Yevropa Ittifoqi bundan 26 yil muqaddam 1-noyabr kuni tuzilgan. Ikki jahon urushi oqibatida vayronaga aylangan, mustamlakalaridan birin-ketin ayrilgan Yevropa dunyoda birinchilikni AQSh va SSSRga berib qo‘ygan edi. Ammo ittifoq tuzilishi uning yana jiddiy xalqaro kuchga aylanishiga, ko‘p sohalarda ilg‘orlashiga olib keldi.
“Daryo” kolumnisti Nurbek Alimov ittifoqning o‘tmishi va buguni haqida hikoya qiladi.
Yevropa qit’asidagi 28 davlatining iqtisodiy va siyosiy birlashmasi bo‘lgan Yevropa Ittifoqi 1993-yil 1-noyabrda kuchga kirgan Maastrixt shartnomasi asosida tuzilgan.
Tarixan Yevropa hududida, Yevropa Ittifoqi bilan taqqoslanadigan birlashgan davlat tuzilmalari mavjud bo‘lgan. Masalan, G‘arbiy Rim imperiyasi, Franklar davlati va Muqaddas Rim imperiyasi. So‘nggi ming yillikda Yevropa parchalanib ketdi. Yevropa Ittifoqini yaratish g‘oyasi birinchi marta AQSh mustaqilligi uchun urushdan keyin paydo bo‘lgan va Napoleon Bonapart tomonidan ilgari surilgan.
Yevropani birlashtirish g‘oyasi Ikkinchi jahon urushidan keyin yana avj oldi. Uning harakatlantiruvchi kuchlari quyidagilardan iborat edi:
1) Yevropa xalqlari anglangan tinchlik zarurati;
2) urush oqibatida vayron bo‘lgan iqtisodiyotni tiklash uchun G‘arbiy Yevropa mamlakatlari o‘rtasida iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish zaruriyati;
3) AQSh va SSSR asosiy kuchga aylangan ikki qutbli dunyo tizimini shakllantirish. Shuningdek, mustamlakachilik tuzumining qulashi natijasida G‘arbiy Yevropa avvalgi siyosiy vaznini va ko‘plab bozorlarini yo‘qotgani.
Birlashgan Yevropa uchun urushdan keyingi harakatning boshlang‘ich nuqtasi Buyuk Britaniya davlat arbobi Uinston Cherchillning 1946-yil 19-sentabrda Syurix universitetida o‘qigan “Yevropa fojiasi” nutqi hisoblanadi. Unda Cherchill yevropaliklarni “milliy nizolarga”, birinchi navbatda, fransuz-nemis qarama-qarshiligiga chek qo‘yishga va qit’ada “Yevropa Qo‘shma Shtatlariga o‘xshash narsani” shakllantirishga chaqirdi.
1948-yil may oyida Gaagada Yevropa Kongressi bo‘lib o‘tdi. Unda Yevropaning 16 mamlakati vakillari, shuningdek, AQSh va Kanadadan kelgan kuzatuvchilar turli integratsiya rejalarini – federal davlat yaratishgacha bo‘lgan loyihalarni muhokama qildi. Kongressning real natijasi 1949-yil may oyida ish boshlagan Yevropa Kengashining tashkil etilishi edi. Dastlab u iqtisodiyot, ijtimoiy rivojlanish, madaniyat, qonunchilik, fan va texnika sohalarida hamkorlik qildi. Hozirda Yevropa Kengashining faoliyati inson huquqlarini ta’minlash va himoya qilishga qaratilgan.
Yevropa integratsiyasining birinchi bosqichi
1951-yil 18-aprelda Germaniya, Belgiya, Niderlandiya, Lyuksemburg, Fransiya va Italiya Parijda 50 yil muddatga “Yevropa ko‘mir va po‘lat jamiyati” (ECSC — European Coal and Steel Community) to‘g‘risida shartnoma tuzdi. Shartnoma 1952-yil iyul oyida kuchga kirdi. Uning asosiy vazifalari ko‘mir va po‘latning umumiy bozorini yaratish, ko‘mir va metallurgiya sanoatida ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, mehnat sharoitlarini yaxshilash va bu sohalarda bandlik muammolarini hal qilishdan iborat edi. Shartnoma Yevropada tinchlikni mustahkamlash va xalqlarning birlashishi uchun zamin yaratishga qaratilgan edi. Ko‘mir qazib olish va po‘lat ishlab chiqarishni xalqaro nazoratga o‘tkazish orqali shartnoma taraflari ikkita muammoni hal qildi: milliy iqtisodiyotni modernizatsiya qilishga yordam berdi (keyinchalik bu metallurgiya va og‘ir sanoat uchun asos bo‘lib xizmat qildi) va mamlakatlardan biri yangi urushga tayyorlanish imkoniyatini yo‘q qildi.
Buyuk Britaniya milliy suverenitetini cheklashdan qo‘rqib Yevropa hamjamiyatiga a’zo bo‘lishdan bosh tortdi.
Iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish maqsadida 1957-yilda xuddi shu olti davlat Yevropa iqtisodiy hamjamiyatini (YeIH, Umumiy bozor) (EEC — European Economic Community) va Yevropa atom energiyasi hamjamiyatini (Euratom — European Atomic Energy Community) tuzdi.
Yevropa hamjamiyatlarining zamonaviy Yevropa Ittifoqiga aylanishi va rivojlanishi jarayoni bir vaqtning o‘zida ko‘payib borayotgan boshqaruv funksiyalarini milliy darajaga (Yevropa integratsiyasi deb ataladigan jarayon yoki davlatlar ittifoqini chuqurlashtirishga) o‘tkazish bilan bir vaqtda tuzilmaviy evolyutsiya va institutsional birlashtirilgan davlatlarning bloklari orqali sodir bo‘ldi. Bu esa Yevropa hamjamiyatlari (va keyinchalik Yevropa Ittifoqi) ishtirokchilari sonini oltidan 28 gacha ko‘payishiga olib keldi.
Yevropa integratsiyasining ikkinchi bosqichi
1960-yil yanvar oyida Buyuk Britaniya va Yevropa iqtisodiy hamjamiyatiga kirmaydigan boshqa davlatlar muqobil tashkilot – Yevropa erkin savdo uyushmasini tuzdi. Ammo Buyuk Britaniya tez orada Yevropa iqtisodiy hamjamiyati yanada samaraliroq birlashma ekanligini anglab etdi va YeIHga qo‘shilishga qaror qildi. Uning ortidan Irlandiya va Daniya ergashdi, ularning iqtisodiyoti Buyuk Britaniya bilan savdoga juda bog‘liq edi.
1961–1963-yildagi birinchi urinish, Fransiya prezidenti de Gollning Yevropa iqtisodiy hamjamiyatiga yangi a’zolarni kiritish to‘g‘risidagi qarorga veto qo‘ygani sababli muvaffaqiyatsiz yakunlandi. 1966–1967-yillardagi qo‘shilish bo‘yicha muzokaralar natijasi ham shunga o‘xshash yakun topdi.
1967-yilda uchta Yevropa hamjamiyati (Yevropa ko‘mir va po‘lat assotsiatsiyasi, Yevropa iqtisodiy hamjamiyati va Atom energiyasi Yevropa hamjamiyati) Yevropa hamjamiyatiga birlashdi.
Bu ish 1969-yilda general Sharl de Goll o‘rnini Jorj Pompidu egallagandan so‘ng boshlandi. Bir necha yillik muzokaralar va qonunlarni moslashtirishdan so‘ng Buyuk Britaniya Yevropa Ittifoqiga 1973-yil 1-yanvarda a’zo bo‘ldi.
Yagona valyuta sari yo‘l
Yevropa Ittifoqining yagona valyuta bo‘yicha birinchi rejasi 1970-yildan boshlanadi. Pul barqarorligini ta’minlash uchun Yevropa Ittifoqi a’zolari o‘z valyutalarining bir-biriga nisbatan faqat tor doirada o‘zgarishiga ruxsat berishga qaror qilishdi. 1972-yilda yaratilgan almashinuv kursi mexanizmi (ERM) 30 yildan keyin yevroni joriy qilish yo‘lidagi birinchi qadamdir.
70-yillarda tabiat ifloslanishini nazorat qilish kuchaygan. YeH ekologik qonunlarni qabul qildi va birinchi marta “ifloslovchi to‘laydi” tushunchasini kiritdi. Greenpeace kabi nufuzli tashkilotlar tashkil etildi. 1972-yilda Irlandiya, Daniya va Norvegiyada YeH referendumlari bo‘lib o‘tdi. Irlandiya (83,1 foiz) va Daniya (63,3 foiz) aholisi Yevropa hamjamiyatiga qo‘shilishni qo‘llab-quvvatladi, biroq Norvegiyada bu taklifni ko‘pchilik qabul qilmadi (46,5 foiz). Daniyada xalq hukumatning yagona evro valyutasiga o‘tmaslikni va’da qilganidan keyingina qo‘shilish bo‘yicha referendumda ovoz berdi, shuning uchun Daniyada hanuz krona muomalada.
1973-yilda Isroilga YeHga kirish taklifi keldi. Biroq “Qiyomat kuni urushi” tufayli muzokaralar to‘xtatildi.
Birdamlikni namoyish etish uchun Yevropa Ittifoqi rahbarlari Yevropa mintaqaviy rivojlanish jamg‘armasini tuzdi. Uning maqsadi yo‘llar va kommunikatsiyalarni yaxshilash, investitsiyalar jalb qilish va yangi ish o‘rinlari yaratish uchun pulni boy hududlardan kambag‘al hududlarga o‘tkazish edi. Ushbu turdagi faoliyat YeH xarajatlarining uchdan bir qismini tashkil qiladi. 1975-yilda Isroil EIHga a’zo bo‘lish o‘rniga assotsiatsion hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzoladi.
Gretsiya YeHga a’zo bo‘lish uchun 1975-yil iyun oyida murojaat qildi va 1981-yil 1-yanvarda jamiyat a’zosi bo‘ldi.
1979-yilda Yevropa parlamentiga birinchi to‘g‘ridan to‘g‘ri saylov bo‘lib o‘tdi. Yevropa hamjamiyati fuqarolari birinchi marta to‘g‘ridan to‘g‘ri Yevropa parlamenti a’zolarini sayladi. A’zolar milliy delegatsiyalar bo‘yicha emas, balki Yevropa siyosiy guruhlarida (sotsialistlar, konservatorlar, liberallar, yashillar va boshqalar) o‘tiradi. Parlamentning ta’siri doimiy ravishda o‘sib bormoqda.
1985-yilda Grenlandiya ichki o‘zini o‘zi boshqarish huquqiga ega bo‘ldi va referendumdan so‘ng YeHdan chiqib ketdi.
1977-yilda Portugaliya va Ispaniya ariza topshirdi va 1986-yil 1-yanvarda Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘ldi. 1986-yil fevral oyida Lyuksemburgda Yagona Yevropa akti imzolandi, u Yevropa hamjamiyatini isloh qildi va 1993-yil 1-yanvargacha Yevropa hamjamiyatiga a’zo davlatlar uchun yagona bozorni yaratishni maqsad qildi.
Yevropa integratsiyasining uchinchi bosqichi
1992-yilda Yevropa hamjamiyatiga a’zo barcha davlatlar tomonidan Yevropa Ittifoqini ta’sis etish to‘g‘risidagi shartnoma – Maastrixt shartnomasi imzolandi. Maastrixt shartnomasi Yevroittifoqning uchta ustunini o‘rnatdi:
- iqtisodiy va monetary birlashuv;
- umumiy tashqi va xavfsizlik siyosati;
- ichki ishlar va adliya sohasidagi umumiy siyosat.
1994-yilda Avstriya, Finlyandiya, Norvegiya va Shvetsiyada Yevropa Ittifoqiga kirish bo‘yicha referendumlar bo‘lib o‘tdi. Aksariyat norvegiyaliklar yana qarshi ovoz berdi.
Avstriya, Finlyandiya (Aland orollari bilan) va Shvetsiya 1995-yil 1-yanvarda Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘ldi. Faqatgina Norvegiya, Islandiya, Shveysariya va Lixtenshteyn Yevropa erkin savdo uyushmasining a’zosi bo‘lib qolmoqda.
1997-yilda Yevropa hamjamiyati a’zolari tomonidan Amsterdam shartnomasi imzolandi (1999-yilda kuchga kirgan).
Yevropa integratsiyasining to‘rtinchi bosqichi
2002-yil 9-oktabrda Yevropa komissiyasi 2004-yilda Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish uchun o‘nta nomzod davlatni tavsiya qildi: Estoniya, Latviya, Litva, Polsha, Chexiya, Slovakiya, Vengriya, Sloveniya, Kipr va Malta. Bu mamlakatlar aholisi taxminan 75 million edi; ularning xarid qobiliyati pariteti bo‘yicha yalpi ichki mahsuloti taxminan 840 milliard dollarni tashkil qiladi, bu deyarli Ispaniya yalpi ichki mahsulotiga tengdir.
Yevropa Ittifoqining bu kengayishini uning eng ulkan loyihalaridan biri deb atash mumkin. Kiprni bu ro‘yxatga kiritishni Gretsiya talab qilgan, aks holda u rejaga veto qo‘yishi mumkin edi.
Yevropa Ittifoqining “eski” va kelajakdagi “yangi” a’zolari o‘rtasidagi muzokaralar yakunlanganidan so‘ng ijobiy yakuniy qaror 2002-yil 13-dekabrda e’lon qilindi. Yevropa parlamenti ushbu qarorni 2003-yil 9-aprelda ma’qulladi.
2003-yil 16-aprelda Afinada Yevropa Ittifoqining 15 “eski” va o‘n “yangi” a’zosi qo‘shilish to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi. 2003-yilda to‘qqiz davlatda (Kipr bundan mustasno) referendumlar o‘tkazildi va imzolangan shartnoma parlamentlar tomonidan ratifikatsiya qilindi.
2004-yil 1-mayda Estoniya, Latviya, Litva, Polsha, Chexiya, Slovakiya, Vengriya, Sloveniya, Kipr, Malta Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘ldi. Kiprning ittifoq tarkibiga kirishi orolning ikkala qismida bir vaqtning o‘zida o‘tkazilgan referendumdan so‘ng ro‘y berdi va tan olinmagan Shimoliy Kipr Turk Respublikasi aholisining ko‘p qismi orolning yagona davlatga reintegratsiya qilinishini yoqlab ovoz berdi, ammo birlashish jarayoni Gretsiya tomonidan to‘xtatildi. Gretsiya orolning shimoli turk qo‘shinlari tomonidan bosib olinishi natijalarini qonuniylashtirib qo‘yayotgan “Annan rejasi” shartlariga rozi bo‘lmadi. Natijada Kipr orolning shimoliy qismi vaqtincha Kipr Respublikasining nazoratidan tashqarida ekanligi to‘g‘risidagi eslatma bilan Yevroittifoqqa qabul qilindi.
Yangi Yevropa sari
Yevroittifoqqa a’zo bo‘lgan o‘nta yangi mamlakatning iqtisodiy rivojlanish darajasi Yevropaning o‘rtacha darajasidan ancha past bo‘lgan sharoitda ittifoq rahbarlari ijtimoiy sohaga budjet xarajatlari va qishloq xo‘jaligiga subsidiyalarning asosiy og‘irligi ularga yuklanadigan vaziyatga tushib qoldi. Shu bilan birga, bu davlatlar ittifoq budjetiga ajratmalar ulushini YaIMning 1 foizi miqdorida Yevropa Ittifoqi hujjatlari bilan belgilangan darajadan oshib ketishni xohlamadi.
Ikkinchi muammo shundaki, Yevropa Ittifoqi kengayganidan so‘ng eng muhim qarorlarni konsensus asosida qabul qilish prinsipi samarasiz bo‘lib chiqdi. 2005-yilda Fransiya va Niderdandiyada o‘tkazilgan referendumlarda Yevropa Ittifoqining birlashgan konstitutsiyasi loyihasi qabul qilinmadi va Yevropa Ittifoqi hanuzgacha bir qator fundamental shartnomalarga amal qilmoqda.
2007-yil 1-yanvarda Yevropa Ittifoqining navbatdagi kengayishi bo‘lib o‘tdi – unga Bolgariya va Ruminiya qo‘shildi. Oldinroq ittifoq bu mamlakatlarga Ruminiya va Bolgariya korrupsiyaga qarshi kurashish va qonun islohoti sohasida hali ko‘p ish qilish kerakligi haqida ogohlantirgan. Bu masalada Ruminiya, Yevropa rasmiylarining fikriga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi standartlariga javob bermagan holda iqtisodiyot tuzilishida sotsializmning uyg‘unligini saqlab qolgan.
2005-yil 17-dekabr kuni Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish uchun nomzodning rasmiy maqomi sobiq Yugoslaviyaning Makedoniya Respublikasiga berildi (2019-yil boshidan beri u rasmiy ravishda Shimoliy Makedoniya deb nomlanadi).
2005-yil 21-fevralda Yevropa Ittifoqi Ukraina bilan harakat rejasini imzoladi. Ehtimol, bu Ukrainada tashqi siyosiy strategiyasi Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishga qaratilgan kuchlarning hokimiyatga kelgani bilan bog‘liq edi. Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi rahbariyatining fikriga ko‘ra, Ukrainaning ittifoqqa to‘liq a’zoligi haqida gapirishning hojati yo‘q, chunki yangi hukumat Ukraina xalqaro standartlarga javob beradigan to‘laqonli demokratiyani isbotlashi, shuningdek, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar o‘tkazishi kerak.
2013-yil 1-iyulda Xorvatiya Yevropa Ittifoqining 28-a’zosiga aylandi.
2016-yil 23-iyunda britaniyaliklarning 52 foizi Yevropa Ittifoqidan chiqib ketishga ovoz berdi. Brexit amalga oshadigan bo‘lsa, Buyuk Britaniya ittifoqni tark etgan birinchi mamlakat bo‘ladi.
Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.
Izoh (0)