Sobiq Sovet Ittifoqi hukmronligi paytida 9-may har yili Ulug‘ vatan urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alaba kuni sifatida nishonlanib kelinar edi. Ammo O‘zbekiston mustaqil bo‘lganidan keyin ushbu sana nomi o‘zgardi hamda urushga Ikkinchi jahon urushi sifatida qarash qayta tiklandi. 9-may esa Xotira va qadrlash kuni sifatida nishonlanib kelinmoqda.
Mavzuga doir:
Urush tarixi
Insoniyat tarixidagi eng qirg‘inbarot urush deya e’tirof etiladigan Ikkinchi jahon urushi rasman 1939-yil 1-sentabrdan 1945-yil 2-sentabrgacha davom etdi. Urushda dunyoning ikki harbiy-siyosiy bloki – Germaniya–Italiya–Yaponiya boshliq Berlin–Rim o‘qi hamda Buyuk Britaniya va Fransiya boshliq Ittifoqchilar qo‘shinlari to‘qnash keldi.
Uchinchi reyx deya e’tirof etilgan Gitler Germaniyasining siyosiy ambitsiyalari qarshisida ojizlik qilgan G‘arb davlatlari hukumatlarining harakatsizligi oqibatida 1939-yilning 23-avgustida Germaniya va Sovet Ittifoqi o‘zaro hujum qilmaslik to‘g‘risida yashirin bitimni imzoladi. Ushbu bitimning kelishuv nuqtasi Polsha edi.
Shu yilning 1-sentabr kuni Germaniya Polshaga bostirib kirdi va uning g‘arbiy qismlarini egallab oldi. Ushbu sana rasman Ikkinchi jahon urushining boshlanishi hisoblanadi. 3-sentabr kuni Buyuk Britaniya va Fransiya Germaniyaga urush e’lon qildi.
Germaniya bilan bir paytda Polshaga kirishi kerak bo‘lgan Sovet ittifoqi bu ishni 17-sentabrga kelib amalga oshirdi. Polsha Germaniya va SSSR o‘rtasida bo‘lib olindi. Polsha bo‘lib olinganidan keyin Stalin Finlyandiyaga bostirib kirish haqida topshiriq berdi va tarixda Sovet–fin urushi nomini olgan urush bo‘lib o‘tdi. Aslida bu Ikkinchi jahon urushining bir qismi edi. 1940-yilda Latviya, Litva va Estoniya Qizil armiya tomonidan egallandi va Sovet Ittifoqi tarkibiga qo‘shib olindi. Finlyandiyaning katta qismi egallab olindi.
1941-yil 22-iyun kuni Germaniya qo‘shinlari “Barbarossa” rejasi doirasida SSSR hududiga bostirib kirdi. Shu tariqa sovetlarning fashizmga qarshi kurashi boshlandi. Dastlab fashistlar bilan hamkorlik qilgan Sovet Ittifoqi endi Ittifoqchilar koalitsiyasiga qo‘shildi. Bu paytda Sovet Ittifoqi armiyasi ancha qoloq edi. Buning oqibatida Germaniya armiyasi 1941-yilning dekabr oyida kelib Moskvadan 20 kilometr uzoqlikkacha yetib keldi.
1941-yil 7-dekabr kuni Germaniyaning asosiy ittifoqchilaridan biri – Yaponiya AQShning Gavayi orollarida joylashgan Pyorl-Harbor harbiy bazasiga hujum qilishi AQSh urushga kirishiga sabab bo‘ldi. Bu paytgacha AQSh urushga faqat qurol sotib hissa qo‘shib turgan edi. Endi urush chinakamiga jahon miqyosiga ega bo‘ldi.
Fransiya Germaniya tomonidan egallanishidan keyin Londondan general Sharl de Goll fransuzlarni qarshilik harakatiga da’vat etdi. Mamlakatda partizanlik harakati avj oldi. Fashistlar Parijni egallananidan keyin hukumat Vishiga o‘rnashdi. Davlat ikki qismga bo‘lindi. Shimol nemislar nazoratida, janub ozod Fransiya nazoratida. Keyinchalik, Italiya Fransiyaga urush e’lon qilishi ortidan hukumat Shimoliy Afrikaga ko‘chib o‘tdi. Bu urush Afrikaga yetib borishiga zamin yaratdi.
Urush besh mintaqada davom etdi: G‘arbiy Yevropa, Sharqiy Yevropa, Osiyo, Afrika, Tinch okeani havzasi. Sovet Ittifoqining 1943–1944-yillarda sharqiy frontdagi g‘alabalaridan keyin Ittifoqchilar 1944-yil iyun oyida Fransiyaning Normandiya viloyatiga qo‘shin kiritib, ikkinch frontni ochdi. Bu esa Fransiya, u bilan birga Yevropa ozod etilishi sari qo‘yilgan muhim qadam bo‘ldi. Davomli janglardan so‘ng 1945-yil 8-maydan 9-mayga o‘tar kechasi (Moskva vaqti bilan 9-may) Vermaxt va Ittifoqchilar o‘rtasida tinchlik shartnomasi imzolandi va Germaniya taslim bo‘lganini tan oldi. 1945-yilning 2-sentabr kuni Yaponiya taslim bo‘lishi bilan urush tugadi.
Ikkinchi jahon urushi nima-yu, Ulug‘ vatan urushi nima?
Sovet va rus tarixchiligida ko‘p hollarda Ikkinchi jahon urushi nomi o‘rnida Ulug‘ vatan urushi nomini ishlatish odat bo‘lgan. Buning bir qancha sabablari bor.
Aslida Ikkinchi jahon urushi voqealari 1939-yil 1-sentabrdan 1945-yil 2-sentabrgacha bo‘lgan voqealarni qamrab oladi. Shu davr mobaynida, 1939–1941-yillarda Sovet Ittifoqi fashist Germaniyasining ittifoqchisi hisoblanar edi. Ya’ni u bilan birgalikda urushni boshlagan davlat edi. Ammo 1941-yil 22-iyun kuni Germaniya armiyasi SSSR hududiga bostirib kirishidan keyin Sovet Ittifoqi Germaniyaga qarshi jang qilishiga to‘g‘ri keldi. Aynan 1941–1945-yillar urush voqealari sovet tarixchiligi, hozirda rus tarixchiligida Ulug‘ vatan urushi nomi bilan ataladi. Aslida bu Ikkinchi jahon urushi tarkibidagi bir front urushi edi.
Aniqlab olsak. Ikkinchi jahon urushi yuqorida sanab o‘tilgan mintaqalarda 1939–1945-yillarda bo‘lib o‘tgan urush; Ulug‘ vatan urushi 1941–1945-yillarda Sovet Ittifoqi hududida bo‘lib o‘tgan va Ikkinchi jahon urushining bir qismi.
Bu nom qanday kelib chiqqan? U dastlab 1941-yilning 22-iyun kuni tongda Yuriy Levitanning Ittifoq hududida urush boshlangani haqidagi e’lonida ishlatilgan. Shuningdek, “Pravda” gazetasining 24-iyun sonida ham “Ulug‘ vatan urushi” termini qo’llanilgan («Правда», 24 июня 1941 года, № 173 (8581)). Bundan tashqari, Stalinning 1941-yil 3-iyuldagi radiomurojaatida ham “buyuk urush”, “vatan urushi” iboralari ishlatilgan. Rossiyalik tarixchi Sergey Budinskiy termin 1812-yilgi Ulug‘ vatan urushiga qiyosan ishlatilganini ta’kidlaydi. O‘shanda Napoleon Rossiyaga hujum qilgan va yengilgan. O‘sha paytda kuylangan vatan haqidagi qo‘shiq Qizil armiyada Ikkinchi jahon urushida ham kuylangani “Pravda” gazetasining 24-iyun sonida qayd etib o‘tilgan.
G‘arb manbalarida Ikkinchi jahon urushining ushbu qismi Sharqiy front (Eastern Front World War II) deb ataladi. Germaniyada esa Deutsch–Sowjetischer Krieg – Nemis-sovet urushi, Russlandfeldzug – Rossiya yurishi, Ostfeldzug – sharqiy yurish deb nomlanadi. Atama 1942-yil 20-maydagi SSSR Oliy Soveti Prezidiumi tasdiqlagan “Ulug‘ vatan urushi” ordeni ta’sis etilishi bilan rasmiy maqomga ega bo’ladi.
Ukraina Fanlar akademiyasi Tarix instituti ilmiy xodimi, Ukraina milliy xotira instituti xodimi Yana Primachenko “Ulug‘ vatan urushi” termini Stalin rejimining fashistlar Germaniyasi bilan hamkorligini yashirish maqsadida ishlab chiqilgan afsona deya hisoblaydi. Shuningdek, u Sovet ittifoqidagi hamma ham bunga qo‘shilmaganini, aksariyat Germaniya hujumini bolshevizmdan qutulish uchun imkoniyat deb hisoblaganini aytib o‘tadi. Bunga urushning dastlabki yillaridagi haddan tashqari ko‘p askar asir tushganini va Ukraina NKVDsining 1941-yil yozidagi ukrainaliklar kayfiyati haqidagi axborotini dalil sifatida keltiradi.
Shu bilan bir qatorda, Primachenko Rossiya Federatsiyasi ham mazkur atamadan hamon voz kechmaganining sababini postsovet davlatlarda o‘z ta’sirini ushlab qolish maqsadi bilan bog‘laydi.
2014-yilgi Rossiya-Ukraina inqirozidan keyin Ukraina hukumati maktab darsliklaridan “Ulug‘ vatan urushi” iborasini chiqarib tshlash haqida qaror qabul qildi. Ukraina ta’lim vaziri Sergey Kvit “Ukraina uchun urush Ulug‘ vatan urushi emas”ligini aytgan.
Markaziy Osiyoda ham mustaqillikdan keyingi davrda “Ulug‘ vatan urushi” terminidan voz kechila boshlandi. Bu borada qozog‘istonlik tarixchi Guljavhar Kokebayeva quyidagi fikrlarni aytib o’tgan:
“Ulug‘ vatan urushi” atamasi faqat moral nuqtai nazardan qabul qilingan. Buni Jahon urushi deb biladiganlar ham bor, alohida ko‘rib chiqadiganlar ham bor. Ko‘pgina tadqiqotchilar buni Ikkinchi jahon urushi deb biladi. Shuning uchun darsliklarda ularning har birining xronologiyasi aniq ko‘rsatilishi kerak.
O‘zbekiston ham mustaqillik yillarida “Ulug‘ vatan urushi” atamasidan voz kechib, o‘rniga “Ikkinchi jahon urushi” atamasini ishlatib kelinmoqda. Xo‘sh, nega? Biz uchun bu urush qanday nomlanishi to‘g‘ri bo‘ladi? So‘nggi vaqtlarda quloqqa chalinayotgan “G‘alaba kuni”, “Ulug‘ vatan urushi” iboralarining ishlatilishi nimadan darak? Bu boradagi fikrlar bilan tanishish maqsadida bir qator tarixchi, siyosatshunos va shu mavzuda yozadigan blogerlarga murojaat qildik.
Mening fikrimcha, “Ikkinchi jahon urushi” atamasi hozirgi yoshlarimizni ko‘p chalkashtirdi. Masalan, “Ikkinchi jahon urushi qachon boshlandi?” desa, ko‘pchilik 1941-yil 22-iyun deydi. Aslida Ikkinchi jahon urushi 1939-yil 1-sentabrda boshlangan. U paytda Germaniya SSSRga hujum qilmagan edi. Ikkalasining o‘rtasida 1939-yil imzolangan “O‘zaro hujum qilmaslik” haqidagi shartnoma bor edi. Hatto ikkalasi do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risida ham kelishuvga erishgan. Shuning uchun Germaniya 1939-yilda urush boshlanganda Sovet Ittifoqiga dushman emas edi. Nemislar 1-sentabr kuni Polshaga bostirib kirdi, 17-sentabr kuni SSSR qo‘shinlari ham Polshaga kirdi.Ikkalasi kelishib, Polshani bo‘lib oldi. Keyingi yili Boltiqbo‘yi respublikalari SSSRga qo‘shib olindi. Shuningdek, Moldaviya ham, Finlyandiya bilan urush boshlanib, Kareliya ham SSSRga qo‘shib olindi. Ushbu jarayonda ikki davlat o‘zaro dushman emas edi. Barcha ishlar kelishib amalga oshirildi. Shu sababli biz Ikkinchi jahon urushida nemislarga qarshi kurashdik desak, tushunmovchilik paydo bo‘ladi. Chunki SSSR Ikkinchi jahon urushining dastlabki bosqichida nemislar bilan dushman emas, balki ma’lum ma’noda ittifoqdosh bo‘lgan. Shuning uchun “Ulug‘ vatan urushi” degan atama qolishi kerak.
Tarixda tarixiy atamalar o‘sha davrda qanday qo‘llanilgan bo‘lsa, shunday ishlatiladi degan qoida bor. Bizning tarixchi olimlarni shu atamani qo‘llamaslikka majbur qilgan hukumat ham xatoga yo‘l qo‘ygan. Sababi, Ikkinchi jahon urushi bilan Ulug‘ vatan urushi o‘rtasida muddati nuqtai nazaridan ham katta farq bor. Ikkinchi jahon urushi 1939-yil 1-sentabrda boshlangan va 1945-yil 2-sentabrda tugagan, Ulug‘ vatan urushi 1941-yil 22-iyunda boshlangan va 1945-yil 9-may kuni tugagan.
Ikkinchi jahon urushi deganda juda katta ko‘lamdagi, 60 dan ortiq davlat qatnashgan urushni tushunamiz. Ulug‘ vatan urushi deganda ikkita davlat – SSSR va Germaniya o‘rtasidagi urushni tushunamiz. Farqi shunda. Shuning uchun “Ulug‘ vatan urushi” degan atama, qanday bo‘lishidan qat’i nazar, SSSR yomon bo‘lsin, tarqalib ketgan bo‘lsin, u tarixda qolgan, saqlangan atama. Shuning uchun u atamani qo‘llash kerak.
Xuddi shuningdek, bir qator tarixiy atamalarni buzib qo‘llash tushunmovchiliklarga olib kelyapti. Masalan, Ikkinchi jahon urushi yillarida juda ko‘p yurtdoshlarimiz “Sovet Ittifoqi qahramoni” unvonini olgan. 300 dan oshiq deyiladi manbalarda. Hozir televizorda, gazetalarda, boshqa yerlarda ularni “Ikkinchi jahon urushi qahramoni” degan unvon bilan taqdirlangan deb beryapti. Bu qo‘pol xato. Chunki har qanday unvon ma’lum bir yuridik hujjat asosida beriladi. Bu unvon urushdan oldin ta’sis etilgan va 1991-yil dekabrgacha bo‘lgan. O‘sha paytda olingan unvonlar o‘shanday aytilishi kerak. Atamani buzib aytish xato. Shu sababdan ikki atamaning o‘rnini almashtirish ham xato.
Ko’pchilikka hozir “Ulug‘ vatan urushi” atamasi yoqmasligi mumkin. Go‘yoki har bir sovet davrida bo‘lgan narsaga qarshi chiqsa vatanparvar bo‘lib qoladigandek o‘zini tutadiganlarga yoqmasligi mumkin. Lekin, bu SSSRni ulug‘lash emas, sovetlarni ulug‘lash emas, balki o‘zimizning ota-bobomizni ulug‘lashdir. Stalinni, Beriyani ulug‘lash emas. Davrga, atamaga nisbatan hurmatsizlik qilsak, o‘zimiznng ota-bobomizga nisbatan hurmatsizlik qilgan bo‘lamiz, ularning mehnatini, umrini, qahramonligini mensimagan bo‘lamiz.
Hozir boshdan oyoq shunaqa hurmatsizlik davom etyapti. Lekin ular o‘z davrining, o‘sha davrning qahramonlari edi, o‘sha vatanning fuqarolari edi. Endi ular o‘tib ketganidan keyin ular yashagan davrdagi atamalarni almashtirishga ma’naviy haqqimiz yo‘q. Bizga bunday huquqni hech kim bermagan.
Hozirgi kunda “Ulug‘ vatan urushi” degan atama o‘zining mafkuraviy ta’sirini yo‘qotgan. Uni hozir faqat tarixiy atama sifatida qo‘llash lozim. Chunki “Ulug‘ vatan” deb SSSRga nisbatan aytilgan. SSSR degan davlat yo‘q bo‘lib ketgan, uning tiklanish xavfi ham yo‘q. Shuning uchun bundan qo‘rqmaslik kerak. Shuning uchun bu tushuncha hozir biror bir mafkuraviy mazmunga ega emas, bor-yo‘g‘i tarixiy atama. Bu urush Ikkinchi jahon urushining tarkibiy qismi sifatida, lekin alohida ajratib ko‘rsatish uchun o‘z nomi bilan o‘rganish lozim. Chunki bu ikki davlat o‘rtasidagi urush edi. Agar kimgadir yoqmasa, buni qo‘shtirnoq ichida berib ketish kerak bo‘ladi.
Shuhrat Ergashev, O‘zRFA Tarix instituti katta ilmiy xodimi, tarix fanlari nomzodi
Ulug‘ vatan urushi – SSSR va Germaniya orasidagi 1941–1945 yillar urushining biryoqlama, mafkuraviy xolis bo‘lmagan nomi bo‘lib, u 1939-yilda boshlangan Ikkinchi jahon urushining tarkibiy qismi hisoblanadi. Ulug‘ vatan urushining xronologik doirasi va mafkuraviy mazmuni Ikkinchi jahon urushi davridagi o‘zbek xalqining tajribasiga mos kelmaydi.Birinchidan, SSSR hali “vatan”ga aylanishga ulgurmagan edi. 1941-yilda Qo‘qonda qonga botirilgan milliy davlat qurishga bo‘lgan harakatdan 23 yil, o‘zbek millatining eng oldi ziyolilarini va umuman yuz minglab o‘zbeklarni qirgan “katta terror” tugaganiga bor-yo‘g‘i uch yil bo‘lgan edi. “Bosmachilar” deb atalgan harakat O‘zbekiston hududida to 1939-yilgacha faol edi. Bular bir avlodning hayoti davomida bo‘layotgan hodisalar, bu avlod SSSRni hali vatan deb bilmas edi. Aksincha, aksariyat oilalarda qatag‘on qilingan yoki bolsheviklardan chetga qochishga majbur bo‘lganlar haqida xotira hali tirik edi. Stalin qatag‘onlari va o‘tmish haqidagi xotiralar (hamda bolsheviklardan o‘ch olish ishtiyoqi) xalqning bir qismi Turkiston legioni safida bolsheviklarga qarshi kurashishiga sabab bo‘lgan.
Ikkinchidan, O‘zbekiston zamonaviy kolonial imperiyalaridan biri bo‘lgan SSSRning koloniyasi edi, bu borada bir qator jo‘yali tadqiqotlar mavjud. Har qanday koloniya kabi o‘zbeklar o‘ziga yot bo‘lmish yevropaliklarning kolonial urushida (ha, Ikkinchi jahon urushi aynan Yevropa kolonial imperiyalarining zamonaviy urushi edi) qatnashishga majbur bo‘lgan. Masalan, hindlar ham Britaniya imperiyasining koloniyasi sifatida Afrikada Gitler qo‘shinlariga qarshi kurashishga majbur bo‘lgan. Lekin ular ushbu urushda “bobosi qatnashgani” uchungina uni “vatan urushi” deb bilmaydi.
Uchinchidan, bizning millatga hozirda ajratadigan emas, murosa qiluvchi tarix kerak. Qizil armiya safida natsistlarga kurashgan ham o‘zbek, Turkiston legioni safida bolsheviklarga qarshi kurashgan ham o‘zbek. Ya’ni o‘zbeklar uchun bu urush qaysidir ma’noda fuqarolik urushi desa ham bo‘ladi. Faqat tarixni g‘oliblar yozgani uchun va sovet propagandasi deb bizda boshqa tarafni eshitish imkoni bo‘lmadi va bo‘lmayapti.
Shuning uchun ham mustaqil O‘zbekistonda bu g‘alabaga “ezgulikning yovuzlik ustidan g‘alabasi” emas, bitta zulm imperiyasining ikkinchi zulm imperiyasi ustidan g‘alabasi sifatida qaralishi kerak. Islom Karimov bu kunni Xotira va qadrlash kuni deb nomlaganda, g‘alabaning aynan shu murosa qiluvchi talqinini taklif etgan edi. Darhaqiqat, bu kunni Rossiya propagandasining ta’sirida jinlar bazmiga aylantirmasdan, o‘ziniki bo‘lmagan urushda ikki tomonda ham majburan qatnashib, vafot etganlar xotirasini yodga olish kerak edi.
Sardor Salim, bloger, jurnalist
Yaxshi va o‘rinli savol, holbuki bugungi voqeligimizda bunday savol vujudga kelishining o‘zi shaxsan men tomondan ijobiy baholanmasa ham. Bu savolga javob oddiy va bir o‘lchamli emas, uni har xil tomondan yondashib berish mumkin. Avvalambor, Ikkinchi jahon urushi va Ulug‘ vatan urushi tushunchalarini adashtirmaslik kerak, bular har xil narsalarni bildiruvchi tushunchalardir (ya’ni bir-birining o‘rniga ishlatilishi mumkin bo‘lgan sinonim tushunchalar emas).Ikkinchi jahon urushi atamasi ostida 1939-yil 1-sentabrdan 1945-yil 2-sentabrgacha bo‘lgan davrda davom etgan harbiy to‘qnashuvlar majmuasi tushuniladi.
Ulug‘ vatan urushi atamasi esa ushbu urushning bir qismini (asosiy qismini) o‘z ichiga oluvchi, 1941-yil 22-iyun – 1945-yil 9-may oralig‘ida Germaniya va uning ittifoqchilari bilan SSSR o‘rtasida bo‘lib o‘tgan harbiy to‘qnashuv davrini anglatadi va bu atama xalqaro emas, aynan Sovet Ittifoqi tarixiy maktabi va xalqlariga tegishli.
Ushbu ikki tushuncha sovet davridayoq konkret ajratib ko‘rsatilgan. Bunga dalil – SSSRda Ikkinchi jahon urushiga bag‘ishlangan asosiy ilmiy adabiyot, 12 tomlik “Istoriya Vtoroy mirovoy voyni 1939–1945 gg.” kitobini keltirish mumkin.
Masalaga “vatan” iborasiga bog‘liq tomondan qarasak, 1941–1945-yillarda bugungi O‘zbekiston hududi va xalqi Sovet Ittifoqi deb nomlanmish yagona chegarali, yagona qonunchilik tizimi amal qilgan davlat tarkibida bo‘lganini ko‘ramiz. Shu bilan birga, o‘sha yillarda xalqimizda ushbu davlat tarkibidan chiqishga, yo unga nisbatan qandaydir adovat, yo qarshilik ham umuman bo‘lmaganini ko‘ramiz va o‘z ota-bobolarimizdan, xususan, o‘sha urush veteranlaridan surishtirib, o‘sha davrda o‘zbek xalqi uchun Sovet Ittifoqini o‘z vatani deb bilish butkul odatiy va tabiiy hol bo‘lganiga iqror bo‘lishimiz mumkin.
Germaniyaning ham alohida olingan RSFSR yo USSR yo BSSRga emas, butun boshli SSSRga hujumi va uning ushbu urush doirasidagi hujjatlangan rejalarida alohida ittifoqdosh respublikalar emas, Ittifoqning hamma xalqlari aks ettirilgani — SSSR tarkibiga kiruvchi har bir millat uchun bu aynan vatan urushi bo‘lganini ko‘rsatadi.
Bunga javoban “xo‘p, SSSRda tug‘ilib o‘sganlar uchun bu vatan urushi bo‘lgandir, lekin 1991-yildan keyingi O‘zbekistonda tug‘ilib o‘sganlar nima uchun bu urushni vatan urushi deb nomlashi kerak?” degan savollar beriladi. Bunga javoban aytish mumkinki, birinchidan, Ulug‘ vatan urushi shunchaki baholovchi (klassifikatsiyalovchi) erkin ibora emas, balki konkret tarixiy davrga oid konkret tarixiy hodisani bildiruvchi tarixiy atamadir. Tarixiy atamalar esa davrning yo joy nomining o‘zgarishi bilan o‘zgarib qolmaydi. Stalingrad jangi bugungi kunga kelib Volgograd jangiga, Troya jangi bugungi Turkiya territoriyasidagi nomiga muvofik Biga jangiga aylanib qolmaganidek.
Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, bugungi O‘zbekiston xalqi uchun Ulug‘ vatan urushi tarixiy atamasining o‘rniga Ikkinchi jahon urushi atamasi ishlatilishi na ilmiy-tarixiy, na moral jihatdan asoslanmagan. Bunday “rokirovka” faqatgina siyosiy-propagandistik maqsadlargagina xizmat qilib, o‘zi shundog‘am tarixiy jihatdan juda savodsizlashgan aholimiz yanada omilashtirilishiga olib kelishi mumkin, xolos.
Mirziyod Mirusmonov, Sovet ittifoqi tarixi bo‘yicha yozadigan bloger
9-may mustaqil O‘zbekiston uchun Ulug‘ vatan urushimi yoki Ikkinchi jahon urushi – bu savol muhim ma’naviy, tarixiy, siyosiy ahamiyatga ega. Har bir davlatning, jamiyatning qadriyatlar tizimi bo‘ladi. Bu kabi jiddiy savollar paydo bo‘lganida, o‘sha qadriyatlar tizimini tartibga solish, ularning iyerarxiyasini aniqlash orqali javob topish to‘g‘ri bo‘ladi.O‘zbekiston jamiyati va davlatchiligi uchun keyingi davrdagi eng markaziy, fundamental qadriyat deb Mustaqillik e’lon qilindi. Mustaqillik O‘zbekiston davlati yangidan tavallud topishi, millat erki va ozodligining rasmiylashtirilishi edi. Mustaqillik falsafasiga ko‘ra, O‘zbekiston tarixi va kelajagidagi barcha voqea-hodisalar, fenomenlar eng avvalo mana shu qadriyat – milliy mustaqillik orqali o‘lchanishi nazarda tutiladi.
Mustaqillik qadriyatiga ko‘ra, 9-may Ulug‘ vatan urushi deyilishi mantiqqa mutlaq teskari keladi. Bilamizki, Chor Rossiyasi 1812-yildagi Napoleon bosqiniga qarshi urushni Vatan urushi (“Otechestvennaya voyna”) deb nomlagan edi. Sobiq SSSR esa 1941–1945 yillardagi urushni esa Ulug‘ vatan urushi (“Velikaya otechestvennaya voyna”) deb, oldingi urush bilan tarixiy bog‘liqlik yaratgan edi. Bu atamani qo‘llash uchun har qanday davlat o‘zini Chor Rossiyasi yoki Rossiya Federatsiyasining tarkibiy qismi yoki abadiy koloniyasi deb e’tirof qilishi lozim bo‘ladi.
Mustaqillik falsafasiga ko‘ra, Ikkinchi jahon urushi O‘zbekiston davlati mustaqilligini ancha orqaga tashlagan voqea sifatida ham eslanadi. Ayni paytda, tarixy murakkabliklar va ziddiyatlardan ham iborat. Ya’ni, Ikkinchi jahon urushida yarim milliondan ko‘p O‘zbekiston farzandi qurbon berilgan edi, yarim milliondan ziyodi esa jarohatlanib qaytgan edi. Jamiyat bu qurbonlarga ko‘z yuma olmaydi. Shu sabab ham 9-mayni O‘zbekistonda Xotira va qadrlash kuni, ya’ni o‘tganlarni xotirlash va tiriklarni qadrlash kuni – bayram emas, motam kuni sifatida yodga olish taklif qilingan edi.
O‘zbekiston davlatchiligi, davlat mustaqilligi falsafasidan kelib chiqqanda, 9-may Xotira va qadrlash kuni deb e’tirof etilishi, bu urush Ikkinchi jahon urushi deb ta’riflanishi mantiqan va tarixan to‘g‘ri yo‘nalish edi.
Kamoliddin Rabbimov, siyosatshunos
Biz necha yillardan buyon Ikkinchi jahon urushi deb o‘rganib kelmoqdamiz va shunday davom etishi kerak. Chunki bu urush eski sovet tuzumining unsuri, belgisi bo‘ladi. Bu narsalarni muhokama qilayotganda bir narsaga e’tibor berish kerak: sovet davridan qutulganimizga, mustaqil bo‘lganimizga xursandmizmi yoki xursand emasmizmi, bizga shu kerakmi, kerakmasmi? Shu narsadan kelib chiqish kerak. Agar xursand bo‘lsak, har qanday jamiyatda shunga o‘xshash o‘tgan davr yomon davr bo‘lgan bo‘lsa, tezroq unutishga harakat qilinadi. Shuning uchun mustaqillikning dastlabki yillarida ko‘p haykallar, shunga o‘xshash belgilar yo‘q qilina boshlagan.Haqiqatan ham, Ikkinchi jahon urushi juda murakkab davr, u haqda xulosa chiqarganda ehtiyotkor yondashish lozim. Urushni qandaydir siyosiy manfaatlar yo‘lida qurol qiladiganlarga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish kerak. Davr voqealari hali juda ko‘p izlanishlanishlarni talab etadi. Jamiyat ongini propagandistik axborotdan himoya qiladigan eng to‘g‘ri yo‘l xolis axborot, xolis izlanishdir. Ushbu maqolamiz ham ana shunday xolis materillardan biri bo‘lishiga umid qilamiz.Hozirda O‘zbekistonni sovet davri bilan bog‘lab turadigan ikkita-uchta yirik voqea bor. Shulardan bittasi mana shu Ikkinchi jahon urushidir. Bunda umumiy dushmanga qarshi urushilganini tushunib turibmiz, o‘sha paytda hamma uchun vatan deb hisoblangan, vatan uchun bizning odamlarimiz, ota-bobolarimiz jonini bergan, uni bilib, anglab turibmiz. Shu bilan bir qatorda, bir narsaga e’tibor berish kerakki, mana shu unsur orqali o‘sha davrni tiklamoqchi bo‘lgan har xil kuchlar, oqimlar bor.
Bu narsa bizda ham bor, boshqa davlatlarda ham, chet davlatlarida, birinchi o‘rinda Rossiyda bor. Buni tan olish kerak. Shunday unsurlar orqali bu yerdagi o‘sha davrdagi xotiralarga nostalgiyasi bo‘lgan qatlamni, odamlarning tuyg‘ularini qitiqlaydigan, uyg‘otadigan harakatlar bor. Masalan, Georgiy lentasi, O‘lmas polk, 9-may, Ulug‘ vatan urushi degan terminlar bilan ta’sir o‘tkazishga harakat qilishadi. Keyin O‘rta Osiyoga Rossiya temir yo‘l olib keldi, Sovet Ittifoqi ayollarimizni paranjidan “xalos” qilib, jamiyatga to‘laqonli a’zo sifatida qo‘shdi, diniy aqidaparastlikka qarshi kurashdi degan gaplar, bular o‘sha davrning unsurlari, ta’sir qilishga harakat qiladi. Bu narsadan ehtiyot bo‘lish kerak.
Bu narsalarga tamomila qarshi chiqmaslik kerak, batamom rad qilmaslik kerak. To‘g‘ri, umumiy dushman bor edi, lekin shu bilan birgalikda urushdan oldingi 3–4 yilgi voqealarga ham qarash kerak. 1937-yildagi repressiv tozalash voqealari ham urushdagi jangchilarga juda qattiq ta’sir qilgan. Nima uchun ham 10 minglab askarlar asir tushganda Turkiston legioniga o‘tib ketgan? Nima uchun odamlarimiz qaytib kelishni istamagan? Ko‘pchiligi o‘sha yerlarda qolib ketgan.
Qaytib kelganlar qamalib, GULAGlarga yuborilib, yo‘q bo‘lib ketgan dom-daraksiz. Keyin urushga borganda o‘ta qattiq tartib bo‘lgan. Davlat ham askarlarga nisbatan ayovsiz munosabatda bo‘lgan. Shundan qochib ham qo‘lga tushganlar qaytib kelmagan. Vlasov armiyasining 100 minglab odamlari nemislar tomoniga o‘tib ketgan. Turkiston legioni ham tuzilgan nemislar armiyasi tarkibida. Bu narsalarga bir tomonlama baho berish juda qiyin, hozirgi holatda. Chunki bu narsani juda chuqur o‘rgangan, tag-tugi bilan tadqiq qilgan tadqiqotchilar yo‘q. Tarixchilarimizning bitta muammolaridan biri shu. Hali bizga ko‘rsatib berishgani yo‘q, aytishgani yo‘q.
Yana bir narsaga e’tibor qilish kerakki, hali urushga qatnashgan otaxonlar bor, o‘sha davr odamlari bor. Jamiyat xotirasida bor narsa hali. Shuning uchun sobiq Ittifoq davridagi har qanday voqeaga munosabat bildirayotganda, baho berayotganda, salbiy tarafini ko‘rsatishga urunishlar ularga yomon ta’sir qiladi. Bu insonlarning emotsiyalari bilan buni his qilib bo‘lmaydi. Men bu masalaga juda ehtiyotkorona yondashaman. Shu bilan birgalikda, hozir har xil shiorlar ostida ko‘tarilib chiqayotgan turli siyosiy tushunchaga ega guruhlarga ham juda ehtiyotkor qarayman. Tarixga keng qamrovli, hamma narsani hisobga olgan holda qarash kerak, deb o‘ylayman.
Yana bir narsa. G‘arbiy frontga ham juda katta e’tibor berish kerak. OAVda, ijtimoiy tarmoqlarda SSSR ta’siridan chiqib ketgan odamlarning gaplariga e’tibor beradigan bo‘lsak, har xil gaplar yuribdiki, g‘arbiy front (AQSh, Buyuk Britaniya) bo‘lmaganda edi, yengish juda katta muammo bo‘lgan bo‘lar edi. Yengganda ham eng kata asosiy zarbani SSSR qabul qilgan bo‘lar edi degan qarashlar ham mavjud. Sovet davridagi qurollarning taxminan 70 foizini AQSh ta’minlangan degan gaplar ham bor. Shuning uchun bu umumjahon qadriyati. Sovet davri bilan bog‘laydigan tomonini bo‘rttirmaslik, bunga unchalik e’tibor bermaslik kerak. Tamomila rad ham qilmaslik, butunlay haq ham deb yurmaslik kerak. Tarix shunday murakkab narsaki, baho berishda har tomonlama chuqur o‘rganib, hisoblab, keyin bir narsa deyish mumkin. Shu davr bilan shug‘ullanadigan tarixchilardan shu narsani kutib qolaman.
O‘zbekistonda ham o‘sha davrga nostalgiya bilan qaraydigan qatlam bor. Ularning nostalgiyasi shu darajaga yetib borganki, hatto mustaqillik strategiyasini, mustaqil davlat tushunchasini o‘chirib tashlaydilar. Hozir jamiyatimiz qutblashmasligiga harakat qilishimiz kerak. Chunki bu bir tomonlama yoritilsa, qutblashadi jamiyat. Har qanday siyosiy tushuncha shakllantirayotganda ikki qatlamni ham hisobga olish kerak. Siyosiy tushuncha nima orqali shakllantiriladi? Siyosiy tushuncha ommaviy axborot vositalarida chiqayotgan narsalar bilan, ilmiy muhitda, ilmiy doirada chiqarilayotgan ma’lumot bilan, kitoblar bilan shakllantiriladi. Bular mening shaxsiy tushunchalarim.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, urushni yoritayotganda faqat Sovet Ittifoqining harakatlarini emas, balki G‘arbiy frontni ham ko‘rsatish kerak. Jamiyatni qutblashtirishga xizmat qiladigan bir tomonlama talqindan qochish kerak. Davrning murakkabligini keng qamrovli tushuntirish kerak.
Farhod Maqsudov, O‘zRFA Milliy arxeologiya instituti direktori, tarixchi
Jahongir Ostonov tayyorladi.
Izoh (0)