Agar Yevropa davlatlari Tehrondan tinch yadro dasturini rivojlantirish huquqidan voz kechishni talab qilishda davom etsa, Eron ular bilan olib boriladigan muzokaralarni foydasiz deb hisoblaydi. Bu haqda islom respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi ma’lum qildi.

“Agar Qo‘shma keng qamrovli harakat rejasi bo‘yicha komissiya muvofiqlashtiruvchisi (YeI tashqi siyosat rahbari Kaya Kallas nazarda tutilmoqda) kelajakdagi har qanday muzokaralarning maqsadi “Eron yadro dasturini to‘xtatish” ekaniga ishonsa, u holda YeI va Buyuk Britaniyaning kelajakdagi muzokaralarda ishtiroki o‘z dolzarbligini yo‘qotadi va ma’nosiz bo‘lib qoladi”, deya ta’kidladi Aroqchi.
U shu tarzda Kallasning Eron yadro dasturini “to‘xtatish” bo‘yicha muzokaralarni iloji boricha tezroq qayta boshlash zarurligi haqidagi bayonotlariga munosabat bildirgan.
Eronlik diplomatning ta’kidlashicha, Kallasning bayonotlaridan kelib chiqadiki, endi u uchun Yadro qurolini tarqatmaslik shartnomasi (YQTS)ga qo‘shilgan barcha mamlakatlarning tinch atom energiyasini rivojlantirish huquqi to‘g‘risidagi qoidalari ham, yadro bitimining o‘zi va u bilan bog‘liq BMT Xavfsizlik Kengashining 2231-sonli rezolyutsiyasi ham ahamiyatsiz bo‘lib qolgan.
2015-yilda Eron hamda Buyuk Britaniya, Germaniya, Xitoy, Rossiya, AQSH va Fransiya Qo‘shma keng qamrovli harakat rejasini (QKHR) imzolab, 2002-yilda G‘arbning Tehronni yadro qurolini ishlab chiqarishda ayblashi tufayli boshlangan inqirozga barham berdi. Biroq 2018-yilda AQSH prezidenti Donald Tramp kelishuvdan chiqishini e’lon qildi va Amerikaning Eronga qarshi barcha sanksiyalarini tikladi. Bunga javoban, 2020-yilda islom respublikasi QKHR bo‘yicha o‘z majburiyatlarini qisqartirishini va Xalqaro atom energiyasi agentligi inspektorlarining mamlakat yadro obyektlariga kirishini cheklashini ma’lum qildi.
2025-yilda Eronning AQSH bilan olib borgan besh bosqichli muzokaralari Isroilning islom respublikasiga qarshi harbiy operatsiyasi boshlanishi va AQSH Qurolli Kuchlarining Eron yadro obyektlariga zarbalari tufayli natijasiz yakunlandi. Shu bilan birga, Tehron bilan Eron atomi bo‘yicha yangi kelishuv tuzishda vositachilik qila olmagan Yevropa uchligi (Buyuk Britaniya, Germaniya va Fransiya) vakillari ham muzokaralar olib bordi.
Bundan avval Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon Xalqaro atom energetikasi bo‘yicha agentlik (MAGATE) bilan hamkorlikni to‘xtatuvchi qonunni imzolangani xabar qilingandi.
Izoh (0)