes mashinasi Parijdagi tunnellardan birida halokatga uchraydi. Oqibatda Dodi va Diana halok bo‘ladi.
O‘limidan avvalroq malika va Dodi al Fayod oila qurishi haqida gap-so‘zlar tarqalgandi. Halokatdan so‘ng ularning o‘limiga qirollik oilasi, jumladan shahzoda Charlzning qo‘li borligi haqida gap so‘zlar tarqaydi. Biroq Fransiya politsiyasi halokat uyushtirilgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi versiyani rad etadi.
O‘g‘lining o‘limidan so‘ng Muhammad al Fayod avtohalokat uyushtirilganini isbotlash uchun uzoq vaqt faol kampaniya olib boradi. Biroq Fransiya politsiyasiga buni isbotlab bo‘lmaydi. Ma’lumot uchun, Muhammad al Fayod o‘g‘lining o‘limidan so‘ng 26 yil yashadi va 2023-yil 2-sentyabr kuni vafot etdi.
Malikaning tasodifan halok bo‘lmaganini, balki o‘ldirilganini ta’kidlaydiganlar quyidagilarni dalil sifatida keltirishadi.
- Diana va Dodi al Fayod turmush qurish niyatida bo‘lishgan. Hatto malika Dodi bilan ishqiy munosabatlarga kirishgan va undan homilador bo‘lgan. Qirollik oilasi, Yelizavetta II va shahzoda Charlz esa qirollik oilasiga musulmon bolaning kirib kelishiga qarshi bo‘lishgan.
- Franisiya politsiyasi haydovchi spirtli ichimliklar ta’siri ostida bo‘lganini aytgan. Biroq Muhammad al Fayod o‘g‘lini olib yurgan haydovchi umuman ichmaydigan odam bo‘lganini va halokatdan so‘ng ekspertiza natijalari almashtirib qo‘yilganini ta’kidlagan.
- Halokatni qirollik oilasining buyurtmasi bilan Britaniyaning MI-6 xavfsizlik xizmati xodimlari uyushtirgan. Ular lazer yordamida haydovchining ko‘zini qamashtirishgan. Oqibatda u hech narsani ko‘rmay qolgan va mashina halokatga uchragan.
- Halokatdan so‘ng malikani o‘sha atrofdagi kasalxonaga yetkazmasdan negadir juda uzoqdagi kasalxonaga olib borishgan. Tez yordam mashinasi ham negadir juda sekin yurgan.
O‘z davrida “Xalq malikasi” deb nom olgan Diananing o‘z ajali bilan o‘lmagani va halokat uyushtirilgani haqida bugun ham gap-so‘zlar tinmagan. Biroq Fransiya politsiya bunday hisoblamaydi. Qirollik oilasi esa hodisaga aloqasini inkor qiladi. Nima bo‘lganda ham Diananing o‘limi shubhali tarzda kechgan.
Shubhali tarzda vafot etgan aktrisa
2000-yillarning ikkinchi yarmida Brittani Merfi Gollivudda talab ko‘p tushadigan aktrisalardan biri edi. 2009-yil 20-dekabr kuni aktrisa o‘z uyidagi yuvinish xonasidan jonsiz holda topiladi. O‘sha paytda u bor-yo‘g‘i 32 yoshda edi.
O‘lim sababini aniqlash maqsadida bir necha kun davomida aktrisaning jasadi tekshiriladi. Biroq ekspertiza natijalari oradan ikki oydan oshiqroq vaqt o‘tib, 2010-yil 25-fevral kuni e’lon qilinadi. Unga ko‘ra aktrisa juda ko‘p miqdorda turli tabletkalar qabul qilgani tufayli yurak xurujiga uchrab vafot etgan deb topiladi.
Umumiy xulosada Brittanining vafot etishi baxtsiz hodisa bo‘lgani keltiriladi. Biroq aktrisaning otasi ekspertiza xulosalariga ishonmaydi va qizining jasadini yana bir bor tekshirish uchun mustaqil laboratoriya yollaydi. Aktrisaning tanasidan, sochlaridan bir necha turdagi og‘ir toksik metallar izlari topiladi. Shunda aktrisaning otasi qizi qotillik qurboni bo‘lganini aytib chiqadi. Ammo rasmiy idoralar buni rad etishadi.
Oradan olti oy o‘tgach 2010-yil 23-may kuni to‘satdan Brittanining eri Saymon Monjek ham shubhali tarzda vafot etadi. Vrachlar uning o‘limi ham xuddi Brittanida bo‘lgani kabi juda ko‘p miqdorda turli dorilar qabul qilingani ortidan sodir bo‘lganini aytib chiqishadi.
Shundan so‘ng Brittanining otasi qizi va kuyovini AQSH maxsus xizmat xodimlari o‘ldirganini aytib chiqadi. Brittanining otasi bu ayblovni bekorga ilgari surmagandi.
O‘limidan sal avval Brittani AQSH bojxonasini ayblab chiqqan Juliya Devis ism-sharifli mutasaddi ayolni qo‘llab chiqqandi. Shundan so‘ng aktrisaga bir necha marta anonim qo‘ng‘iroqlar bo‘lgan va unga tahdid qilishgan.
O‘shanda Brittani o‘z xavfsizligi uchun yashab kelgan uyining barcha tomonlariga kuzatuv kameralari o‘rnattiradi. Uyini 24 soat kuzatadigan qo‘riqchilar yollaydi. Barcha kirish eshiklariga barmoq izi yordamida ochiladigan qulflar o‘rnattiradi. Biroq bu choralar naf bermaydi va ko‘p o‘tmay aktrisa shubhali tarzda halok bo‘ladi.
Aktrisaning o‘limi bilan bog‘liq jinoyat ishi ancha yillar avval yopilgan. Biroq Brittanining o‘limi bilan bog‘liq mish-mishlar, shubha va gumonlar hamon tingani yo‘q.
Shubhali tarzda vafot etgan qo‘shiqchi
1990-yillarda Nirvana Amerikadagi mashhur guruhlardan biri edi. Shuningdek, uning solisti Kurt Kobeyn ham taniqli qo‘shiqchi hisoblanardi.
1994-yil 8-aprel kuni Kurtning uyiga ta’mirlash ishlarini bajarish uchun kelgan elektrik tasodifan bog‘da dov-daraxtlar orasidagi pana joyda yotgan jasadga duch keladi. Elektrik darhol politsiyaga xabar beradi. Politsiya jasad Kurt Kobeynga tegishli ekanini aniqlaydi.
Sud-tibbiy ekspertizasi Kurt bosh qismiga otilgan o‘q tufayli halok bo‘lganini aniqlaydi. Jasad yotgan joydan topilgan o‘qotar qurolda Kurtning barmoq izlari aniqlanadi.
Shuningdek, tekshiruvlar jarayonida Kurtning organizmidan ko‘p miqdorda giyohvand moddalar izlari topiladi. Vrachlar u giyohvand moddalarni ko‘p miqdorda iste’mol qilgani tufayli o‘limidan avval organizmini boshqara olmaydigan darajada bo‘lganini aytishadi.
Shunda omma orasida “agar u o‘z tanasini boshqara olmaydigan darajada sarxush bo‘lgan bo‘lsa, unda qanday qilib o‘ziga o‘q uzgan?” degan savollar paydo bo‘ladi.
Shundan so‘ng qo‘shiqchini uning xotini o‘ldirgan degan gap-so‘zlar tarqaydi. Chunki Kurt halok bo‘lgandan so‘ng uning bir necha million dollar mablag‘i avtomatik tarzda meros sifatida xotiniga o‘tadi.
Bu orada xususiy detektivlardan biri mustaqil surishtiruv olib boradi va sal avval qo‘shiqchining xotini erini o‘ldirish uchun qotil yollashga uringanini aniqlaydi. Biroq Kurtning xotini Kortni Lav barcha ayblovlarni rad etadi.
Oxir-oqibat politsiya qo‘shiqchi o‘z joniga qasd qilgan degan rasmiy xulosa beradi. Biroq hanuzgacha Kurt qotillik qurboni bo‘lgani haqida gap-so‘zlar tingani yo‘q.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Izoh (0)