Madridning “Real” klubi braziliyalik hujumchi Rodrigo bilan uning kelajagi borasida muzokaralarni boshladi. Bu haqda insayder Fabritsio Romano xabar berdi.

24 yoshli futbolchi “qirollik klubi”ni yaxshi ko‘radi va jamoada qolishni xohlashini ma’lum qilgan. Biroq unga asosiy tarkibdan doimiy o‘rin kafolatlanmagan. Shu sababli Rodrigo faoliyatini boshqa top-klubda davom ettirish ehtimolini ham jiddiy ko‘rib chiqmoqda. Boisi qiziqish bildirayotgan jamoalar unga asosiy tarkibdan joy va yetakchilik rolini va’da qilmoqda.
Hozirda braziliyalik futbolchiga Angliyaning yetakchi klublari — “Arsenal”, “Liverpul” va “Manchester Siti” qiziqish bildirmoqda. Shuningdek, Saudiya Arabistonining “Al-Hilol” klubi ham hujumchining atrofidagi vaziyatni jiddiy tarzda kuzatib bormoqda.
Rodrigo yaqinda AQSHda o‘tgan Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida ham zaxirada qolib, kam o‘yin amaliyotiga ega bo‘ldi. Bu holat ham futbolchining jamoadan ketish qaroriga ta’sir qilmoqda.
“Real” rahbariyati futbolchini qo‘yib yuborishga tayyor, biroq unga 100 million yevrodan yuqori narx belgilangan. Transfermarkt portali esa futbolchining bozor qiymatini 90 million yevroga baholagan. Rodrigoning amaldagi shartnomasi 2028-yilgacha mo‘ljallangan.
Izoh (0)